Nazarboyev barcha boyliklarini xalqqa qaytarishi kerak – Namoyishchilar Hukumatga asosiy talabini aytdi
Olam
−
13 fevral 2022
11831Qozog‘istonning badavlat tadbirkorlaridan biri, sobiq deputat va siyosatchi Bulat Abilov Olmaota markazida o‘tayotgan namoyishlarga qo‘shildi. U Hukumat oldiga Olmaotadagi Nazarboyev nomidagi xiyobonni Kantar deya o‘zgartirish, Nazarboyevning barcha boyliklarini xalqqa qaytarish va Birinchi Prezident to‘g‘risidagi qonunni bekor qilish talabini qo‘ymoqda.
Namoyishchilar Olmaota hokimi va uning o‘rinbosarlari odamlar qarshisiga chiqmaguncha, maydonni tark etmasliklarini aytishmoqda.
Orda.kz muxbiri xabar berishicha, faollardan biri mikrofonni ko‘tarib, Jirinovskiyning Qozog‘iston haqidagi dahshatli bayonotini eslagan.
“Jirinovskiyning mamlakatimiz haqida salbiy gapirayotgani aks etgan videoni ko‘pchilik ko‘rgan va deputatlar unga bu borada hech qanday javob bera olishmayapti”, deydi namoyishchilardan biri.
Respublika maydonidagi namoyishchilar noqonuniy hibsga olinganlarning hammasi qo‘yib yuborilmagunicha va barcha talablari qondirilmaguncha, hech kim maydonni tark etmasligini aytmoqda.
Namoyishchilar mikrofon oldiga kelib, xuddi shunday talablarni ilgari surmoqda: mustaqil tergov o‘tkazish va mahbuslarga nisbatan qiynoqlarga chek qo‘yish.
Eslatib o‘tamiz, sal avval Prezident Qosim-Jomart To‘qayev “Hazrat Sulton” masjidiga borib, xalqqa murojaat qildi.
Ma’lumot uchun, “Qonli yanvar” fojiasida ham namoyishchilar asosan Nazarboyev va uning oilasiga qarshi talablarni qo‘ygan edilar.
Nazarboyevning siyosiy intihosi
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi.
2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.
LiveBarchasi