Qrimdagi portlash Rossiyaga qanchaga tushgani sarhisob qilindi
Olam
−
12 avgust 2022
16929Turli manbalarning xabar berishicha, Qrimdagi Saki aerodromida 8 dan 24 tagacha rus samolyotlari, asosan qiruvchi va razvedka uchoqlari yo‘q qilingan. “Forbes Ukraina” nashri ularning narxini miqdori va tasnifiga qarab hisoblab chiqdi.
Portlashlardan bir necha soat oldin Amerikaning Planet Labs kompaniyasi aerodromning sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini e’lon qilgan – ular aeroport yaqinida 20 dan ortiq samolyot turganini ko‘rish mumkin.
Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy havo kuchlari matbuot kotibi Yuriy Ignatning so‘zlariga ko‘ra, aerodromda asosan Su-30SM qiruvchi va Su-24MR razvedka samolyotlari hamda bitta harbiy transport Il-76 va bir nechta vertolyotlar bo‘lgan.
“Forbes” Rossiya harbiy samolyotlarining taxminiy narxini baholagan (ba’zi hollarda alohida texnikalarning narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan holatlar bo‘lishi mumkin). Xususan, Su-30SM – 50 million dollar, Su-24MR – 6 million dollar, Il-76 – 86 million dollarga baholangan.
Prezident Zelenskiy 10 avgust kuni ukrainaliklarga kechki videomurojaatida Rossiya Saki aerodromida 9 ta harbiy samolyotini yo‘qotganini aytdi. Agar yo‘qolgan to‘qqizta samolyotning barchasi Su-24MR dan arzonroq bo‘lgan deb hisoblasak, Rossiya yo‘qotishlarining umumiy miqdori taxminan 55 million dollarni, Su-30SMdan qimmatroq bo‘lsa 450 million dollarni tashkil qiladi.
Ochiq manbalarga tayanuvchi UA Weapons Tracker razvedka loyihasi Novofedorovka aerodromida kamida 11 ta samolyot – beshta Su-30SM qiruvchisi va oltita Su-24MR zarba va razvedka samolyoti yo‘q qilinganini taxmin qildi. Bu holatda Novofedorovkadagi portlashlar Rossiyaga taxminan 300 million dollarga tushgan.
Razvedkachilarning ta’kidlashicha, portlashda yuqorida aytilganidan ko‘proq samolyotlar yo‘q qilingan bo‘lishi mumkin. Ehtimol tasdiqlangan 11 tadan tashqari yana to‘rtta samolyot yo‘q qilingan, ammo bu hali isbotlanmagan.
InformNapalm xalqaro razvedka jamiyati sputnik tasvirlari zarbaning butun ko‘lamini ko‘rsatmasligini ta’kidlagan. Qrimdagi manbalariga ko‘ra, Rossiya zarbadan so‘ng sakkizta Su-27, to‘rtta Su-30SM, beshta Su-24, oltita Mi-8 va bitta Il-20 ni yo‘qotgan. Bu ssenariyga ko‘ra Moskvaning yo‘qotishlari taxminan 380 million dollarga teng.
Eslatib o‘tamiz, 9 avgust kuni Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimorolining Novofedorovka posyolkasidagi “Saki” harbiy aviabazasida ketma-ket portlashlar sodir bo‘ldi. Rossiya samolyotlari Zaporoje, Nikolayev va Xerson viloyatlarini bombardimon qilish uchun aynan shu havo bazasidan foydalanayotgandi.
Ukraina Mudofaa vazirligi portlashlarga izoh berib, yong‘in sabablarini aniqlay olmaganini ta’kidlab o‘tdi.
Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, portlashlar o‘q-dorilarning o‘z-o‘zidan portlashi tufayli sodir bo‘lgan. Jarohatlanganlar va bir kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar bor. 14 kishi jabrlangan.
“The Washington Post” nashri Ukraina rasmiysiga tayanib, Qrimdagi aerodromga Ukraina maxsus kuchlari zarba berganini xabar qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi