Qorabog‘dagi “qora dog‘”lar. Xo‘jali qirg‘iniga 33 yil to‘ldi
Tahlil
−
27 fevral
9104Bolalarning ko‘zlari o‘yilgan, homilador ayollarning qorni yorilgan, insonlarning bosh terisi tiriklayin shilingan va boshqa shu kabi ko‘plab xunrezliklar amalga oshirilgan, hech kim, hatto ayollar, bolalar va keksalarga ham rahm qilinmagan, begunoh aholi qirg‘in tegirmonidan o‘tkazilgan – 26 fevral. Bundan 33 yil ilgari Qorabog‘dagi yuzlab ozarbayjonliklar shunday vahshiyliklar qurboni bo‘lgandi. Quyida postsovet davlatlari orasidagi eng mojaroli mintaqada joylashgan shaharchaning qonli tarixini yodga olamiz. Xo‘jali qirg‘ini!
Genotsid uchun bahona
Qorabog‘ Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida juda uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan mojaroning asosiy o‘chog‘i hisoblanishi ko‘pchilikka ma’lum. Sovet Ittifoqi parchalanish arafasida bu hudud uchun kurash avjiga chiqdi. Qorabog‘ esa bu jarayonlarga qadar Ozarbayjon tarkibida edi. Ammo hududda armanlarning etnik ustunlikka egaligi Yerevanda mazkur mintaqani egallash uchun go‘yoki bir “asos” sifatida ko‘rildi. Jumladan, 1926 yilgi aholini ro‘yxatga olishga ko‘ra, Sovet rahbariyati tomonidan tashkil etilgan tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati hududida armanlar aholining deyarli 90 foizini tashkil etgan. 1939 yilga kelib ham hududdagi etnik ustunlikda deyarli o‘zgarish bo‘lmagan. Shu yili navbatdagi ro‘yxatga olish o‘tkazilganda, ularning soni deyarli 133 ming bo‘lsa, ozarbayjonlar 14 mingni tashkil qilgan. 1979 yilga kelib esa avtonom viloyatdagi ozarbayjonlar soni migratsiya hisobiga sezilarli darajada oshib, 38 mingga yaqinlashadi. Ammo bu paytda armanlarda o‘sish o‘rniga pastlash kuzatilib, ularning soni 130 minggacha tushdi. Biroq baribir armanlar son jihatdan ancha katta ustunlikka egalicha qolayotgandi. Yuqorida aytilganidek, bu jihat Qorabog‘da qon to‘kilishi va uning tarkibidagi Xo‘jali shahrida dunyo tarixidagi eng shafqatsiz genotsidlardan biri sodir bo‘lishiga yo‘l ochdi. Arman siyosiy doiralari va xalqaro maydondagi lobbilari Sovet Ittifoqi parchalanishi arafasida va undan keyingi ilk kunlarda o‘zining jinoiy rejasini amalga oshirishga kirishdi. Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi kabi muhim va jiddiy tushuncha esa inobatga olinmadi.
Kutilgan vaziyatning yetilishi
Aslida, Xo‘jali qirg‘iniga olib boruvchi yo‘l 1980 yillarning ikkinchi yarmida SSSRdagi keskin o‘zgarishlar start olgan paytdan boshlangan. Hokimiyat tepasiga Mixail Gorbachyov kelganidan so‘ng “Oshkoralik” va “Qayta qurish” siyosati e’lon qilindi. Ilgari sukut saqlangan, ammo butun Sovet Ittifoqida ma’lum bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar keng jamoatchilik oldida oshkor muhokama qilina boshladi. 1987 yili Qorabog‘ning mahalliy armani aholisi o‘zlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan norozilik bildirib chiqdi. Qorabog‘ va Yerevandagi millatchi kuchlar esa bu norozilikdan o‘z maqsadlarini amalga oshirishga shoshildi. 1987 yil noyabrda Gorbachyovning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, arman millatiga mansub bo‘lgan mulozim Abel Aganbegyan Fransiyaga tashrif buyurdi. U Interkontinental mehmonxonasida bir guruh fransiyalik armanlar bilan suhbatlashadi. Suhbat jarayonida u Gorbachyov go‘yoki Qorabog‘ning Armaniston tarkibiga qo‘shib olinishiga rozi ekani haqida bayonot beradi. Fransiyaning kundalik kommunistik gazetasi “L’Humanité”da chop etilgan bu nutq dunyo ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzusiga aylanadi.
SSSR tarqalib ketishi arafasida G‘arb va Sharqning ayrim mamlakatlaridagi arman millatchi jamoalari “Krunk”, “Miasum” hamda Armanistonda faoliyat olib boruvchi “Qorabog‘” qo‘mitasiga moddiy yordam berish kuchaytirdi. 1988 yilning 18 fevralida Gorbachyovning milliy masalani qayta ko‘rishni kun tartibiga qo‘yishi muammoni yanada chigallashtirdi. Chunki shu harakatdan 2 kun o‘tib, 20 fevralda Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasi ish boshladi. Deputatlarning 140 nafaridan 110 nafari armanlar edi. Ular kam sonli ozarbayjonlik deputatni zalga kiritmay, Qorabog‘ni Armanistonga topshirish to‘g‘risidagi murojaatnomani tayyorlashdi. Armaniston tomoni esa bu murojaatni qabul qildi. Shundan so‘ng vaziyat borgan sari xavotirli tus ola boshladi. SSSRning parchalanishi yaqinlashgan sari sobiq mustamlakalarda 70 yil davomida Moskva tomonidan sun’iy tarzda shakllantirilgan hududiy muammolar qiziy boshladi. Armaniston esa bu jarayonni o‘z foydasiga burib yuborish payida edi. Ular buni amalga oshirish uchun qulay paytni kutardi.
1991 yil 8 dekabrda esa shu kun keldi. Rossiya imperiyasi va undan so‘ng tashkil etilgan keyingi totalitar tuzum ostidagi barcha xalqlarning orzusi ushaldi. SSSR xalqaro huquq sub’ekti sifatida tugatildi. Bungacha esa uning tarkibidagi sobiq mustamlakalarda allaqachon milliy davlatlar tashkil topib bo‘lgandi. Barcha uchun bayram bo‘lgan bu kunlar baxtga qarshi ozarbayjonliklar uchun tatimadi. Chunki 8 dekabrdan atigi 2 kun o‘tib, Qorabog‘ avtonom ma’muriyati mustaqillik referendumini o‘tkazishga qaror qildi. Bu paytda Qorabog‘dagi ozarbayjonliklar aholi umumiy sonining bor-yo‘g‘i 21 foizinigina tashkil qilardi. Shu bois referendum natijasining qanday bo‘lishini oldindan taxmin qilish mumkin edi. Kutilganidek, ozarbayjonlar ishtirok etmagan referendumda “Tog‘li Qorabog‘ respublikasi” e’lon qilindi. Chunki referendumning yakuniy natijasiga ko‘ra 99,9 foiz qatnashuvchilar “mustaqillik”ka ovoz bergandi. Ozarbayjon va Qorabog‘dagi ozarbayjonliklarning roziligi bir chetga surilgan va tashqi dunyo tomonidan tan olinmagan mazkur referendum siyosiy taranglikni eng yuqori cho‘qqiga olib chiqdi. Endi masalani hal qilish uchun ikki o‘rtada qurollardan boshqa narsa qolmadi. Qorabog‘ni esa dahshatli kunlar kutardi.
Qorabog‘dagi qichqiriqli tun. Qonga botgan Xo‘jali
Armaniston Qurolli kuchlari 1991 yilning oxirgi kunlarida Qorabog‘ni mahv etish va uni o‘ziga qo‘shib olish rejasini amalga oshirishga qat’iy kirishdi. Ular Xo‘jali va uning atrofidagi qishloqlarga olib boruvchi yo‘llarni egallab oldi. 1992 yil 25 fevral oqshomida Sobiq Sovet Ittifoqining 366-motoo‘qchi polki yordami bilan Xo‘jaliga bostirib kirildi. Armaniston kuchlari ruslarning texnik vositalaridan foydalangan holda shaharni artilleriya va tanklardan o‘qqa tutdi. Chunki Xo‘jali Qorabog‘ uchun kurashda eng muhim ob’ektlardan biri bo‘lib, buning uchun sabablar yetarlicha edi. Shaharda yirik samolyotlarni qabul qilish qobiliyatiga ega mintaqadagi yagona aeroport mavjud edi. Bundan tashqari, Xo‘jali Qorabog‘dagi ko‘plab boshqa hududlarni bir-biri bilan bog‘lovchi o‘ziga xos darvoza vazifasini o‘tardi. Maydoni 936 kvadrat kilometr bo‘lgan Xo‘jali 7 mingga yaqin aholiga ega shahar edi. Biroq bu paytda anchadan buyon davom etayotgan mojarolar tufayli aholi soni 3 mingga kamaygandi. Shuningdek, Xo‘jali ozarbayjonlar aholining ko‘pchiligini tashkil etgan Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyatidagi kamsonli aholi punktlaridan biri edi. Bu yerda asosan ozarbayjonlar istiqomat qilardi. Shu bois Qorabog‘dagi o‘ta vahshiy genotsid akti aynan shu yerda uyushtirildi.
Armanlarning bosqinchi kuchlari 26 fevral tonggi soat 05:00 da shaharni to‘liq egalladi. Bir kecha ichida qadim tarixga ega Xo‘jali yer bilan yakson qilindi. Qurollangan arman zobitlari qahraton qishda jonini saqlash umidida toqqa qochishga uringan begunoh aholini ham o‘qqa tutdi. 26 fevral tonggacha davom etgan qirg‘in 613 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Shu tariqa, arman bosqinchilari tomonidan tunda sodir etilgan jinoyat 26 fevral sanasi bilan insoniyat tarixida qora dog‘ sifatida qoldi. Chunki mazkur qatliomning tafsilotlari insonni junbishga keltirmay qo‘ymaydi.
Xususan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni halok etilgan 613 kishining 63 nafari bolalar, 106 nafari ayollar va 70 nafari keksalardir. 487 kishi esa Xo‘jali genotsidi chog‘ida og‘ir jarohatlar bilan tirik qolgan. 1275 kishi arman kuchlari tomonidan asirga olingan. Asirga olingan 150 kishi, jumladan 68 ayol va 26 bola haqida hali hanuzgacha ma’lumot yo‘q. Yanada achinarlisi shundaki, qatliom qilingan marhumlarda o‘ta og‘ir qiynoq izlari mavjud edi. Genotsid qirg‘ichidan o‘tkazilgan yuzlab begunoh ozarbayjonliklarning 56 nafari o‘ta og‘ir qiynoqlar bilan yo‘q qilingan. Ba’zilari tiriklayin yoqib yuborilgan, ba’zilarining bosh terisi shilingan, ko‘zlari o‘yib olingan, homilador ayollarning esa qorni yorilgan. Bu qirg‘inda 8 oila butunlay yo‘q qilinib, 130 bola otasi yoxud onasidan, 25 bola esa ham otasidan, ham onasidan ayrilgan.
Qochish orqali o‘zini qutqarmoqchi bo‘lgan aholining bir qismi oldindan qo‘yilgan pistirmalarda o‘ldirildi. Rossiya inson huquqlarini himoya qilish “Memorial” markazining ma’lumotiga ko‘ra, to‘rt kun mobaynida Xo‘jalidan Ag‘damga 200 nafar kishining jasadi keltirilgan, o‘nlab murdalar ustidan tahqirlash faktlari qayd etilgan. Ag‘damda 181 jasad (130 nafar erkak va 51 nafar ayol, shu jumladan, 13 nafar bola) sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ekspertiza davomida 151 nafar kishining o‘limiga o‘qdan yaralanish, 20 kishining o‘limiga oskolka jarohati, 10 kishining o‘limiga qattiq buyum bilan zarba berish sabab bo‘lgani aniqlangan. Huquqiy himoya markazi tomonidan tirik odamlarning terisini shilish faktlari ham qayd etilgan.
Ushbu qonli hodisaga guvoh bo‘lgan, oilasidan faqat go‘dak qizi va to‘rt yoshli o‘g‘linigina qutqarib qolgan ona ko‘zida yosh bilan Xo‘jalining qalbni larzaga keltiradigan tarixini shunday hikoya qiladi:
“Odamlardan, hatto, ov miltig‘ini ham tortib olishdi. Bizda o‘zimizni himoya qilish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q edi. Faqat turmush o‘rtog‘im qurolini berkitishga muvaffaq bo‘ldi. Olov ichida yonayotgan shahardan Xo‘jalining eng chekka qismiga arang yetib oldik. Keyin ta’qib etayotgan jangarilar bizga qarata o‘q uzayotganlarini ko‘rdik. Ular bizni yo o‘ldirmoqchi, yoki asirga olmoqchi edi. Erim to‘xtab, ularga qarata o‘q uzdi. U “qochinglar, sizni ushlab olishlariga yo‘l bermang!” deya qichqirardi. Oilamizning ayrim a’zolari o‘q tegib yerga yuztuban yiqilishdi. U jangarilar bilan ayovsiz jang qilardi. Men ikki bolam bilan yalangoyoq, yalangbosh yugurib, qorong‘ida shox-shabbalar orasiga yashirindim. Erimdan uzoqlashib borganim sari uning “qochinglar, yashirininglar, qo‘lga tushmanglar!” degan hayqiriqlari elas-elas eshitilardi. Biz qochib qutuldik, u esa qurbon bo‘ldi…”
Dunyoni hayratda qoldirgan jasorat – Ozarbayjon Kubrosi
Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida Qorabog‘ uchun kurash 1994 yilga qadar davom etdi. Bu orada esa ko‘plab voqealar, xususan, ozarbayjonliklar tomonidan qilingan va hali uzoq yillar ko‘pchilikning yodidan sira ko‘tarilmaydigan tarixiy jasoratlar ro‘y berdi. Jumladan, Xo‘jalida genotsid uyushtirilgan o‘sha mash’um tundan ikki oy o‘tib, Moskvadagi “Ogonyok” jurnali muxbiri Konstantin Smirnovning “Qo‘rquv” nomli maqolasi chop etildi. Mazkur maqolada italiyalik fotomuxbir Enriko Sarsi tomonidan olingan bir surat ilova qilingandi. Ushbu fotosuratda ozarbayjonlik askar – Notiq ismli yigit dushmanlar qurshovida bo‘lishiga qaramay, Ozarbayjon bayrog‘ini qo‘lida mahkam tutgancha uni yerga tashlash yoki qurollangan arman askarlariga berishdan bosh tortgani aks etgan. Bu lahzalar aks etgan sur’at o‘shanda butun dunyoni lol qoldirgan. 1991 yilda 20 yoshida Vatan himoyasiga ko‘ngilli ravishda qo‘shilgan va Ag‘dam shahrida Yoqub Rizayev boshchiligidagi “Qorabog‘ lochinlari” batalonida jang qilishni boshlagan Notiq Qosimovning jasorati quyidagicha sodir bo‘lgandi.
1992 yil mart oyida “Qorabog‘ lochinlari” batalonidan bo‘lgan 31 kishilik guruh Ag‘damning Xramort qishlog‘i yaqinidagi strategik balandlikni egallab olgan. Jang davomida qurbonlar bo‘lgan, qolganlar esa orqaga chekingan. Ushbu balandlikda joylashgan qadimiy alban cherkovida Notiq o‘zining olti do‘sti bilan qolgan. Juda og‘ir sharoitda qolgan Notiq va uning tirik qolgan safdoshlariga yordam yetib kelmagan. Tez orada uning yonida qolgan barcha safdoshlari ham halok bo‘ladi. Ammo vaziyat qo‘rqinchli nuqtaga yetganiga qaramay, Notiq jangni davom ettiradi. U besh kun davomida yolg‘iz o‘zi arman askarlariga qarshilik qiladi va egallab turgan pozitsiyasini tark etmaydi. Notiq bosqinchilarga qarshi mardonavor qarshilik ko‘rsatadi. Uning bunday mustahkam qarshiligi tufayli, cherkovda faqatgina bir kishi borligi, birgina inson bilan jang qilayotgani arman harbiylarining xayoliga kelmagandi. Ular cherkovda bir qancha ozarbayjonlik askarlar qaror topgan deb o‘ylashgan.
Shunday qilib, 5 kun davomida yolg‘iz Notiqqa qarshi hech nima qila olmagan arman harbiylari, oxir-oqibat, boshqa yo‘l tutishga majbur bo‘ldi. Ular asir olingan 20 nafar Xo‘jali fuqarosini o‘ldirish bilan tahdid qilishni boshladi. Bu xabar alban cherkoviga shu asirlar orasida tutqunlikda bo‘lgan, Xo‘jalida maktab direktori bo‘lib ishlagan Jafar Jafarov orqali yetkaziladi. Jafar Notiqning oldiga keladi. Ular o‘rtasidagi o‘zaro suhbat quyidagicha o‘tadi.
Jafar Jafarovning so‘zlari:
“Yuqoriga qaradim. Tunda namlangan uch rangli bayroq sekin-sekin hilpirardi. Bayroqqa tikilgancha yig‘ladim. U yuztuban yotardi. Yaqinlashib, yaralanganmi yoki yo‘qligini so‘radim. Zo‘rg‘a javob berdi: “yo‘q, yaralanmaganman”. Suv so‘radi. Suv yo‘q edi, shuning uchun bir necha bo‘lak quruq non berdim. Istamasa ham yedi. Keyin: “Komandirim meni bu yerga olti kishi bilan yuborgan. Uch nafarini armanlar o‘ldirdi, qolganlaridan esa xabarim yo‘q. Besh kundan beri yolg‘izman”, dedi”.
Jafar Notiqdan nega postni tashlab ketmaganini so‘raydi. Notiq esa unga shu tariqa javob beradi:
“Komandirga so‘z berganman, bayroqni va postni tashlab keta olmayman. Yordam kutdim, lekin kelmadi”.
Jafar Notiqqa armanlarning talabini yetkazadi. U esa bu talabni eshitgach, qo‘lida ikki o‘qi qolgani va oxirigacha kurashishini ma’lum qiladi. Shunda Jafar Notiqdan shu o‘qni o‘ziga otishini iltimos qilib, hech bo‘lmaganda uning o‘qidan o‘lishni istashini aytadi. Notiq esa biroz o‘ylanib, unga shunday javob beradi:
“Mayli, men sizni o‘ldirdim, lekin o‘zim tufayli 20 nafar asirning otib tashlanishiga qanday rozi bo‘laman?”
Aynan shu lahzada Notiq qarshilikni davom ettirish niyatidan voz kechadi. U 20 nafar ozarbayjonlik tutqunlar hayoti uchun arman tomonining shartiga rozi bo‘ladi va havoga o‘q uzib dushman askarlarini chaqiradi. Arman askarlari avval ikkilanib turadi, lekin o‘zlari tomonidan muzokara uchun yuborilgan maktab direktorini ko‘rgach, Notiqning yoniga kela boshlaydi. Notiq o‘zini ikki arman askariga topshiradi, ammo qo‘lidagi Ozarbayjon bayrog‘ini emas. Ular bu bayroqni uni o‘ldiribgina tortib olishlari mumkin edi. Arman askarlari dastlab Notiqning 5 kun davomida yolg‘iz o‘zi jang qilganiga ishonolmaydi. Bunga ishonish ham qiyin edi. Shuning uchun armanlar u joylashgan cherkovni yana bir bor tinimsiz o‘qqa tuta boshladi. Ichkarida hech kim qolmaganiga amin bo‘lgach, ular karaxt ahvolga tushadi. Notiqni esa qo‘llarida Vatan bayrog‘ini mahkam tutgan holda o‘zlari bilan olib ketishadi. Shu tariqa Notiq Qosimovning keyingi taqdiri noma’lumligicha qoldi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, uning qahramonligi arman kuchlarining dala qo‘mondoni Vitaliy Balasanyan va ko‘plab arman askarlari orasida juda katta vahima uyg‘otgan. Shu bois arman qo‘mondoni uni o‘ta og‘ir qiynoqlar bilan o‘ldirgani haqida taxminlar bor.
Notiqning bu jasorati bundan 800 yil oldin Urganchda Najmiddin Kubro tomonidan qilingan buyuk jasoratni yodga soladi. Faqat unda buyuk mutafakkir Najmiddin Kubro 76 yoshida jang maydonida dushman bayrog‘ini bosqinchilar qo‘lidan yulqib olgan holatda jon bergandi. Bu tarixiy jasorat Xorazmshohlar davlatiga Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullar bostirib kirgan mahalda ro‘y bergandi.
Chingizxon Urganchga bostirib kirgan paytda Shayx Najmiddin Kubro Urganchda bo‘lgan. Shahar qamalga olingan, ammo Najmiddin Kubro nomi qadimgi Xorazmdan tashqarida ham ma’lum bo‘lgan. Chingizxon u haqida juda ijobiy fikrda bo‘lgani bois shayxga oilasi bilan shaharni tark etishni taklif qiladi. Biroq Kubro qat’iyan rad etadi va Vatan uchun jang qiladi. U bosqinchilar bilan jang chog‘ida ikki bor yaralangan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi jarohatdan keyin Shayx chopon kiyib, yara izlarini yashiradi. Ikkinchi jarohatdan so‘ng, Kubro o‘z qo‘li bilan ko‘kragiga qadalgan o‘qni tortib olib, olib tashlaydi. Najmiddin Kubro kurashni davom ettiradi. Alisher Navoiyning yozishicha, u bir hamladayoq mo‘g‘ul askarining qo‘lidan dushman bayrog‘ini tortib olishga muvaffaq bo‘ladi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, u joni uzilish arafasida ham bu bayrog‘ini qo‘ldan chiqarmagani, mo‘g‘ullar o‘z bayrog‘ini qaytarib olish uchun Shayxning barmoqlarini kesishga majbur bo‘lishgani aytiladi.
Genotsidning chuqur asorati
Uzoq yillar mobaynida Qorabog‘ Armaniston bosqini ostida qoldi. Bu bilan parallel ravishda Ozarbayjonning hududiy yahlitligi tiklanish jarayoni ham ortga surildi. Ammo 2020 yilga kelib, bu adolatsizlik davri yakunlandi. Shu yilning 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi. Shundan so‘ng, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun uzoq yildan buyon kutilgan “Qasos” hujumini boshladi. Ozarbayjonning tarixiy yerlarini qaytarish jarayonida, bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi. 44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi 5 shahar, 4 ta posyolka va 286 ta qishloqni Armaniston okkupatsiyasidan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi. 2020 yil 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. Keyingi yillarda ham ozod qilish jarayoni davom etdi.
2023 yil 19 sentyabr kuni Qorabog‘da vaziyatning navbatdagi keskinlashuvi yuz berdi. Baku "mahalliy aksilterror operatsiyasi" boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. Rossiya mojaro tomonlarini qon to‘kilishini to‘xtatib, diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 28 sentyabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi prezidenti Samvel Shahramanyan 2024 yil 1 yanvardan uning faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Aholiga Baku taklif qilgan reintegratsiya shartlarini ko‘rib chiqish va qolish imkoniyati to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilish buyurildi.
Ammo Xo‘jali genotsidi dunyo tarixida sodir etilgan boshqa qatliomlar singari ozarbayjonlar tarixida juda chuqur yara qoldirdi. Xo‘jali genotsidi hali ham jonli. 2024 yil fevral oyida Xo‘jali shahri markazida olib borilgan yirik restavratsiya va qurilish ishlari doirasida qiynab o‘ldirilgan ko‘plab jasad qoldiqlari topilgani buning isbotidir.
O‘shanda holislar ishtirokida voqea joyida topilgan suyak bo‘laklari ko‘zdan kechirilib, ekspertiza va laboratoriya tekshiruvlari hamda boshqa zarur protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun olib ketilgandi. Hududdan topilgan inson jasadlari kamida 4 nafar shaxsga tegishli bo‘lib, ulardan biri voyaga yetmagan, ya’ni 4-5 yoshli bolaniki ekani taxmin qilindi. Ular eng kamida 25 yil muqaddam qiynoqqa solingani, arqon bilan bog‘lab tiriklayin ko‘milgani aniqlangan.
Unutilmagan qurbonlar xotirasi
1994 yil fevralda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi tomonidan Xo‘jali voqealari genotsid deb e’lon qilindi. O‘sha paytdan boshlab Xo‘jali fojiasi insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat sifatida keng miqyosda eslanadigan bo‘ldi. Bugungi kunga qadar 18 davlat va AQSHning 24 shtati Xo‘jali voqealarini qoralab, ularni genotsid deb tan olgan rezolyutsiyalarni qabul qilgan. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining 2010 yil 22 apreldagi qarorida Xo‘jalida sodir bo‘lgan voqea urush jinoyatlari yoki insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida baholangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xo‘jali shahrining Armaniston Qurolli kuchlari tomonidan noqonuniy bosib olinishi, davlat va xususiy mulkning yo‘q qilinishi va talon-taroj qilinishi oqibatida Ozarbayjon davlati va fuqarolariga 170 million dollar miqdorida zarar yetgan. Har yili 26 fevral kuni Ozarbayjonning elchixonalari va diaspora tashkilotlarida xotira marosimlari, anjumanlar o‘tkaziladi.