Qirg‘iziston chegaraoldi aholisiga qurol tarqatmoqchi
Olam
−
27 may 2021
13419Yaqinda Tojikiston bilan chegarada yuz bergan qurolli to‘qnashuvdan so‘ng Qirg‘iziston parlamenti deputatlari professional askarlar hisoblanmagan chegaraoldi hududlaridagi fuqarolarga qurol berishni taklif qildi. Ushbu taklif parlamentga taqdim etilgan “Chegara komissarlari to‘g‘risidagi” qonun loyihasida keltirilgan. Bu haqda mahalliy OAV yozmoqda.
Xabarga ko‘ra, bunday komissarlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi va ular “mamlakat chegara xizmatiga axborot masalasida yordam beradigan” rezidentlar deb nomlanadi. Qonunda ularga qurol berishdan tashqari, ularni yiliga ikki marta harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari ular harbiylar bilan teng ravishda ijtimoiy sug‘urtaga kirish huquqiga ega bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, tashabbus mualliflari qonunni qirg‘iz-tojik chegarasidagi so‘nggi mojarodan keyin yozishga qaror qilgan.
So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha to‘qnashuvlar oqibatida 36 Qirg‘iziston fuqarosi va 19 tojikistonlik halok bo‘lgan.
Ayni vaqtda Qirg‘izistonda 140 kishi chegara komissari maqomiga ega. Agar qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, qo‘llarida qurol-yarog‘ bo‘lgan odamlar soni ortadi.
Xavfsizlik bo‘yicha ekspert Artur Medetbekovning ta’kidlashicha, tinch aholiga qurol tarqatish juda xavflidir. Ekspert miltiq va to‘pponchalar harbiy qismlar va politsiya bo‘limlaridagi seyflarda saqlanishiga umid qilmoqda.
Biroq, qirg‘iz deputatlari tayyorlagan qonun loyihasida qurollarning saqlanish tartibi bo‘yicha hech narsa deyilmagan.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 28 aprel kuni Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi.
Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.
Shu kunning o‘zida Japarov va Rahmon telefon orqali suhbatda may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan edi.
1 may kuni ikki davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitalari rahbarlari chegara hududida uchrashib, o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga kelishib oldi.
Shuningdek, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Tojikiston bilan chegaradagi mojaro tojik tomoni suv inshooti oldida kuzatuv kameralarini o‘rnatishni boshlashi ortidan boshlanganini ma’lum qildi.
2 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston harbiylar va harbiy texnikani chegaradagi qurolli to‘qnashuv zonasidan olib chiqishni boshladi.
Keyinchalik, Rasmiy Bishkek va Dushanbe chegaraning umumiy qismini tavsiflash jarayonini faollashtirishga kelishib olgani ma’lum qilindi.
Davlat chegarasini muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nazarali uulu Talantbek Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi nazorat punktlari vaqtincha yopilganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz-tojik davlat chegarasidagi vaziyat barqarorlashishi munosabati bilan qirg‘iz xalqiga murojaat qildi.
3 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradan qo‘shimcha harbiy kuchlarni to‘liq olib chiqdi.
Shu kuni 2010 yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida yuz bergan voqealar vaqtida mamlakat Prezidenti bo‘lgan Roza Otunbayeva vatandoshlariga murojaat yo‘llab, otishmalarga tashqi kuchlar aloqadorligini aytdi.
Tojikiston Bosh prokuraturasi Qirg‘iziston bilan chegaradosh Isfara shahrining Chorkux qishlog‘iga qilingan hujum uchun qirg‘iz harbiy xizmatchilariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi.
Qolaversa, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qirg‘iz-tojik chegarasida yuz bergan to‘qnashuvlar yuzasidan Qirg‘iziston tomoniga hamdardlik bildirdi.
Avvalroq Qirg‘iziston chegaradagi voqealarni harbiy bosqinchilik deb atagandi. Tojikiston ushbu mojaroni tajovuzkorlik deb baholadi.
4 may kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon tojik-qirg‘iz chegarasida yuz bergan to‘qnashuvlar natijasida vayron bo‘lgan tojikistonliklarning uylarini davlat byudjetidan qayta qurishga ko‘rsatma berdi.
Tojik-qirg‘iz mojarosidan so‘ng Qirg‘izistonning Botken viloyati rahbari ishdan olindi.
Joriy yilning 7 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan tojik-qirg‘iz mojarosidagi vaziyat haqida gaplashdi.
10 may kuni Rossiya tomonining tashabbusi bilan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda Putin Rossiya Federatsiyasi Qirg‘iziston Respublikasiga chegara mojarosining gumanitar oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini aytdi.
LiveBarchasi