Portlash Yevropaning oxiri bo‘ladi – Zelenskiy AESga hujum haqida
Olam
−
04 mart 2022
23705Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya harbiylarining Zaporoje AESga hujum boshlashi ortidan videomurojaat bilan chiqdi. U Yevropa yetakchilarini Energodar shahridagi atom elektr stansiyasida portlash xavfi yuzaga kelganidan ogohlantirib, bu yuz bersa, “Yevropaning oxiri” bo‘lishini ta’kidlagan.
“Yevropa uyg‘onishi kerak. Ayni vaqtda Yevropaning eng katta atom elektr stansiyasi yonmoqda. Rossiya tanklari yadro bloklariga zarba bermoqda. Bu termal kameralar bilan jihozlangan tanklar, ya’ni ular qayerga otishayotganini bilishadi. Ular bunga tayyorgarlik ko‘rishgan.
Chernobil so‘zini bilgan barcha murojaat qilyapman. Rossiya takrorlashni xohlayapti va takrorlayapti, ammo 6 karra kattaroq”, deydi Zelenskiy.
U yevropaliklarni siyosatchilaridan Rossiyaga qarshi chora ko‘rishni talab qilishga chaqirgan. Ukraina rahbari Rossiyani terrorchi-davlat deb atagan.
“Yevropaliklar, iltimos uyg‘oning. Siyosatchilaringizga rus harbiylari Ukrainada AESni o‘qqa tutayotganini ayting. Zaporoje atom elektr stansiyasiga.
Biz ogohlantiramiz: hech bir davlat hech qachon atom energoblokiga zarba bermagan. Bu bizning tariximizda, insoniyat tarixida birinchi marta, terrorchi-davlat yadro terroriga ham murojaat qildi”, deya yevropaliklarga xitob qilgan Ukraina Prezidenti.
U so‘zida davom etib, dunyoning yadro kuli bilan qoplanish xavfi haqiqatga aylanyotganini ta’kidlagan va mamlakatda 15 ta yadro bloki borligini eslatgan.
“Rus targ‘ibotchilari dunyoni yadro kuli bilan qoplash bilan tahdid qilishdi. Endi bu tahdid emas – bu haqiqat. Biz rus harbiylarini zudlik bilan to‘xtatishimiz kerak. Siyosatchilaringizga baqiring: Ukraina – 15 yadro bloki.
Agar portlash bo‘lsa, bu hamma narsaning oxiri bo‘ladi. Yevropaning oxiri. Bu Yevropani evakuatsiya qilishdir. Yevropaning zudlik bilan harakat qilish rus qo‘shinlarini to‘xtata oladi.
Yevropa AES halokatidan halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang”, deya so‘zini yakulagan Vladimir Zelenskiy.
Avvalroq Rossiya harbiylari Zaporoje AESga hujum boshlagani haqida xabar bergan edik. Jangovar harakatlar stansiya hududida olib borilmoqda, shuningdek, AESda yong‘in ham yuz bergan va uni o‘chirish imkoni bo‘lmayapti.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi