Qrimda portlashlar ko‘payishi mumkin – Ukraina Prezidenti devoni

Olam

image
Qrimdagi portlash Rossiyaga qanchaga tushgani sarhisob qilindi north_east

Qrimdagi portlash Rossiyaga qanchaga tushgani sarhisob qilindi

Yaqin ikki-uch oy ichida Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimdagi harbiy ob’ektlarda yana portlashlar sodir bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak “The Guardian” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, Jankoy tumanidagi rus qo‘shinlarining o‘q-dorilar omborida sodir bo‘lgan yong‘in – bu ruslar tomonidan egallab olingan Qrim omborlarining portlashi hamda bosqinchilar va o‘g‘rilar uchun o‘lim xavfi yuqori ekani haqida eslatma.

Nashrning qayd etishicha, Ukraina zarbalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Biroq bu so‘zlarni Ukraina mamlakat janubida to‘liq qarshi hujumni boshlash uchun zarur bo‘lgan odamlar va harbiy texnikani to‘plashga urinayotganini tan olish sifatida ham talqin qilish mumkin.

Podolyak mavjud arsenalga qo‘shimcha ravishda “"yana 50, 60, 80” yalpi reaktiv hujum tizimini so‘ragan.

Prezident devoni vakili o‘tgan hafta Novofedorovka aviabazasiga qilingan hujum partizanlarning ishi bo‘lishi mumkinligini tan olgan, ammo Moskva aytganidek, bu baxtsiz hodisa bo‘lishi mumkinligi haqidagi har qanday taxminni rad etadi.

“Men Rossiya Mudofaa vazirligining yaqin 2-3 oy ichida bunday voqealar ko‘proq bo‘lishi haqidagi bashoratiga, albatta, qo‘shilaman. O‘ylaymanki, biz bunday holatlarni ko‘proq ko‘rishimiz mumkin”, deydi Podolyak.

U, shuningdek, Ukraina bosib olingan yarim orolni Rossiya bilan bog‘laydigan Qrim ko‘prigiga qonuniy harbiy nishon sifatida qarashiga ishora qildi. 

“Bu noqonuniy qurilish va Qrimdagi Rossiya armiyasini ta’minlashning asosiy yo‘li. Bunday ob’ektlarni yo‘q qilish kerak”, deydi u.

Amerikaning Urushni o‘rganish instituti tahlilchilariga ko‘ra, kechagi Jankoy yaqinidagi portlashlar Rossiya logistikasiga jiddiy zarar yetkazgan. Zaporojya janubidagi va Xerson viloyatlarining g‘arbiy qismidagi dushman guruhlari “zarba” ostida qoldi.

Shu bilan birga, ekspertlarda zarbalar Ukraina Qurolli Kuchlariga yetkazib berilgan G‘arb qurollaridan berilgani haqida hech qanday dalil yo‘q. Ammo, Rossiya Federatsiyasining Qrimdagi harbiy ob’ektlariga qilingan hujumlar Ukraina armiyasining Xerson yo‘nalishidagi qarshi hujum harakatlarining bir qismi bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 16 avgust kuni Qrimning Jankoy tumanidagi Azovskoye qishlog‘idagi harbiy qismda o‘q-dorilar omborida portlash sodir bo‘ldi.

Qrim-tatar xalqi majlisi raisi Refat Chubarovning aytishicha, ruslar portlashlar epitsentridan 5 kilometr radiusdagi hududni o‘rab olgan va tinch aholini evakuatsiya qilgan.

RF Mudofaa vazirligi harbiy qismda o‘q-dorilar saqlanadigan joyda yong‘in sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Va keyinroq Rossiya tomoni sabotaj uyushtirilganini e’lon qildi.

G‘arb OAVda esa Qrimdagi portlashga Ukraina harbiylari uyushtirgan raketa zarbasi sabab bo‘lganini yozdi.

Shuningdek, 9 avgust kuni Qrimda, Novofedorovka aholi punkti hududida bir qator portlashlar sodir bo‘lgandi va Saki aerodromi hududida yong‘in chiqqandi. Portlashlar natijasida kamida 9 ta samolyot yo‘q qilingan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing