Kreml Zelenskiyning ikki oylik sulh bo‘yicha taklifiga javob qaytardi

Olam

−

image

Kreml Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning 60 kunlik sulh sharti bilan Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazish haqidagi taklifiga izoh berdi va Moskvaning ushbu masala bo‘yicha pozitsiyasi bildirildi. Bu haqda bugun, 12 oktyabr kuni Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

“Biz sulhni emas, uzoq muddatli tinchlikni xohlaymiz va buning uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishga tayyormiz”, deydi u.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, agar Kiyev haqiqatan ham saylov o‘tkazishni xohlasa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin saylov kuni Ukrainaga zarba bermaslik haqida ko‘rsatma berishga tayyor bo‘ladi.

“Prezident bu haqda allaqachon aytgan edi, ammo bu safar ham u kishining nomidan to‘liq mas’uliyat bilan ayta olamanki, agar Kiyevda haqiqatan ham saylov o‘tkazishni xohlashsa, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti, Oliy bosh qo‘mondon Ukrainaga saylov kuni – aynan saylov kunida zarbalar bermaslik haqida ko‘rsatma berishga tayyor”, deydi Peskov.

Bundan tashqari, AQSH yetakchisi Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy energetik sulh masalasi bo‘yicha muloqotlar davom etmoqda.

U kelishuvga erishilgan-erishilmagani va u qanday shartlarda amal qilishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan. Shuningdek, u bu sulh faqat neftni qayta ishlash zavodlariga taalluqli bo‘ladimi yoki boshqa energetika ob’ektlariga ham tegishlimi, degan savolni izohlashdan bosh tortgan. Matbuot kotibi barcha ma’lumotlar keyinroq berilishiga ishonchi komil ekanini aytgan.

“Ushbu mavzu bo‘yicha sizga aytadigan gapimiz bo‘lishi bilan, albatta, xabardor qilamiz”, deydi u.

Peskov, shuningdek, Moskva bahosiga ko‘ra, Yevropa mamlakatlari tinch yo‘l bilan hal qilishga to‘sqinlik qilayotganini, amerikalik muzokarachilarning harakatlarini esa Rossiya tomoni ijobiy baholayotganini ta’kidlagan.

“Yevropaliklar aniq tinchlik partiyasiga, tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlayotgan partiyaga mansub emas. Yevropaliklar – bu urushni to‘xtatishga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsani qilishda davom etayotgan urush partiyasidir. Amerikalik muzokarachilarning harakatlari bizga ko‘proq ma’qul kelmoqda”, deydi matbuot kotibi.

So‘zida davom etib, u Rossiya tomoni bu yerda “bo‘linish izlamayotganini”, aksincha, tinch yo‘l bilan hal qilishga imkon beradigan chora-tadbirlar va qarorlardan manfaatdor ekanini alohida ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rniga yangi rahbar saylash vaqti kelganini aytgandi. U Zelenskiyni Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilish orqali jahon bozorida dizel yonilg‘isi ta’minotiga zarar yetkazayotganlikda ayblagan edi. Zelenskiy esa agar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 60 kunlik sulhga rozi bo‘lsa, Ukrainada saylovlar o‘tkazilishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing