Qozog‘istondagi talato‘plarda necha kishi o‘ldirilgani ochiqlandi

Olam

image

Qozog‘istondagi tartibsizliklarda 4,5 mingdan ortiq odam jabrlangan, 225 kishining jasadi morglarga olib borilgan. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasining Jinoiy tergov xizmati boshlig‘i Serik Shalabayev ma’lum qildi.

“Hozirgi kunga qadar 4 578 nafar jabrlanuvchining shaxsi aniqlangan, ulardan 4 353 nafari jarohatlangan, shu jumladan 3393 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlaridir. Favqulodda holat davrida 225 nafar o‘lik mamlakat o‘likxonalariga yetkazildi”, degan u. Shalabayev qurbonlar orasida 19 nafar politsiya xodimi va askar ham borligini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning bir qismi “terrorchilik xurujlarida ishtirok etgan, binolarga va huquq-tartibot idoralari xodimlariga hujum qilgan qurolli buzg‘unchilardir”.

“Afsuski, tinch aholi ham terrorchilik harakatlari qurboniga aylangan”, - degan Shalabayev.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 225 nafar halok bo‘lganlardan 175 nafari tibbiyot muassasalarida vafot etgan.

Jinoiy ishlar tergovi

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari hozirgacha mamlakatda tartibsizliklar keltirib chiqarishda ishtirok etgan 446 kishini hibsga olgan. 

“Bugungi kunda tergov-tezkor guruhi tomonidan 546 ta jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda, ulardan 44 tasi terrorchilik harakati, 34 tasi ommaviy tartibsizliklar, 15 tasi qotillik bo‘yicha. Jinoyat sodir etishda gumon qilingan 672 nafar shaxs vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi, shundan 446 tasi Sud qarori bilan hibsga olindi”, degan Shalabayev.

Uning qayd etishicha, hujjatlar tekshirilgandan so‘ng va prokuratura tomonidan hibsga olish uchun asoslar yo‘qligi sababli 100 ga yaqin shaxs qo‘yib yuborilgan. “Hozirda zaruriy tergov harakatlari olib borilmoqda”, deya aniqlik kiritgan u.

Qozog‘istonda namoyishlar

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 6 yanvar kuni Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston harbiylaridan iborat KXSHT tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonga kirdi. Xorijiy harbiylarga muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni qo‘riqlash vazifasi topshirildi. KXSHT kontingenti kecha Qozog‘istonni tark etishni boshladi. Hozirgacha BelarusArmaniston va Rossiya harbiylari ortga qaytgani haqida xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'istondagi tartibsizliklar

Baholaganlar

139

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing