Kaxovka GESi vayron bo‘lishi ortidan 700 ming kishi ichimlik suvisiz qolishi mumkin – BMT

Olam

image

Kaxovka GESi to‘g‘onining vayron bo‘lishi sababli Ukrainaning 700 ming aholisi ichimlik suvi tanqisligiga duch kelishi mumkin. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kaxovka GESi to‘g‘oni vayron bo‘lgach, Ukrainadagi gumanitar vaziyat keskin yomonlashgan.

“Ammo aslida biz bu harakatlarning to‘liq oqibatlarini endigina ko‘ra boshladik”, deydi Griffits.

Keltirilishicha, to‘g‘onning buzilishi Ukrainadan oziq-ovqat eksportining kamayishiga va butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxining oshishiga olib keladi.

“700 000 kishi uchun sifatli ichimlik suvi yetishmasligi kabi katta muammo bor”, dedi Griffits.

Martin Griffitsning qo‘shimcha qilishicha, BMT GES vayron bo‘lganidan keyin suv toshqini zonasida qolgan Ukraina nazoratidagi viloyatlarning 30 mingga yaqin aholisiga yordam ko‘rsatgan.

Shuningdek, u Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzey bilan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun Rossiya nazoratidagi hududlarga BMT xodimlarini qabul qilish masalasini muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazilishini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning vaqtinchalik Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘on portlashi oqibatida vayron bo‘lgandi. Buning oqibatida aholi yashash punktlari suv ostida qoldi va Xerson viloyatida favqulodda holat joriy qilindi. BMT Xavfsizlik kengashi ham mazkur masalani ko‘rib chiqdi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir-birini aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Kaxovka GESi vayron qilinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

NATO, Yevropa Kengashi va Germaniya esa portlashda Rossiyaning qo‘li borligini aytdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa Ukraina GESga hujum qilishni reja qilganini oldindan bilganini bildirdi. Kaxovka GESi o‘rnida yangi stansiya qurish uchun kamida besh yil vaqt va bir milliard grivna (27 million dollar) kerak bo‘lishi ma’lum qilindi. 7 iyun kuni esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT va Qizil Xochning Kaxovka GESidagi favqulodda holatga munosabatidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

ichimlik suvi Ukraina Kaxovka GESi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing