Lukashenkoning yangi “shedevri”, ulamolarga dakki bergan Davletov, Spark chiqarishni to‘xtatgan GM – yangiliklar dayjesti
Tahlil
−
07 fevral 2022 9983 10 daqiqa
Jamiyat
Farg‘ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori YTHda halok bo‘ldi
Farg‘ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori M.X. yo‘l-transport hodisasida halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat DSB ma’lum qildi.
Joriy yil 4 fevral kuni u o‘zining Lacetti rusumli avtomashinasida YTHna uchragan.
“Voqea haqida xabar topgach, darhol boshqarma rahbariyati va bo‘limdagi xodimlar dastlab voqea joyiga, undan so‘ng esa Respublika shoshilinch tibbiyot ilmiy markazi Farg‘ona filialiga yetib bordilar hamda baxtsiz hodisaga uchragan xodimning yonida bo‘lib, imkon qadar yordam ko‘rsatdilar. Afsuski, tibbiyot xodimlari tomonidan tezkorlik bilan ko‘rilgan choralarga qaramay ushbu xodim vafot etdi”, deyiladi boshqarma xabarida.
Buxoroda ikki qishloq fuqarolari ommaviy janjallashdi
Buxoroda ikki qishloq fuqarolari o‘rtasida o‘tkazilgan futbol o‘yini ommaviy mushtlashuvga aylanib ketdi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 5 fevral kuni taxminan soat 16:00 larda Jondor tumani “Nurafshon” mahallasining “Moxon” qishlog‘ida joylashgan stadionda “Tobagar” va “Chandir” qishloqlari fuqarolari o‘zaro futbol o‘yini o‘tkazilgan. O‘yin vaqtida ikki tomon o‘rtasida janjal yuz bergan.
Qashqadaryoda hokim o‘rinbosari $50 000 pora bilan ushlandi
Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yaxshiyev pora bilan qo‘lga tushdi.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, mansabdor 50 ming AQSH dollari bilan ushlangan.
Hollat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 28, 211 (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
O‘zbekistonda TikTok’ni bloklash kerakmi? So‘z Adliya vaziriga
Bundan bir necha kun avval jamiyatdan boshqa muammo qurib qolgandek, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekistonda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini butkul bloklash bo‘yicha talab bilan chiqdi. Ushbu masala hamon bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Mavzu bugun, 7 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan o‘tgan matbuot anjumanida ham kun tartibiga chiqdi.
Davletovning fikricha, O‘zbekistonda TikTok’ni bloklash hech qanday samara bermaydi.
“O‘zim ham “Adolat” partiyasidanman. Axborotning erkin tarqalishi tarafdoriman. Sababi, tarixda ham axborotni cheklash juda ko‘p bo‘lgan. Bloklash nima degani o‘zi? Texnik nuqtai nazardan buning imkoniyati bormi? Bloklab qo‘yildi ham deylik, VPN orqali foydalanishadi-ku. Juda zo‘r va bepul funksiyalari bor. Bilasizmi, har kuni qanchadan qancha yangi dasturlar chiqadi. Jaholat bo‘lsa, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishimiz kerak. Boshqa joyda TikTok’dan yomon kontent yo‘qmi? Internetda boshqa bo‘lmag‘ur saytlar yo‘qmi? Agar bo‘lmasa, qayerdan diniy ekstrimizm kuchaymoqda? Qayerdan bu propaganda bo‘lyapti? Axborotni bloklash yoki boshqa qilish, texnik nuqtai nazardan juda qiyin masala. Shuning uchun, o‘ylaymanki, bu hech qanday samara bermaydi”, deydi Davletov.
Onlayn qimor o‘ynovchilar ham javobgarlikka tortiladi – Davletov
Onlayn tarzda qimor (totalizator – tahr.) o‘ynovchilar ham ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda bugun, 7 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Qimor masalasi jamiyatning katta muammosiga aylanmoqda. Hozir bu borada onlayn muammoga duch kelamiz. Bloklash qanchalik bizning qo‘limizdan keladi? Bloklasak, VPN orqali ulanish mumkinmi, yo‘qmi? Albatta, ulanish mumkin. Lekin ularning hammasining resursi chet elda joylashgan. Texnik nuqtai nazardan juda qiyin. Serverlar O‘zbekistonda bo‘lsin deysiz, lekin buning imkoniyati yo‘q-ku. Katta-katta davlatlar serverlarini o‘z davlatiga keltira olmayapti. Shuning uchun biz bu sohani juda qattiq nazorat qilish tarafdorimiz”, deydi Davletov.
Talabalarning kontraktni to‘lash muddati uzaytirildi
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun to‘lov-kontrakt shartnomasini to‘lash muddati uzaytirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi ma’lum qildi.
“Ko‘pchilik abituriyentlar va ularning ota-onalari, shuningdek, oliy va professional ta’lim muassasalarining murojaatlarini inobatga olgan holda Respublika ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilar o‘qishi uchun kontrakt miqdorini to‘lashning so‘nggi muddati 2022 yilning 1 marti etib belgilandi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Bu ijtimoiy xavfga ega – Adliya vaziri gap otishga javobgarlik haqida
Avvalroq, Adliya vazirligi tashabbusi bilan qonunchilikda ayollarga gap otish yoki ularning qaddi-qomatini baland ovozda tasvirlash ham javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edik. Ushbu mavzu bugun, 7 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan o‘tgan matbuot anjumanida yana muhokama qilindi.
“Gap otganlik bo‘yicha javobgarlikni dispozitsiya dedik. Bu borada aniq xatti-harakat va qaysi holatda javobgarlik keltirib chiqarishiga ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki, u yerda tuhmat ham bo‘lib ketishi mumkin. Shuning uchun dispozitsiyasini, ya’ni javobgarlikni biz endi ishlab chiqdik. Vazirlik ishchi guruhi ishlab chiqdi. Endi vazirliklarga beramiz. Shuning uchun bu masalani aniq qilib, albatta, jamoatchilikning muhokamasiga beramiz. Lekin bu bizga, albatta, kerak. Chunki, bu jamiyatimizda xavfga ega bo‘lgan xatti-harakatdir. Bunga davlat sifatida javob qilishimiz kerak”, deydi Adliya vaziri.
Jim turamiz, aqllilik qilmaymiz – Adliya vaziri ulamolarga dakki berdi
Joriy yilning yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan, Toshkent viloyati Zangiota tumani “Fath” jome masjidida imom noibi vazifasida ishlab kelgan Solixon Mahkamovich Ortiqxo‘jayevning Xorazm va uning odamlari haqidagi fikrlari keskin muhokamalarga sabab bo‘lib, buning ortidan Solixon domla ishdan olindi.
Bugun, 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov jamoatchilik vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida diniy soha vakillarining bahsli fikrlariga munosabat bildirdi.
Vazir avvalo 2021 yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun yangilangani, unga yaxshi-yaxshi normalar kiritilgani va buni jamiyat ham yaxshi qabul qilganini ta’kidlab o‘tdi.
Mercedes Benz, chiroyli raqam, qoraytirilgan oyna... Hukumatdagilarning “shoxi” bormi?
Hukumatning xizmat avtomobillari uchun sotib olinadigan chiroyli raqamlar, ularning “tonirovkasi” uchun byudjetdan bir tiyin ham pul ajratilayotgani yo‘q. Bu haqda bugun, 7 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’lum qildi.
“Qimmat mashinalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori chiqqan. Hozir ma’lum cheklovlar belgilandi. Bu ham juda yaxshi bo‘ldi. Men bu masala 3-4 yil oldin ko‘tarilishi kerak, deb o‘ylab turgandim. Shu kungacha maza qilib mashinalarda yurib qoldik. Lekin endi bu masala Vazirlar Mahkamasi qarori bilan kiritildi. Bu juda to‘g‘ri va jarayonni yanayam tezlashtirish tarafdorimiz. Hukumat a’zolariga qanday mashinalar berilgan bo‘lsa, bizga ham shunday berilgan. Bittasini sotib olganmiz. Bittasi hukumatdan yagona yondashuv asosida berilgan. Bu yerda ham to‘g‘ri masala qo‘yilyapti. O‘zbekistonning iqtisodi va aholining turmush sharoitidan kelib chiqqan holda, shunga yarasha yurish kerak. O‘ylaymanki, bu sohadagi cheklovlar yana ham kuchayadi.
Bittasi qimmat mashina sotib olsa, hamma darrov bu mavzuni ko‘tarilib chiqyapti-ku. Oldin shu yo‘q edi-ku. Bu davlat xaridlari va shartnomalarni ochiq qilganimizning ortidan bo‘lyapti, ya’ni davlat bundan manfaatdor”, deydi Adliya vaziri.
Olam
“Uchinchi jahon urushi boshlanib bo‘lgan”. Unda kim mag‘lub bo‘layotgani aytildi
Amerika Qo‘shma Shtatlari boshlanib bo‘lgan “Uchinchi jahon urushida” Xitoyga yutqazmoqda. Bu haqda amerikalik siyosatshunos Maykl Reygan ta’kidlagan. Uning so‘zlari “Daily Freeman” nashrida chop etilgan.
Siyosatchiga ko‘ra, Ukrainani Rossiya bosqinidan himoya qilish uchun AQSH Yevropaga qo‘shin jo‘natishi shart emas edi. Buning o‘rniga “Shimoliy oqim” yopilishi va Keystone quvuri ochilishi hamda Xitoy tahdidiga qarshi kurashish kerak edi.
Reygan Xitoy Xalq Respublikasi katta harbiy va iqtisodiy salohiyatga ega ekanligini ta’kidlagan.
2021 yilda Rossiya o‘zbekistonliklarga qancha mehnat patenti sotgani ochiqlandi
O‘tgan yili Rossiyada berilgan mehnat patentlarining yarmidan ko‘pi O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining migratsiya holati bo‘yicha ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib xabar berilgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-dekabr oylarida 2 million 221 ming 826 ta mehnat patenti berilgan, shundan 1 million 316 ming 569 tasi O‘zbekiston fuqarolariga, 787 mingtasi Tojikiston fuqarolariga, qariyb 65 mingtasi Ozarbayjon fuqarolariga berilgan. Bundan tashqari, Ukraina (37 ming) va Moldova (17 ming) fuqarolariga ham berilgan.
Bayden Putin huzuriga boradigan Makronga “sim qoqdi”
AQSH va Fransiya Prezidentlari Jo Bayden hamda Emmanuel Makron kecha, 6 fevral kuni telefon orqali Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildi. Suhbat Fransiya davlati rahbarining Moskvaga tashrifi arafasida bo‘lib o‘tgan.
“Rahbarlar Rossiyaning Ukraina bilan chegarasida davom etayotgan vaziyatga javoban diplomatik va oldini olish sa’y-harakatlarini muhokama qildi hamda Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqladi”, deyiladi Oq uyning suhbatdan so‘ng e’lon qilgan bayonotida.
Ukraina urush boshlasa, Belarus nima qiladi? Lukashenko javob berdi
Agar Ukraina Donbass hududidagi separatistlarga qarshi urush boshlasa, Belarus armiyasi xuddi Rossiya armiyasi kabi harakat qiladi. Bu haqda Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.
“Agar ular [Ukraina] bizga yoki Rossiyaga qarshi kurashni boshlasa, biz o‘zimizni himoya qilish uchun kurashamiz”, deydi Lukashenko.
Donbassga qarshi jangovar harakatlar sodir bo‘lgan taqdirda Belarus armiyasi o‘zini qanday tutishi haqidagi savolga u shunday javob bergan: “Xuddi Rossiya kabi.”
O‘zini Prezidentning qarindoshi deb tanishtirgan firibgarlar qo‘lga olindi
Qirg‘izistonda o‘zlarini Prezident Sadir Japarovning qarindoshlari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyevning yaqinlari sifatida tanishtirgan firibgarlar qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi ma’lum qilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, gumonlanuvchilar davlat bojxona xizmati va davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslarini qo‘rqitib, tashqi iqtisodiy faoliyatda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslarga, shu jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar importyorlariga homiylik qilgani aniqlangan.
GM Spark ishlab chiqarishni to‘xtatadi
Amerikaning General Motors kompaniyasi Spark rusumli avtomobillarni ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bergan.
Qayd etilishicha, General Motors o‘tgan yilda ushbu modelning sotuvi keskin pasayib ketganini va shu sababli ishlab chiqarishni to‘xtatishga qaror qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Spark rusumli avtomobil joriy yildan boshlab ishlab chiqarilmaydi.
O‘zingniki o‘zagingni qirqar. To‘qayev Nazarboyevni huquqlardan mahrum qildi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jomart-To‘qayev mamlakat birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevni Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston Xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni imzoladi. Bu haqda mamlakat mahalliy nashrlari xabar bermoqda.
Qonun bilan “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi”, “Qozog‘iston Xalqi assambleyasi to‘g‘risida”gi va “Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilgan. Unda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik Kengashi va Qozog‘iston Xalq assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi tuzatishlar kiritilgan.
Lukashenko Zelenskiyni haqorat qildi
Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni “boshsiz” deb atadi. Bu haqda u “Solovyov Live” kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiydan Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujum haqidagi bayonotlari tufayli ko‘ngli qolgan.
“Zelenskiy, meni kechir, men seni birinchi marotaba boshsiz deb atayman. Men uning bunday yo‘l tutishini kutmagan bo‘lsam ham, u “yo‘q, yo‘q, urush bo‘lmaydi, urush bo‘lmaydi” deb baqirishni boshladi. Biroq uni urush bo‘ladi, biz (Rossiya va Belarus) hujum qilamiz degan so‘zlarni aytishi uchun harakat qilishmoqda”, deydi Lukashenko.
Live
Barchasi