Putin devorga taqaldi – Bayden “Kinjal” ishga solingani haqida
Olam
−
22 mart 2022
28431AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukraina bilan urushda gipertovushli raketalardan foydalanganini tasdiqladi. Amerika ma’muriyati rahbari mamlakatning 238 yetakchi kompaniyasii rahbarlari oldida nutq so‘zlab, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi urush mavzusini sharhladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rahbariyati NATO mamlakatlari o‘rtasida bunday birdamlik mavjudligini tasavvur ham qilmagan.
“Bunday birdamlikning sababi, jumladan Tinch okeani mintaqasida [Rossiya Prezidenti Vladimir] Putindir. Ukrainaga kelsak, birgina o‘tgan yilning o‘zida biz bu davlatning mudofaa salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 milliard dollar ajratdik. Ukraina armiyasi rus armiyasining tanklari va vertolyotlarini yo‘q qiladi, rus armiyasini yo‘q qiladi. Putin devorga tiraldi”, degan Bayden.
Amerika Prezidenti Kreml “qattiqroq taktika” qo‘llashi mumkinligini inkor etmagan. Oq uy rahbarining qayd etishicha, Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi ishlatgan gipertovushli raketalarni tutib olish deyarli mumkin emas.
“Putin devorga tiraldi, u bizning birligimiz darajasi yoki kuchini oldindan ko‘ra olmadi va uning orqasi devorga qanchalik yaqinlashsa, qo‘llanadigan taktikalar ham dahshatliroq bo‘lishi mumkin”, degan Bayden.
Shu bilan birga, u Moskvaning Ukrainada kimyoviy va biologik qurollar mavjudligi yoki ishlab chiqilishi haqidagi da’volarini rad etdi.
Bayden Rossiya Ukrainada kimyoviy qurol ishlatish uchun bahona qidirayotgani haqida bir necha bor ogohlantirganini eslatdi.
Avalroq Bayden G‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga Moskva kiberhujumlar bilan javob qaytarishi mumkinligini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 mart kuni Rossiya Ukrainaning Ivano-Frankovsk viloyatida mamlakat Qurolli Kuchlarining raketa va aviatsiya o‘q-dorilarining yirik yer osti omborini “Kinjal” aviatsiya raketa tizimidan foydalanib, yo‘q qilgandi.\
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi