“Qovunchi” Bayden, Angrendan jasadi topilgan sayyoh, 6 jurnalistni olib ketgan YTH – yangiliklar dayjesti

Tahlil

image
Yakuniga yetayotgan 12 yanvar O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim voqealari qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Rasman: O‘zbekistonda pandemiya xavotirli tus olayotgani e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yana xavotirli tus olayotganini e’lon qildi. Qayd etilishicha, kecha, 11 yanvar kuni respublika bo‘ylab kasallanishlar soni 600 tadan oshgan, 4 nafar bemor vafot etgan. 

Ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 201759 (+604) nafarni tashkil etmoqda.

“Ma’lumki, shu kunlarda dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yanada murakkablashmoqda. Xususan, COVID-19ning yangi "omicron" shtammi qator mamlakatlarda jiddiy muammolarni yuzaga keltirayotir.

Afsuski, so‘nggi kunlarda yurtimizda ham kasallanishlar soni yana orta boshladi. Xususan, mamlakatimizda "omicron" shtammi aniqlandi. Shu sababli barcha yurtdoshlarimizdan dunyodagi murakkab pandemik holatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilib, kasallikka qarshi to‘liq emlanishlarini so‘rab qolamiz”, deyiladi SSV xabarida.

Dahshat! Angrenda muzlab qolgan sayyohning jasadi topildi

Joriy yilning 10 yanvar kuni Angren IESga qarashli dam olish maskani hududidan oqib o‘tuvchi soydan dam olish uchun kelgan 70 yoshli erkakning jasadi topildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotida marhumning o‘limiga umumiy tashqi muhitdagi past harorat ta’sirida organizmni umumiy sovuq qotishi sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan. 

Ba’zi manbalarda erkakning toshkentlik sayyoh ekani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, u yaqin yo‘ldan yurish uchun sheriklaridan ajralgan va muzlab qolgan.

Harbiy xizmatga qabul qilish tartibi o‘zgaradi

O‘zbekistonda harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi o‘zgarishi mumkin. Bu haqda Mudofaa vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi idoralararo qaror loyihasida so‘z boradi. Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

Unga ko‘ra, nomzod Saralash komissiyasi kotibiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:

•  biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi (nusxasi olinib, asli qaytariladi);

•  harbiy guvohnoma (nusxasi olinib, asli qaytariladi);

•  tug‘ilganlik haqida guvohnoma (nusxasi olinib, asli qaytariladi);

•  nomzod tomonidan qo‘lda yoki kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

•  anketa-ma’lumotnoma.

Toshkent viloyatida 2,4 mingga yaqin mahkum muddatidan oldin ozod etilgani ma’lum bo‘ldi

Toshkent viloyatida 2021 yil ichida 2,4 mingga yaqin mahkum muddatidan oldin ozod etilgan. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, 2021 yilda Toshkent viloyati IIBB Probatsiya bo‘limi Probatsiya hisobida turuvchi nazoratdagi shaxslar bilan o‘tkazilgan profilaktik tadbir va sayyor sudlarda, mehnatga halol munosabatda bo‘lgan, cheklovlarga to‘liq rioya etgan 2 ming 398 nafar nazoratdagi shaxsning jazosi muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilgan.

Suriyadagi jangarilarga qo‘shilmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik Rossiyada ushlandi

Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ushlandi. U Rossiyada "Tavhid va jihod katibasi" terroristik guruhi a’zolari bilan muloqotga kirishib, ularning ta’siriga tushib qolgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 1987 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan J.X. 2016-2021 yillarda mehnat migranti sifatida Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasida ishlashi davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali Suriya davlati hududidagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik guruhi a’zolari bilan muloqotga kirishib, ularning ta’siriga tushib qolgan.

Olam

Xitoy Afg‘onistonning tarafini olib, AQSHni ogohlantirdi

10 yanvar kuni, Xitoy tashqi ishlar vazirligi AQSHga Afg‘onistonning muzlatilgan boyliklarini qaytarish va unga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishini talab qilib, bayonot bilan chiqqan. 

Bunga sabab, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining Bosh vazir o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Birodarning AQSH ustidan shikoyati bo‘lgan. Unga ko‘ra, Afg‘oniston bo‘ylab kuzatilayotgan qishki yog‘ingarchiliklar va sovuq oziq-ovqat va kiyim-kechakka muhtoj afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirgan. AQSH joriy qilgan sanksiyalar esa mamlakat iqtisodi uchun jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. 

Ozarbayjon-Armaniston chegarasida vaziyat keskinlashdi. AQSHga axborot berildi

Armaniston qurolli kuchlarining 11 yanvar kuni tushdan boshlab uyushtirgan provokatsiyasi natijasida Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Kalbajar viloyati yo‘nalishida vaziyat keskinlashdi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Xabarda aytilishicha, Ozarbayjon armiyasining ko‘rsatilgan yo‘nalishdagi bo‘linmalari hech qanday aviatsiya va artilleriya vositalaridan foydalanmasdan, dushmanni bostirish uchun tegishli javob choralarini ko‘rmoqda. 

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, hozirda operativ vaziyat Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari nazorati ostida. 

AQSH KXSHTni Qozog‘istonni tark etishga chaqirmoqda

AQSH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonda o‘z missiyasini bajarayotgani haqidagi e’lonni olqishlaydi va kontingentni ushbu mamlakat rasmiylari talabiga binoan respublikani tezda tark etishga chaqiradi. Bu haqda kecha, 11 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays ma’lum qildi. 

"Biz Olmaotadagi [vaziyatni] tinchlantirish haqidagi xabarlarni olqishlaymiz. Shuningdek,  rezident [Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart] To‘qayevning KXSHT tinchlikparvar kuchlari o‘z missiyasini bajarganligi haqidagi e’lonini olqishlaymiz. Qo‘shinlar olib chiqib ketilgan bo‘lsa, biz barcha tinchlikparvar kuchlarni xalqaro inson huquqlarini hurmat qilishga va Qozog‘iston so‘roviga ko‘ra, mamlakatni zudlik bilan tark etish majburiyatini bajarishga chaqirishda davom etamiz”, deydi u.

Mudhish YTHda 14 kishi, jumladan 6 jurnalist vafot etdi

Kecha, 11 yanvar kuni Tanzaniya shimolida yengil avtomobil hamda mikroavtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Oqibatda taxminan 14 nafar odam halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida 6 nafar jurnalist ham borligi aytilmoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.

Qayd etilishicha, jurnalistlar Simiyyu viloyatiga tanishuv sayohatini amalga oshirayotgan bo‘lgan. Ammo to‘satdan ularning mashinasi mikroavtobus bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda 11 kishi voqea joyida, yana uch kishi shifoxonada vafot etgan.

O‘zbekistonni Qozog‘iston xaritasiga qo‘shib olgan Umarov yuqori lavozimni egalladi

Kecha, 11 yanvar kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Respublika Hukumatining yangi tarkibi to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Unda mamlakat Axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri lavozimini vazirlikning sobiq o‘rinbosari bo‘lgan Asqar Umarov  egallagan.

Ushbu tayinlov qozoqlarda va ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning rus segmentida turli munosabatlarga sabab bo‘lmoqda. Umarov mamlakatda ochiqchasiga rusofob sifatida tanilgan. Uning Rossiyaga kirishi rasman taqiqlangan.

Qozog‘istonda tartibsizliklar boshlanganidan keyin iste’foga chiqqan sobiq hukumatda Umarov axborot vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

“Tolibon” O‘zbekiston va Tojikistonni afg‘on samolyotlarini qaytarishga chaqirdi

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgan “Tolibon” harakati Tojikiston va O‘zbekiston rasmiylarini Markaziy Osiyoning ushbu Respublikalariga olib o‘tilgan samolyotlarni qaytarishga chaqiradi. Bu haqda mahalliy “TOLOnews” telekanali xabar bergan.  

“Tojikiston yoki O‘zbekistonga olib o‘tilgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Samolyotlarimiz xorijda qolishiga yoki bu davlatlar foydalanishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Kelajakdagi havo kuchlarimiz hech qanday davlatga bog‘liq bo‘lmaydi”, degan toliblar tomonidan tayinlangan Mudofaa vaziri Muhammad Yoqub. 

Qariya Bayden yana “qovun tushirdi”

Amerika yetakchisi Jo Bayden yana bir bor AQSH vitse-prezidenti Kamola Xarrisni davlat rahbari deb atadi. Bu haqda “Fox News” xabar bermoqda.  

Voqea kecha, 11 yanvar kuni Baydenning Atlantadagi Universitet markazidagi nutqi chog‘ida yuz bergan. 

“O‘tgan hafta Prezident Xarris va men Kapitoliyda hikoyamizni “oldin va keyin”ga ajratgan lahzalardan birini muhokama qildik”, degan Bayden. 

Vaziyat jiddiy: pandemiya davridagi rekord qayd etildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 3 yanvaridan 9 yanvarigacha bo‘lgan vaqt davomida dunyoda 15 154 666 ta yangi koronavirus infeksiyasi holati qayd etilgan. Bu butun pandemiya davridagi rekorddir.  

Yevropada eng yuqori o‘sish holati kuzatilgan — 7,1 mln. Shuningdek, 43 461 kishi vafot etgan. 

Xitoyda O‘zbekiston ombori ochildi

O‘tgan yilning 27 dekabr kuni Xitoyning Gansu provinsiyasida Toshkentning xorijdagi omborlari ochildi. 

Foydali hajmi 9 ming kub metr bo‘lgan yangi omborlar O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan tovarlarni saralash funksiyasini bajaradi. Xabarda aytilishicha, xorijda omborlar tashkil etilishi hisobiga tovarlarni xaridorlarga yetkazib berish muddati 30 kundan uch yoki to‘rt kungacha qisqartirilishi mumkin.

Qozog‘iston elchisi Nazarboyev qayerda ekanini aytdi 

Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyev ayni damda Respublika poytaxtida. Bu haqda Qozog‘istonning Ozarbayjondagi elchisi Serjan Abdikarimov ma’lum qildi.  

“Nazarboyev Qozog‘iston poytaxtida. U do‘st davlatlar rahbarlari bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan doimiy aloqada. U vaziyatni kuzatmoqda”, degan Abdikarimov bugun, 12 yanvar kuni Bakuda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Sport

O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi va futbolchisi koronavirusga chalindi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets va futbolchi Hojimat Erkinovda koronavirus aniqlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

“Bugungi kunda yana tez suratlarda tarqalayotgan koronavirus infeksiyasi futbol olamiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston milliy terma jamoasini ham Covid-19 bilan bog‘liq vaziyat chetlab o‘tmadi. Xususan, milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanets Dubaydagi yig‘inga Sloveniyadan yetib kelishi rejalashtirilgan edi. Biroq, bevosita ketish oldidan topshirilgan test musbat natijani keltirib chiqargan. Shu tariqa, sloveniyalik mutaxassis o‘z yurtida karantin o‘tashga majbur bo‘ldi. Umid qilamizki, karantin davri tugagach, murabbiyimiz o‘z sog‘lig‘ini tiklagan holda terma jamoa boshqaruviga qaytadi. Unga qadar Katanetsning yordamchi murabbiylari yig‘inning boshlang‘ich qismida terma jamoani boshqarib turadi”, deyiladi xabarda.

“Real” sobiq darvozaboni Messiga “tosh otdi”

“Real”ning sobiq darvozaboni Yeji Dudek Lionel Messining “El-Klasiko”dagi xatti-harakatlari haqida gapirdi.

“U yolg‘onchi va provokatsion futbolchi edi, xuddi butun “Barselona” kabi, Xosep Gvardiola bilan birga. Men Messining Pepe va Ramosga qo‘pol so‘zlar aytganini eshitganimda, uning bunday inson ekaniga ishonish qiyin bo‘lgan edi”, deydi Dudek “Daily Mail”ga bergan intervyusida.

UFC titulsiz super jang tashkil etadi  

UFC yarim o‘rta vazn toifasi jangchilari – Xorxe Masvidal va Kolbi Kovington o‘rtasidagi jang joriy yilning 5 mart kuni UFC 272ning asosiy jangi bo‘lishi mumkin. Bu haqda ESPN tashkilotning yuridik bo‘limi rahbari Xanter Kempbellga asoslanib, xabar bermoqda.

Har ikki amerikalik jang uchun rasmiy shartnoma imzolamagan, biroq Kempbellning so‘zlariga ko‘ra, tituldan tashqari jang o‘tkazish bo‘yicha deyarli kelishuvga erishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing