Ozarbayjon Armaniston ustidan Gaaga sudiga da’vo kiritdi

Olam

image

Ozarbayjon Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurning noyob tabiati yo‘q qilinishi hamda ekologik zarar uchun Armanistondan kompensatsiya talab qilib, Gaagadagi doimiy arbitraj sudiga da’vo kiritdi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

“Ozarbayjon tomonidan da’vo 2025 yil 12 fevralda 1979 yilgi “Yevropada yovvoyi fauna va flora hamda tabiiy yashash muhitini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya” (Bern konvensiyasi) asosida kiritildi. Ozarbayjonning Armanistonga qarshi da’vosi Bern konvensiyasi bo‘yicha ma’lum bo‘lgan ilk davlatlararo arbitraj jarayoni hisoblanadi”, deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.

Vazirlikka ko‘ra, Ozarbayjon Armanistondan yashash muhiti va yovvoyi tabiatning ommaviy yo‘q qilinishi uchun to‘liq kompensatsiya talab qiladi. Xususan, Armaniston tomonidan Ozarbayjon hududlarini bosib olish davrida yuzlab yovvoyi tabiatning hayvonot va o‘simlik turlari va yashash muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan harakatlar, jumladan, keng miqyosli o‘rmonlar kesilishi, ekologik jihatdan samarasiz daraxt kesish, tog‘-kon qazib olish faoliyati hamda gidroelektr stansiyalar qurilishi keltirib o‘tilgan.

Vazirlik, shuningdek, Ozarbayjon ekologik muhitni, hayvon turlarini va yashash joylarini yo‘q qilish hamda ularni muhofaza qilish bo‘yicha choralar ko‘rmaslik uchun Armanistonni javobgarlikka tortish va adolatni tiklash yo‘lida harakat qilishda davom etishini bildirgan.

Bayonotga ko‘ra, 2023 yil 18 yanvarda Ozarbayjon Armanistonga ushbu dalillarga asoslanib, arbitraj jarayonini boshlash haqida bildirishnoma yuborgan. 2023 yil 15 sentyabrda Arbitraj sudi tarkibi tasdiqlangan. 2024 yil 12 aprelda esa Gaagadagi Tinchlik saroyida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida dastlabki protsessual yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon tomoniga xalqaro sudlarda o‘zaro da’volardan voz kechishni taklif qilgan edi. Xususan, u vaziyatni keskinlashtiruvchi ritorikadan voz kechish, davlat chegaralarining delimitatsiya jarayonini davom ettirish, 90 foiz tayyor bo‘lgan tinchlik shartnomasini imzolash, Armanistonning transport aloqalarini blokdan chiqarish bo‘yicha “Tinchlik chorrahasi” loyihasini amalga oshirish, o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini buzishni tekshirish bo‘yicha qo‘shma mexanizmni joriy etish, asirlar masalasini to‘liq hal qilish va bedarak yo‘qolganlar taqdirini aniqlash ustida ishlash zarurligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston Qorabog' Gaaga sudi Sharqiy Zangezur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing