Qozog‘iston Rossiyaga sanksiyalar ortidan o‘z g‘amini yeyishga tushdi

Olam

image

Rasmiy Nur-Sulton AQSHning Rossiyaga qo‘ygan sanksiyalar Qozog‘istonga ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda. Shu bois sanksiyalar masalalari bo‘yicha Qozog‘iston-Amerika onlayn maslahatlashuvlari o‘tkazildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar qilmoqda. 

“Qozog‘iston Respublikasining AQSHdagi elchixonasi ko‘magida AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalarining Qozog‘iston iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini minimallashtirish maqsadida sanksiyalar masalalari bo‘yicha Qozog‘iston-Amerika onlayn maslahatlashuvlari o‘tkazildi. Maslahatlashuvlarda Qozog‘istondan savdo-iqtisodiy, moliya, transport, mudofaa, energetika va aerokosmik sohalarga mas’ul manfaatdor davlat organlari, shuningdek, milliy kompaniyalar vakillari (80 ga yaqin) ishtirok etdi”, deyiladi TIV xabarida.  

Qayd etilishicha, muloqotda Amerika tomoni Rossiyaga nisbatan yaqinda joriy etilgan AQSH sanksiyalari va savdo-iqtisodiy, bank-moliya va energetika sohalarida yangi sanksiya cheklovlarining xususiyatlari haqida ma’lumot bergan. 

Shuningdek, qozog‘istonlik ishtirokchilarga sanksiyalar rejimi ostidagi hamkorlar bilan hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha tushuntirishlar berilgan. 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar AQSHning sanksiya siyosatining Qozog‘iston iqtisodiyoti uchun kutilmagan oqibatlarini oldini olish maqsadida maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden Vashington Rossiyadan barcha turdagi energiya importiga taqiq qo‘yyishini ma’lum qildi. AQSH Kongressining Vakillar palatasi 9 mart kuni Rossiyadan energiya resurslari importini taqiqlash va AQSH rasmiylari tomonidan Rossiyaning Jahon savdo tashkilotidagi (JST) ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.  

Shuningdek, kecha, 11 mart kuni AQSH Rossiyadan alkogollik ichimliklar, nosanoat olmoslar va dengiz mahsulotlari importini va Rossiyaga dollar banknotlarini yetkazib berishni taqiqladi

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

65

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing