Tezkor: Olmaotada yana namoyishlar boshlandi
Olam
−
13 fevral 2022
58495Qozog‘istonning eng yirik shahri Olmaotada yana norozilik namoyishlari boshlandi. “Qonli yanvar” voqealarida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan ushbu namoyishga kelganlar eng avvalo qurbonlar haqqiga tilovat qilgan. Bu haqda Orda.kz yozmoqda.
Mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da odamlar shahardagi Mustaqillik monumenti oldiga to‘plana boshlagan. Ikki soat o‘tar-o‘tmas namoyishchilar soni 700 nafarga yetgan.
Ayni vaqtda ruxsat etilmagan namoyishlarga politsiya qarshilik ko‘rsatmayapti. Maydonda bor-yo‘g‘i uchta politsiya mashinasi borligi aytilmoqda. Shuningdek, tez yordam ham allaqachon yetib kelgan. Politsiya xodimlari namoyishchilarga xalal bermaslik uchun Nazarboyev shoh ko‘chasi va Jeltoksan ko‘chasidan o‘tadigan avtomobillarni boshqa tarafga yo‘naltirmoqda.
Namoyishchilar qo‘llarida “Begunohlarga ozodlik”, “Xalq terrorchi emas”, “Qonli yanvarni unutmaymiz va kechirmaymiz”, “Ogohlantirmasdan o‘t ochish – xalqqa nisbatan jinoyatdir”, deb yozilgan plakat va bannerlarni ushlab turishibdi.
Mitingga bir qator siyosatchilar va jamoatchilik faollari ham to‘plangan. Ular orasida Dostim Satpayev, Sanjar Bokayev, Bulat Abilov, Oraz Jandosov, Janbolat Mamay ham bor.
Halok bo‘lganlarning yaqinlari va terrorizmda gumon qilinib jabrlanganlarning asosiy talablari jinoyat ishlarini xolis tergov qilish va hibsga olinganlarni ozod qilishdir.
Ayni vaqtda namoyish o‘tkazilayotgan hududda internet bilan bog‘liq texnik nosozliklar kuzatilmoqda. Bu o‘tgan namoyishlardagi kabi Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lishi ham mumkin.
Ahamiyatlisi shundaki, namoyishlar "Qonli yanvar" voqealarini tunchlantirish uchun mamlakatga kiritilgan KXSHT harbiylarining o‘z faoliyatini yakunlaganidan bir oy o‘tib yana alanga olmoqda.
"Qonli yanvar" fojiasi
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi.
13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
LiveBarchasi