O‘lat xavfi: Kreml Trampning taklifiga javob qaytardi
Olam
−
16:41 4229 2 daqiqa
Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Irkutsk viloyatidagi infeksiya bilan bog‘liq vaziyat munosabati bilan Amerika yetakchisi Donald Trampning Rossiyaga yordam berishga tayyorligi haqidagi bayonotiga izoh berdi. Bu haqda RBK xabar berdi.
“O‘zaro yordam taklif qilingani hamisha juda yaxshi”, deydi Peskov.
U “nima yuz berayotgani va ishlar qay ahvolda ekani haqida yetarlicha batafsil axborot berib borayotgan” Rospotrebnadzor ma’lumotlariga tayanishni taklif qilgan.
“Rospotrebnadzor yetarlicha to‘liq ma’lumotni taqdim etmoqda, shu sababli men sizga o‘sha yerga murojaat qilishni tavsiya qilaman. Rospotrebnadzor tomonidan bayonotlar berildi, keyinchalik ular bizning ommaviy axborot vositalarimizda e’lon qilindi”, deydi Rossiyarahbarining matbuot kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, idora ishi davomida qo‘shimcha ma’lumotlar berib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘lat kasalligi tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarga munosabat bildirib, o‘z yordamini taklif etgani haqida xabar berilgan edi.
Rossiya rasmiylari joriy yilning 29 sentyabr kuni Irkutsk o‘latga qarshi kurashish instituti xodimasi og‘ir pnevmoniya simptomlari bilan shifoxonaga yotqizilgani va 1 dan 2 oktyabrga o‘tar kechasi vafot etganini xabar qilgan edi.
OAV u o‘lat qurboni bo‘lgani haqida yozgan. Taxminlardan biriga ko‘ra, 27 yoshli ayol Mo‘g‘uliston bilan chegarada o‘lat o‘chog‘i qayd etilgan Buryatiyaga xizmat safaridan qaytgan. Boshqa bir taxminga ko‘ra esa, u laboratoriyada xavfli bakteriya solingan probirkani tasodifan sindirib yuborgan. Ayolning o‘limidan so‘ng u yotqizilgan Shelexov shifoxonasi karantinga yopilgan, shuningdek, marhuma bilan muloqotda bo‘lgan 189 kishi aniqlanib, shifoxonaga joylashtirilgan. Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev ushbu odamlarda kasallik belgilari aniqlanmaganini ma’lum qilgan.
Ushbu voqealar fonida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ehtiyot choralarini kuchaytirdi. Xususan, O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi o‘ta xavfli infeksiyalarning kirib kelishining oldini olish uchun mas’ul xizmatlarning shayligini oshirdi.
Shuningdek, 3 oktyabr kuni Baykalsk shahri ma’muriyati fuqarolarni Shelexovga bormaslikka chaqirgan. Keyinchalik bu xabar o‘chirib tashlangan. Joriy yilning 4 oktyabr kuni esa Irkutskdagi bir nechta shifoxonalarda uch haftalik karantin joriy etilgan.
Rossiya rasmiylari esa uning o‘latdan vafot etganini tasdiqlamagan. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) bemorga “kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya” tashxisi qo‘yilganini bildirgan.