Rossiyada vabo xavfi: O‘zbekiston o‘ta xavfli kasallikka qarshi tayyorgarlikni kuchaytirdi

Jamiyat

−

image

Avvalroq, Rossiyaning Irkutsk viloyatida 27 yoshli ayol vabodan o‘lgani aytilayotgani haqida xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda rostdan ham holat qayd etilgani haqida ma’lumotlar tarqalganidan so‘ng Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi O‘zbekistonda tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirda Rossiya Federatsiyasining vakolatli idoralari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy manbalari orqali vaziyat muntazam ravishda kuzatib borilmoqda. Xususan, kasallik tashxisining laboratoriyada tasdiqlangan yoki tasdiqlanmagani, ehtimoliy yuqish manbai va yo‘llari, bemorning harakatlanish yo‘nalishi hamda u bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarga oid ma’lumotlar o‘rganilmoqda.

“Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilgan”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Shuningdek, qo‘mita epidemiologik vaziyatda o‘zgarish yuz bergan taqdirda jamoatchilikka belgilangan tartibda qo‘shimcha axborot taqdim etilishini qayd etgan.

Ma’lumot uchun, vabo (cholera) – ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning og‘irlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o‘tkir infeksion o‘ta xavfli ichak kasalliklaridan biri. Vabo mikrobi (vibrion deb ataladi) klassik Vabo vibrioni va El-Tor vibrioni deb ataladigan ikki turga ajratiladi. Vabo vibrioni daryo suvida 18 kundan 5 oygacha, muzda bir necha oy, ariqlarda bir necha kun, dengiz suvida ikki hafta, sovuq vaqtda najasda bir necha oy, axlat chuqurlarida 3 oygacha, ichki kiyimlarda 2 oy, qum-tuproqda bir necha oy, suv havzalarida 15-30 kun, sut va yog‘da bir oygacha, kartoshkada 2 haftagacha, ho‘l mevada bir necha kungacha tirik qolishi mumkin. Dezinfeksiyalovchi moddalar vibrionni tez o‘ldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez o‘ladi. Vabo vibrioni bemorning axlati, qusug‘i, ba’zan peshobi bilan tashqariga chiqadi. Vibrionlar tushgan suv va oziq-ovqatni iste’mol qilish natijasida mazkur kasallik yuqishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada mutaxassislar vafot etgan bemor bilan aloqada bo‘lgan jami 197 kishini aniqlagan. Ulardan 189 nafari profilaktik kuzatuv uchun shifoxonaga yotqizilgan, yana sakkiz kishi hozircha karantindan tashqarida qolmoqda. Shu bilan birga, hokimiyat organlari aniqlangan muloqotda bo‘lgan shaxslarda kasallik belgilari yo‘qligini va laboratoriya tadqiqotlari natijalari manfiy chiqqanini xabar qilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing