Armanistondagi saylovlarda Pashinyanning partiyasi g‘alaba qozondi (video)

Olam

image

Armanistonda hukmron “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi parlament saylovlarida 50,07 foiz ovoz to‘plamoqda. Bu ma’lumot Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 94 foiz byulletenlar hisoblab chiqilganidan keyin e’lon qilindi. Bu haqda “News.am” xabar berdi.

Ikkinchi o‘rinda tadbirkor Samvel Karapetyan boshchiligidagi “Kuchli Armaniston” alyansi 23,35 foiz ovoz bilan bormoqda. Uchinchi o‘rinni esa sobiq prezident Robert Kocharyan yetakchilik qilayotgan “Armaniston” bloki 9,96 foiz bilan egallagan.

Shunday qilib, dastlabki natijalarga ko‘ra, yangi parlamentda faqat uch siyosiy kuch – “Fuqarolik shartnomasi”, “Kuchli Armaniston” va “Armaniston” bloklari vakillari bo‘ladi.

Avvalroq, Nikol Pashinyan o‘z siyosiy kuchi g‘alaba qozonganini e’lon qilgan, bu paytda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ovozlarning 20 foizdan kam qismi hisoblangan edi. U partiyasi mustaqil tarzda hukumat tuzishini ta’kidlagan.

Bu bayonot oppozitsiya tomonidan tanqidga uchradi. “Armaniston” bloki buni hokimiyatni o‘zlashtirishga urinish deb baholagan bo‘lsa, “Birlik qanotlari” rahbari Arman Tatoyan buni konstitutsiyaga zid va vakolatdan tashqari bayonot deb atadi.

Armanistonda parlament saylovlari 7 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Unda 18 siyosiy kuch – 16 partiya va 2 alyans ishtirok etdi. Parlamentga o‘tish uchun partiyalar kamida 4 foiz, ikki partiyali bloklar 8 foiz, uch va undan ortiq partiyali birlashmalar esa 10 foiz ovoz to‘plashi shart.

Armaniston parlamenti (Milliy yig‘ilish) hozirgi kunda 105 deputatdan iborat bo‘lib, ular orasida yezidi, rus, kurd va assiriy kabi millat vakillari uchun to‘rtta o‘rin ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyan Bosh vazir Nikol Pashinyanning hukmron “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi saylov natijalari rasman e’lon qilinmasidan oldin g‘alaba haqida bayonot berganini qoralab, buni hokimiyatni egallab olishga urinish deb baholagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing