Nursulton Nazarboyevning 30 yil qancha pul to‘plagani va ular qayerda saqlanayotgani aniqlandi
Tahlil
−
19 fevral 2022
64839“Daily Telegraph” gazetasi bugun jurnalistik tergov byurosining (TBIJ) hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Nursulton Nazarboyev 2020-2021 yillarda Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan “Jusan Technologies holding” kompaniyasidan Qozog‘istondagi 30 yillik boshqaruvi davomida to‘plangan qariyb 8 milliard dollar aktivlarini saqlab qolish va nazorat qilish uchun foydalangan.
2009 yildan 2021 yilgacha Nazarboyev o‘z nomi bilan atalgan bir qancha xususiy jamg‘armalar tuzgan va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xayriya ta’lim va ijtimoiy loyihalar bilan shug‘ullangan. Jurnalistik tergov byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda tashkil etilgan “Jusan Technologies holding”ini uchta jamg‘arma, jumladan Nursulton Nazarboyev jamg‘armasi nazorat qilgan.
Hisobotda aytilishicha, 2021 yilda “Jusan Technologies holding” butun korporativ kommunikatsiyalar tizimining markazida turgan. Undagi aksiyalar Qozog‘istonning kuch elitasi va BAA hukmron doiralari bilan bog‘liq kompaniyalarga tegishli.
Hisobotlarga ko‘ra, 2021 yil oktyabr holatiga ko‘ra, “Jusan Technologies holding”ning jami aktivlari 7,8 milliard dollarni tashkil etgan, jumladan, AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlat obligatsiyalari hamda 3 milliard dollardan ortiq naqd pul.
Jurnalistik tergov byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, holding aktivlari asosan Qozog‘istonda, shuningdek, Lyuksemburg, Buyuk Britaniya, BAA va AQSHda joylashgan banklar, telekommunikatsiya kompaniyalari va riteylerlarni o‘z ichiga oladi. Hujjatlardan ko‘rish mumkinki, “Jusan Technologies holding”ning sof aktivlari 2020 yil yakunida 1,6 milliard dollarni, sof foydasi esa 550 million dollardan ortiqni tashkil qilgan.
“Jusan Technologies holding” tuzilmasidagi eng qimmat biznes Qozog‘istondagi eng yirik chakana banklardan biri First Heartland Jusan Bank hisoblanadi. Ushbu bank raisi o‘rinbosari – sobiq Bosh vazir o‘rinbosari va 2015 yilgacha Prezident yordamchisi bo‘lgan Yerbol O‘rinboyev. U “Jusan Technologies holding” kompaniyasi direktori bo‘lgan va ushbu kompaniyaning 4,6 foiz ulushiga egalik qilgan.
Jurnalistlar “Nazarboyevning jiyani qiziga uylangan oligarx” va Nazarboyev davrida Qozog‘iston suveren jamg‘armasini boshqargan Galimjan Yesenovni ham tilga olishadi. Janob Yesenov, Jurnalistik tergov byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, First Heartland Jusan bank’da 20 % ulushga ega. Ulardan tashqari, “Jusan Technologies holding” aksiyalari, xususan, BAA asoschisi va birinchi prezidentining o‘g‘li Shayx Tahnun bin Zoid Al Nahayonga tegishli edi.
Tergov doirasida jurnalistlar Londondagi Nursulton Nazarboyev jamg‘armasi manfaatlarini himoya qiluvchi “Boies Schiller Flexner”yuridik firmasi bilan bog‘langan. Ularning xabar berishicha, 2021 yil oxirida “Jusan Technologies holding” egasi o‘zgargan. “Jusan Technologies holding” kompaniyasini xayriya sifatida qabul qilgan Amerikaning “Jysan Holdings LCC” notijorat tashkiloti edi.
“Jysan Holdings LCC” o‘zi “NU Generation Foundation” notijorat tashkilotiga tegishli. Va bu tashkilot rahbari, Jurnalistik tergov byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Nursulton Nazarboyev jamg‘armasi rahbari Aslan Sarinjipov. U 2013–2016 yillarda Qozog‘iston ta’lim va fan vaziri bo‘lgan. Shu tariqa, jurnalistlarning ta’kidlashicha, endi Qozog‘istonning sobiq prezidentining biznes imperiyasi AQSH orqali nazorat qilinadi.
“Buyuk Britaniyaning tanlovi Yevroosiyo elitasi va kleptokratlarining bu mamlakat ularning boylik va mulkka bo‘lgan huquqlarining samarali kafolati ekanligi haqidagi tasavvurini aks ettiradi”, deydi Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining Yevroosiyo bo‘yicha mutaxassisi Aleksandr Kuli hisobot ma’lumotlariga izoh berib.
Ekspertning fikricha, Qozog‘iston elitasi vakillari huquqiy barqarorlik va himoyani sotib olmoqda. Hozir mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarni ular Buyuk Britaniyani tanlaganlarida tasavvur qilgan bo‘lishlari mumkin.
Ayni paytda, Jurnalistik tergov byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, hisobotning e’lon qilinishi “Buyuk Britaniyada mamlakat o‘zini oligarxlar, diktatorlar va kleptokratlar britaniyalik huquqshunoslar yordamida va minimal jamoatchilik nazorati bilan o‘z manfaatlariga bexatar xizmat qila oladigan joy sifatida reklama qilishi haqidagi muhokamani yanada kuchaytiradi".
Hisobotda leyboristlar partiyasidan deputat Margaret Xoj yaqinda Nazarboyev xayriya jamg‘armalaridan “Jusan Technologies holding” orqali o‘ziga tegishli aktivlarni “yashirin nazorat qilish” uchun foydalangani haqida aytgani esga olinadi.
“Britaniya Qozog‘istonning hukmron sinfi uchun chegaralarini, ko‘chmas mulk bozorini, moliyaviy tuzilmalarini ochib, ularga noqonuniy yo‘llar bilan olingan mablag‘larni yuvish va sarflash imkonini berdi”, deydi deputat Margaret Xoj parlamentda.
Ushbu xabarlar fonida ma’lum bo‘lishicha, Britaniya rasmiylari yaqin kelajakda mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritish evaziga yashash uchun ruxsatnoma olish tizimini bekor qilmoqchi.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiylar bu sxemadan “jinoiy elementlar, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston kabi davlatlarning o‘ta boy fuqarolari” foydalanayotganidan anchadan beri xavotir bildirgan.
Nazarboyevning siyosiy intihosi
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi.
2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.
LiveBarchasi