Qrimdagi portlashlar Rossiyani vahimaga solyapti – ISW

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukrainaning Rossiya tomonidan egallab olingan Qrim yarimoroli va Xerson viloyatida sodir bo‘lgan so‘nggi portlashlar Rossiyaning mamlakat ichkarisidagi hududlar xavfsizligiga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda. Bu haqda Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisobotida aytiladi.

Tahlilchilarning qayd etishicha, Rossiyaning Qrim va Stariy Oskoldagi nishonlariga qilingan hujumlar haqidagi xabarlar “bo‘rttirilgan”. Biroq, sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, bosqinchilar yangi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rib, o‘q-dorilar va jihozlarni dalalar va o‘rmonlarga yaqinroq joyga tashishni boshlagan.

Shuningdek, mutaxassislar sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni o‘rganib, Belbekdagi aviabaza va Stariy Oskol aerodromida hech qanday zarar ko‘rmaganini ma’lum qildi.

Zaporoje viloyatidagi ismini oshkor etmagan Rossiya vakili ISW’ga bergan izohida, Rossiya havo mudofaasi Qrim ko‘prigi ustida raketa emas, balki dron urib tushirganini tasdiqlagan.

Qayd etilishicha, Rossiya rasmiylari va aholi o‘rtasida Qrimdagi xavfsizlik borasida xavotir kuchaymoqda, bunga misol uchun Sevastopolda dushman tomonidan qo‘poruvchilarni aniqlash uchun nazorat-o‘tkazish punktlari o‘rnatilgani guvohlik beradi.

Eslatib o‘tamiz, 16 avgust kuni Qrimning Jankoy tumanidagi Azovskoye qishlog‘idagi harbiy qismda o‘q-dorilar omborida portlash sodir bo‘ldi.

Qrim-tatar xalqi majlisi raisi Refat Chubarovning aytishicha, ruslar portlashlar epitsentridan 5 kilometr radiusdagi hududni o‘rab olgan va tinch aholini evakuatsiya qilgan.

RF Mudofaa vazirligi harbiy qismda o‘q-dorilar saqlanadigan joyda yong‘in sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Va keyinroq Rossiya tomoni sabotaj uyushtirilganini e’lon qildi.

G‘arb OAVda esa Qrimdagi portlashga Ukraina harbiylari uyushtirgan raketa zarbasi sabab bo‘lganini yozdi.

Shuningdek, 9 avgust kuni Qrimda, Novofedorovka aholi punkti hududida bir qator portlashlar sodir bo‘lgandi va Saki aerodromi hududida yong‘in chiqqandi. Portlashlar natijasida kamida 9 ta samolyot yo‘q qilingan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

28

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing