“Men faqat o‘zimga javob beraman”. Farrux Zokirov Fadeyevning ayblovlarini rad etdi
Madaniyat-san’at
−
30 noyabr 2023
29335O‘zbekiston xalq artisti – “Yalla” guruhi rahbari Farrux Zokirov rossiyalik qo‘shiqchi va prodyuser Maksim Fadeyevning jiyani Nargiz Zokirovani himoya qilayotgani haqidagi ayblovlarini rad etadi. Bu haqda xonandaning ma’muri QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Gap shundaki, avvalroq Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llashini tan olgan Nargiz Zokirovaning sobiq prodyuseri Maksim Fadeyev xonandaning ushbu harakatlarini qoralagan va uning tog‘asi Farrux Zokirovni jiyanini amaliy qo‘llab kelayotganlikda, uning xatolarini xaspo‘shlashga urinishda ayblagandi. Fadeyevning fikricha, Zokirovaning harakatlari ekstremizmdan boshqa narsa emas.
Farrux Zokirov esa Fadeyevning ushbu ayblovlarini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xonanda faqat o‘zi uchun javobgar va jiyanining harakatlariga ta’sir o‘tkaza olmaydi.
“Shuni aytishim mumkinki, qarindoshlarimning so‘zlari va harakatlariga ta’sir qila olmayman. “Kimningdir ortida turibdi”, "harakatlarini himoya qiladi" degan nazariyalar mutlaq yolg‘on. Agar avvalgi lavozimimni (Madaniyat vaziri) shu voqeaga bog‘lamoqchi bo‘lsalar, men bu lavozimdan salkam 20 yil avval ketganman. Faqat “Yalla” ansambli ijodi bilan shug‘ullanaman – buni ham hamma ko‘rib turibdi. Men faqat o‘zim uchun javobgar bo‘lishim mumkin”, deydi qo‘shiqchi.
Shuningdek, xonanda Rossiya va O‘zbekiston xalqlarining do‘stligi tarafdori ekanini qo‘shimcha qildi. Zokirovning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya jamoatchiligini yaxshi ko‘radi va bundan faxrlanadi.
“Rossiyadagi gastrolim haqida: men xalqlarimiz do‘stligi tarafdoriman. Rossiyadagi konsertlarimni hech qachon yashirmaganman, tomoshabinlarim bilan faxrlanaman va ularni yaxshi ko‘raman. Ushbu mavzu bo‘yicha boshqa izoh bo‘lmaydi va tushunishingizga umid qilaman”, deya qo‘shimcha qildi “Yalla” ansambli rahbari.
Ma’lumot uchun, Farrux Zokirov 1946 yilning 16 aprel kuni taniqli san’atkor Karim Zokirov oilasida dunyoda kelgan. U 2002-2004 yillarda Madaniyat vaziri o‘rinbosari, so‘ng Madaniyat vaziri lavozimlarida ishlagan. U 1987 yilda O‘zbekiston xalq artisti, 1993 yilda Qoraqalpog‘iston xalq artisti, 1995 yilda Qozog‘iston xalq artisti, 1996 yilda Qirg‘iziston xalq artisti, O‘zbekistonning "Shuhrat" medali, 2000 yilda Tojikiston xalq artisti, Ingushetiya xalq artisti, 2017 yilda Qirg‘izistonning "Do‘stlik" ordeni, 2018 yilda O‘zbekistonning "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan. Joriy yil 28 oktyabr kuni esa Tatariston raisi Rustam Minnixonov Farrux Zokirovga Tatariston Respublikasi xalq artisti faxriy unvonining ko‘krak nishonini topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 noyabr kuni Nargiz Zokirovaga prankerlar Vovan (Vladimir Kuznetsov) va Leksus (Aleksey Stolyarov) qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini Ukrainaning sobiq madaniyat vaziri Aleksandr Tkachenko deb tanishtirgan. Telefon suhbatida esa Zokirova Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llashini tan olgan va Donetskni bombardimon qilishda ishlatiladigan raketalarga o‘z ismini yozishlarini so‘ragan. Shundan so‘ng, uning sobiq prodyuseri Maksim Fadeyev xonandani qoraladi. Uning tog‘asi – O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovni jiyanini amaliy qo‘llab kelayotganlikda aybladi.
Ma’lumot o‘rnida, Nargiz Zokirova O‘zbekistonda taniqli musiqachilar oilasida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq artistlari Botir Zokirov, Farrux Zokirov va Jamshid Zokirov uning tog‘alari.
1995 yilda esa Nargiz Zokirova ota-onasi bilan birgalikda AQSHga ko‘chib ketgan. 2013 yilda u Rossiyaning “Ovoz” (“Golos”) televizion loyihasida ikkinchi o‘rinni egallagan.
2022 yilning 24 may kuni Toshkentdan Moskvaga borgan xonanda Nargiz Zokirova Domodedovo aeroportida qo‘lga olindi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati qabul qilgan qarorga ko‘ra, xonanda O‘zbekistonga qaytarilganidan so‘ng, Rossiya haqida keskin fikrlar bildirgani uchun 50 yilga – 2072 yilgacha Rossiyaga kirish huquqidan mahrum qilingan.
LiveBarchasi