Peskov Rossiya Ukrainadan qachon armiyasini olib chiqishini aytdi
Olam
−
13 dekabr 2022
29425Yil oxirigacha Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadan olib chiqilishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu haqda bugun, 13 dekabr kuni jurnalistlarga Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi Kreml vakili Rossiya Federatsiyasi Ukrainadan qo‘shinlarini 2022 yil oxirigacha olib chiqishni boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqyaptimi, degan savolga javob berar ekan.
Uning ta’kidlashicha, tinchlikka erishish uchun Rossiyaga yangi hududlarning kirib kelishining yangi haqiqatlarini hisobga olish kerak.
“Ukraina tomoni shu vaqt ichida yuzaga kelgan voqelikni hisobga olishi kerak. Bu voqeliklar Rossiya Federatsiyasining yangi sub’ektlari mavjudligidan dalolat beradi, ular ushbu hududlarda bo‘lib o‘tgan referendumlar natijasida paydo bo‘lgan”, deya ta’kidladi Kreml vakili.
Uning ishonchi komilki, yangi voqeliklarni hisobga olmasdan turib, [kelishuv bo‘yicha] biron-bir muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi, Lugansk xalq respublikasi, Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha noqonuniy referendumlar 2022 yil 23-27 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Moskvaga ko‘ra, saylov byulletenlarini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, DXRda Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish uchun 99,23%, LXRda – 98,42%, Xerson viloyatida – 87,05%, Zaporoje viloyatida – 93,11% ovoz berilgan. 30 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazilgan psevdoreferendumlar yakunlari bo‘yicha nutq so‘zladi, shundan so‘ng hududlar rahbarlari bilan Rossiya tarkibiga kirish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.