Nazarboyevning maqomi Qozog‘iston Konstitutsiyasida belgilab qo‘yiladi

Olam

image

Qozog‘iston Konstitutsiyasida mamlakatning birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning maqomi belgilab qo‘yiladi. Bu haqda Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha ishchi guruh a’zosi Yermek Abdrasulov ma’lum qildi.

“Birinchi Prezident maqomi masalasiga kelsak, Konstitutsiyamizda bu Konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlar bilan tartibga solinadi, deb yozilgan. Ishchi guruh bu maqomni qonunlarda emas, balki Konstitutsiyaning o‘zida belgilab qo‘yish kerak degan xulosaga keldi.

Ya’ni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti mustaqil Qozog‘istonning asoschisi hisoblanadi. Bu holat aniq belgilanadi. O‘ylaymanki, bu katta ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki o‘sha xizmatlar, mavjud ob’ektiv haqiqatni hammangiz ko‘rgansiz, butun dunyo ko‘rib turibdi, Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yiladi”, degan Abdrasulov.

Qayd etilishicha, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Konstitutsiyaviy kengashga bosh qonunga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi loyihani kiritishini aytgan.

“Bu asosiy qonunimiz talabidir. Ishonchim komilki, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar mustaqil Qozog‘iston tarixida yangi sahifa ochadi. Bu Yangi Qozog‘iston qurilishidagi muhim bosqichdir”, degan To‘qayev.

Bundan tashqari, Qozog‘iston Konstitutsiyasida yer va tabiiy resurslar to‘g‘risidagi norma o‘zgartiriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyi boshida To‘qayev “Birinchi Prezident – Elboshi to‘g‘risida”, “Qozog‘iston xalqi Assambleyasi to‘g‘risida”gi va “Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlarga o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Qabul qilingan tuzatishlar Birinchi Prezidentning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qildi.

Qonunga senatorlar tomonidan ham o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, ular davlat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha Elboshi bilan tashabbuslarni muvofiqlashtirish zaruriyatini qonunchilikdan chiqarib tashladi. Shu bilan birga, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti muhim masalalarni muhokama qilishda parlament va hukumat oldida so‘zlash huquqini saqlab qoldi.

Nazarboyevning siyosiy intihosi

2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.

Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. 

Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.

28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi

2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev

Baholaganlar

86

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing