Nazarboyevning jiyaniga berilgan qamoq jazosi yengillashtirildi
Olam
−
16 avgust
3746Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldining qamoq jazosi yengillashtirilib, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishi munosabati bilan qamoq muddatining qolgan qismi ozodlikni cheklash bilan almashtirildi. Bu hukmni Ust-Kamenogorsk shahar 2-sudi chiqargan.
Sud bayonotida ta’kidlanishicha, Satibaldi o‘z arizasida jazoni yengilroq turdagi jazoga almashtirish bo‘yicha qonunning barcha talablarini bajarganligini ko‘rsatgan. Xususan, u sud hukmi bilan yetkazilgan zararni qoplagan va umumiy qiymati 700 milliard tengedan ortiq bo‘lgan mol-mulkni ixtiyoriy ravishda davlat hisobiga o‘tkazgan. Shuningdek, Satibaldi jazo muddatining 1/3 qismini o‘tagan va axloq tuzatish muassasasi ma’muriyati tomonidan ijobiy ta’riflangan.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud mahkumning iltimosnomasini qanoatlantirib, jazoning o‘talmagan qismini 3 yil 3 oy 7 kun muddatga ozodlikdan cheklash jazosi bilan almashtirdi. Satibaldiga nisbatan probatsion nazorat o‘rnatildi”, deyiladi sud xabarida.
Qayd etilishicha, agar Satibaldi doimiy ish joyiga ega bo‘lmasa, jazoni o‘tashning butun muddati davomida har yili 100 soat majburiy mehnatga tortiladi. Sud hukmi hali kuchga kirmagan.
Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash xizmatiga ko‘ra, 2022 yildan buyon Qayrat Satibaldi va unga aloqador shaxslar tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan 732,8 milliard tenge yoki 1,5 milliard dollar miqdoridagi mulkiy aktivlar va mablag‘lar, jumladan, xorijda aniqlangan 661,5 million dollar qaytarilgan. Qaytarilgan aktivlar orasida Avstriya, Lixtenshteyn, BAA, Turkiya kabi mamlakatlarda joylashgan ma’muriy binolar, eksklyuziv zargarlik buyumlari, hashamatli uylar, kvartiralar va avtomobillar, kompaniyalardagi ulushlar ham bor.
Ma’lumot uchun, Qayrat Satibaldi baxtsiz hodisada vafot etgan Satibaldi Nazarboyevning o‘g‘lidir. Qayrat Satibaldi “Forbes Kazakhstan” talqini bo‘yicha mamlakatning eng nufuzli biznesmenlari ro‘yxatiga kiritilgan.
U 2022 yil 26 sentyabrda “Kazaktelekom” AJ va “STS” AJda o‘ta katta hajmdagi o‘g‘rilik uchun olti yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Shuningdek, unga 10 yil davomida davlat tashkilotlaridagi yuqori lavozimlarda ishlash taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston Respublikasining sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning yana bir jiyani, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Samat Abish 8 yilga shartli ozodlikdan mahrum etilgandi.
LiveBarchasi