Shveysariya bankida Lola Tillyayevaga aloqador shubhali pullar aniqlandi
Jamiyat
−
16 aprel 46344 3 daqiqa
Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi (OCCRP) va “Le Monde” Shveysariyaning Reyl Intesa Sanpaolo banki hamda Shveysariya Moliyaviy bozorlarni nazorat qilish organi (FINMA) o‘rtasidagi maxfiy yozishmalarni qo‘lga kiritdi. Ularda regulyator bankda “pul yuvish sohasidagi zaifliklar” mavjudligini va yuqori xavfli hisoblarni yuritishda kamchiliklar bo‘lganini tergov qilgani ko‘rsatiladi. Mazkur yozishmalarning O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayevga ham aloqador ekani aniqlangan. Bu haqda OCCRP e’lon qilgan maqolada so‘z boradi.
Maqolada yozilishicha, FINMA tomonidan yuborilgan bir nechta batafsil maktublar va ularga Reyl bankining javoblari 2023 yil yozida o‘tkazilgan tekshiruv davomida “pul yuvish xavfiga juda yuqori darajadagi tayyorlik” va “zarur ehtiyot choralariga loqaydlik” aniqlanganini fosh qiladi. 2024 yil yanvar oyida bankka yuborilgan xatga ko‘ra, FINMA o‘z tekshiruvini regulyator qonunchilik buzilishlarini ko‘rib chiqadigan ijro etuvchi bo‘limga oshirgan.
2012 yilda FINMA Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev mijoz bo‘lgan Fidurhô nomli boyliklarni boshqarish firmasi bilan munosabatlar “alohida darajada yuqori” xavf tug‘dirishidan ogohlantirgan. Oradan ikki yil o‘tib ularning kompaniya hisoblari 190 million Shveysariya frankigacha oshgani aniqlangach, FINMA Fidurhô’dan ular bilan aloqani uzishni talab qilgan. Bu haqda keyinchalik Shveysariya Moliya departamenti e’lon qilgan qarorda bayon etilgan.
Firmadan aloqani uzish so‘ralganda, Fidurhô rad javobi bergan. Shundan so‘ng FINMA kompaniya litsenziyasini tortib olish bilan tahdid qilgan. Keyinchalik, Fidurhô asoschilaridan biri Tillyayev bilan bog‘liq shubhali hisob harakatlarini bildirmagani uchun jarimaga tortilgan.
OCCRP qo‘lga kiritgan yozishmalarga ko‘ra, 2020 yilda Tillyayevning Liobel Limited Inc. kompaniyasi Reyl bankida hisob ochgan. Uch yil o‘tib esa Tillyayevning o‘zi ham bankda shaxsiy hisobini ochgan. 2023 yil dekabr holatiga ko‘ra, hisoblardan birida 83 million frank (97 million AQSH dollari) saqlangan.
2024 yil yanvar oyida regulyatorlar Reyl’dan Tillyayevga tegishli hisoblar bo‘yicha hujjatlarni, shuningdek, O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘lgan barcha mijozlar haqida ma’lumotlarni taqdim etishni buyurgan. Bank esa FINMA'ga Tillyayev hisoblarini qayta ko‘rib chiqayotganini bildirgan, bunga sabab sifatida Lola Karimova-Tillyayevaning opasi Gulnora Karimova haqida chiqqan salbiy xabarlar fonida “potensial yuqori obro‘” keltirilgan.
Tillyayev mazkur xabarlar yuzasidan yuborilgan so‘rovlarga javob bermagan.
Ma’lumot uchun, Lola Karimova-Tillyayeva otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. U AQSHda “The Harmonist” attorlik buyumlari brendiga asos solgan.
Live
Barchasi