Turkiya Armaniston bilan chegaralarni ochmoqchi

Olam

image

Turkiya tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida Armaniston bilan quruqlikdagi chegaralarini ochishni rejalashtirmoqda. Bu yaqin oylarda yuz berishi mumkin. Bu haqda joriy yilning 10 iyun kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili O‘nju Kecheli ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Armaniston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo-sotiqni boshlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashni yakunlagan.

“2026 yil 11 may holatiga ko‘ra, mamlakatimiz va Armaniston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo aloqalarini boshlash uchun byurokratik tayyorgarlik ishlari yakunlandi”, deydi u.

Qayd etish joiz, ushbu ikki davlat o‘rtasidagi quruqlikdagi chegaralar 1993 yildan beri yopiq edi. Birinchi bosqichda Ig‘dir viloyatidagi “Alijan” chegara punktini ochish rejalashtirilmoqda. Xabar qilinishicha, Armaniston tomoni barcha zarur tayyorgarlik ishlarini yakunlagan, Turkiya esa buni yaqin muddatda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Qarsdagi “Akyaka” punktining ochilishi ham tilga olingan.

Prognozlarga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi quruqlikdagi savdo aloqalari shu yilning yozidayoq boshlanishi mumkin. Ekspertlarning aytishicha, hozirgi sharoitda tovar ayirboshlash hajmi 300–350 million dollarga baholanmoqda, chegara ochilganidan keyin esa bu ko‘rsatkich qisqa muddat ichida 1 milliard dollargacha o‘sishi mumkin.

Bundan avvalroq Turkiya “Alijan” chegara punktini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarini sezilarli darajada tezlashtirgani ma’lum bo‘lgan. O‘shanda Ig‘dir viloyati gubernatori Firat Tasholar ishlar “yaqin orada” yakunlanishini bildirgan.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham parlament saylovlaridan so‘ng chegaralarni tezroq ochish va Anqara bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatish tarafdori ekanini aytgan.

Ma’lumot uchun, Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi chegara 1993 yilda Turkiya tomonining tashabbusi bilan yopilgan. Bu Birinchi Qorabog‘ urushi paytida Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida amalga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Nikol Pashinyan Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni faollashtirganidan so‘ng, Rossiyada Yerevanni tanqid qila boshlashdi. Keyinchalik Rossiya hukumati ba’zi choralarni ko‘rdi, xususan, ushbu mamlakatdan barcha karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishni cheklab qo‘ydi. Keyinroq Rossiyaning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkin maslahatlashuvlar uchun Moskvaga chaqirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya chegara Nikol Pashinyan Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing