QALAMPIR.UZ dayjesti: Yo‘qolib ketish arafasidagi davlatlar, nafas olishi qiyinlashgan o‘zbekistonliklar, yubka kiyishga majburlangan erkaklar
Jamiyat
−
05 noyabr 2021
8063Jamiyat
Bu safar Urganchda. Yo‘q reysga chipta olgan 300 ga yaqin odam aeroportda to‘plandi
Urganch xalqaro aeroportida odamlarning tirbandligi yuzaga kelgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar tarqaldi. “Uzbekistan Airports” AJ holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 4 noyabr kuni soat kechasi taxminan 2:00 dan boshlab “Urganch” xalqaro aeroportiga Urganch – Moskva yo‘nalishi bo‘yicha IFly rus aviakompaniyasining parvozini amalga oshirish niyati bilan yo‘lovchilar kelishni boshlagan. Biroq, bu parvoz jadvalda mavjud bo‘lmagan. Yo‘lovchilarning barchasi aviachiptani Avia Market orqali sotib olgan. Charter reysiga jami 290 ta chipta sotilgan
DXX to‘rt viloyatda yirik miqdordagi giyohvand modda savdosiga chek qo‘ydi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Toshkent, Jizzax, Andijon va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tadbirlarda katta miqdordagi giyohvand moddalar musodara qilindi.
Xususan, Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Turkiston oblastining Maxtaaral rayonida istiqomat qiluvchi, 1976 y.t. qo‘shni davlat fuqarosi va Zomin tumanida yashovchi, 1989 y.t. mahalliy fuqaro 3 kg 880 gr. “opiy” moddasini 32 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkentda 678 kishi nafas qisishi tufayli “Tez yordam”ga murojaat qildi – SSV
Kecha, 4 noyabr kuni “Tez yordam” xizmatiga 4082 ta chaqiriq bo‘lgan. Shundan 678 tasi bevosita nafas siqishi bilan bog‘liq murojaatlardir.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘ribayevga ko‘ra, ushbu bemorlarga “tez yordam” brigadalari tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, ma’lum qismi gospitalizatsiya qilingan.
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarurligini ta’kidlagan.
Samarqandda Suriyaga ketishni rejalashtirgan shaxslar ushlandi
Joriy yilning 3 noyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda “jihod”ga chorlovchi materiallarni tarqatib kelgan guruh qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir doirasida Samarqand shahrida yashovchi D.Ya. va“F.M. 8 nafar mahalliy fuqarolar bilan birgalikda, ijtimoiy tarmoqlarda virtual jamoat tuzib, “jihod”ga chorlovchi materiallarni muntazam ravishda tarqatib, muhokama qilib kelganliklari va kelgusida mazkur guruxning 2 nafar a’zolari Suriya davlatiga “jihod” qilish maqsadida, chiqib ketishni rejalashtirganligi aniqlangan.
Yana Buxoro! Yana bo‘ron! Yana tom!
Kecha, 4 noyabr kuni kuzatilgan kuchli qum bo‘roni sabab Buxoro viloyati Peshku tumani hokimligi va soliq inspeksiyasi binosining tomi ko‘chib tushdi.
Hodisa yuz berishi bilan Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari yetib kelib, xavfsizlik choralarini ko‘rishgan. Binolar tomi ko‘chib ketishi oqibatida hech kim jarohatlanmagan.
Hozircha zarar miqdori noma’lum. Binolar tomini ta’mirlash ishlari boshlangan.
“150 yildan beri bunday holat kuzatilmagan”. Chang-g‘uborli havo qachongacha davom etishi aytildi
O‘zbekistonda kecha, 4 noyabr kuni yuz bergan qum bo‘roni hodisasi 150 yil davomida kuzatilmagan.
Ta’kidlanishicha, respublika hududlaridagi chang-g‘ubor keskin shamollar oqibatida yuzaga kelgan. Ushbu chang shamol to‘xtashi bilan 15-20 daqiqa oralig‘ida tarqalgan.
Shuningdek, mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, respublikada joriy yilning 12 noyabr kuniga qadar yog‘ingarchiliklar (janubiy viloyatlardan tashqari) kuzatilmaydi. Atmosfera havosidagi chang-g‘uborlarning yaqin kunlar ichida saqlanib qolish ehtimoli mavjud.
Olam
Lukashenko Putin va’dasini bajarmaganidan shikoyat qildi
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Ittifoq davlat Oliy davlat kengashi yig‘ilishi yakunida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qrimga usiz borganidan shikoyat qildi.
“Vladimir Vladimirovich menga hammasini va’da qilgandi: o‘zi bilan olib ketishni, Qrimni ko‘rsatishni, lekin bugun u ketdi va menga birga borishni taklif qilmadi. Shuning uchun men Oliy davlat kengashi a’zolari oldida turib shikoyat qilyapman”, deya hazil qilgan Belarus Prezidenti.
Milliarder Roman Abramovich shaxsiy Boeing’ini sotuvga qo‘ydi
Rossiyalik milliarder Roman Abramovich P4-MES raqamli shaxsiy Boeing 767-300ER samolyotini sotuvga qo‘ydi.
Samolyotning sotilishi bilan Global Jet Monaco SAM kompaniyasi shug‘ullanadi. Lotning taxminiy qiymati 100 million dollarni tashkil etadi.
Ta’kidlashicha, samolyotdan foydalanish 2007 yildan boshlangan. O‘shanda uning qiymati 315 million dollarni tashkil etgan.
Ittifoq davlati. Putin va Lukashenko yangi qarorni imzoladi
Rossiya va Belarus Prezidentlari Vladimir Putin hamda Aleksandr Lukashenko Ittifoq davlatining integratsiya qarorini imzoladi.
“Ko‘rdim, Putin imzoladi va men ham imzolayman”, degan Lukashenko onlayn majlisda.
Qaror bilan joriy yilning sentyabr oyida tasdiqlangan barcha 28 ta ittifoq dasturlari, shuningdek 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Ittifoq davlatini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlangan.
22 qavatli bino qulab, o‘nlab odamlar o‘lgani munosabati bilan motam e’lon qilindi
Bugun, 5 noyabr kuni Nigeriyaning Lagos shahrida bino qulashi oqibatida halok bo‘lganlar uchun uch kunlik motam boshlandi.
Ta’kidlanishicha, bugun ertalab vayronalar ostidan 38 kishining jasadi topilgan, ular orasida qulagan bino qurilishi bilan shug‘ullangan kompaniya egasi ham bor. To‘qqiz kishi tirik topilgan, ular hozir shifoxonada. Qulash joyida qidiruv ishlari davom etmoqda.
Shotlandiyada o‘g‘il bola o‘quvchilar va erkak o‘qituvchilar yubka kiyishga majburlandi
Shotlandiya maktablarining birida boshlang‘ich sinfda tahsil oladigan o‘g‘il bola o‘quvchilar, shuningdek erkak o‘qituvchilar “tenglik”ni ta’minlash uchun yubka kiyishga majburlandi.
Qayd etilishicha, Edinburgda joylashgan ta’lim muassasasi Ispaniyada har 4 noyabrda o‘tkaziladigan “Maktab uchun yubka kiy” kampaniyasini boshlashga qaror qilgan. Shu sababli o‘g‘il bolalar va erkak o‘qituvchilar yubka kiyishga jalb etilgan.
Tez orada Yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadigan davlatlar nomi ma’lum bo‘ldi
Global isish tufayli muzlarning erishi va dengiz sathining ko‘tarilishi bir qancha orol davlatlarining yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi.
Iqlim o‘zgarishi ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan hududlarga Kiribati, Tuvalu va Marshall orollari kiradi. Kiribatidagi nodavlat ekologik tashkilotlarining global tarmog‘i Climate Action Network koordinatori Peleniza Alofaning aytishicha, Glazgodagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti sammiti orol davlati uchun muhim voqeadir.
Hindistonda havo sifati o‘ta xavfli darajaga tushib ketdi
Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida havo ifloslanishi o‘ta xavfli darajadan oshib ketdi. Hind olimlari bu kabi ifloslangan havo shahar aholisining umrini o‘rtacha 6 yilga qisqartirishini ta’kidlagan.
Mamlakat meteorologiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda havo sifati indeksi (AQI) 500 dan oshgan. Havo sifati joriy yilning 7 noyabrigacha yaxshilanmaydi.
Berlindagi elchixona derazalari ostidan rus diplomatining o‘ligi topildi
Rossiyalik diplomatning jasadi mamlakatning Berlindagi elchixonasining konsullik bo‘limi binosi yonidan topildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 19 oktyabr kuni ertalab soat 7:20 atrofida Berlin politsiyasi qo‘riqchilari elchixona oldidagi piyodalar yo‘lagida jonsiz yotgan inson jasadini topishgan.
Shuningdek, 35 yoshli erkak 2019 yilning yozida Berlindagi elchixonaning ikkinchi kotibi sifatida akkreditatsiyadan o‘tgani ma’lum qilingan. U binoning yuqori qavatidan qulab tushgan degan taxmin ilgari surilmoqda.
Sport
Barcha davrlarning eng serdaromad sportchilari ma’lum bo‘ldi
Dunyodagi mashhur sportchilar faoliyati davomida qancha pul ishlab topgani tahlili qilindi. “Via Sportico” nashri tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, eng serdaromad 25 nafar sportchi orasida, 4 nafar futbolchi joy oldi. Ular Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi David Bekxem va Neymardir.
Nashrga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu jami 1,24 milliard yevro daromad bilan 5-o‘rindan joy oldi, Lionel Messi esa Krishtianudan salkam 100 million yevro kam ishlab topgan holda 8-pog‘onadan joy oldi.
APLning “yangi boyi” “Barsa” darvozabonini qo‘lga kiritmoqchi
Kataloniyaning “Barselona” klubi darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen qishki transfer oynasida “ko‘k-anorranglilar” safini tark etishi mumkin.
Manba tarqatgan xabarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni investorlari tomonidan sotib olingan “Nyukasl” jamoasi nemis posbonini o‘z safiga qo‘shib olish haqida o‘ylamoqda.
“Qarg‘alar” rahbariyati qishda darvoza chizig‘ini kuchaytirmoqchi va ushbu pozitsiyaga Ter Shtegen asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda.
Rasman! Xavi – “Barselona” bosh murabbiyi
Qatarning “Al-Sadd” jamoasi murabbiyi Xavi Ernandes rasman Kataloniyaning “Barselona” klubi boshqaruviga keldi. Bu haqda Qatar klubining ijtimoy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari xabar bermoqda.
Klubning Instagram sahifasida berilgan xabarga ko‘ra, “Al-Sadd” rahbariyati shartnomada ko‘rsatilgan tovon puli to‘langanidan keyin Xavining “Barselona”ga o‘tishiga rozi bo‘ldi.
LiveBarchasi