Mirziyoyev qasamyodi, Kremlni ogohlantirgan MRB, judolikka uchragan Yulduz Usmonova... Bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image
Yakuniga yetayotgan 6 noyabrda O‘zbekiston va xalqaro maydonda qanday voqealiklar yuz berdi? Bugungi kun nimasi bilan esda qoldi? Bularning bari QALAMPIR.UZ dayjestida.

Jamiyat 

Samarqandda mansabdorlar rahnamoligidagi jinoiy guruh fosh qilindi

Samarqandda mansabdor shaxslar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari rahnamoligida aholiga ajratilgan gazni talon-toroj qilgan jinoiy guruh fosh qilindi. 

Kecha, 5 noyabr kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida joylashgan “Samarqand gaz to‘ldirish stansiyasi”dan surunkali ravishda “Nurobod gaz servis” MCHJga qarashli “DAF” rusumli 20 tn sig‘imli yuk avtomashinasida aholi xonadonlariga ajratilgan imtiyozli narxdagi suyultirilgan uglevodorodli gazni yashirin ravishda talon-toroj qilib kelgan jinoiy uyushma faoliyati fosh etildi.

Qashqadaryoda Lacetti teplovoz bilan to‘qnashdi

Ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida teplovoz va Lacetti ishtirokida yo‘l-transport xodisasi sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. IIV YHXBB mazkur YTH bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, YTH joriy yilning 4 noyabr kuni soat 20:00 larda Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, Mudin qishlog‘i hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 149-kilometrida yuz bergan. Haydovchi, 1992 yilda tug‘ilgan S.T. Lacetti rusumli avtomobilni boshqarayotib, temir yo‘l kesishmasiga chiqib ketishi oqibatida “Buxoro-Qarshi” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan yuk tashuvchi teplovoz bilan to‘qnashgan.

Navoiyda 16 yoshli qizni jinsiy qullikda saqlagan ayol ushlandi

Navoiy viloyatida ayol o‘z xonadonida qizlarni saqlab, odam savdosi, fohishalik va qo‘shmachilik jinoyatlarini sodir etib yurgani aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, Navoiy shahrining Nizomiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda yashaydigan 1982 yilda tug‘ilgan ayol qizlarning ikki nafarini 1 sutkaga har birini 1 million so‘mdan yaqin aloqada bo‘lish uchun sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

O‘zbekistonga yopirilgan chang bo‘ronning “sputnik”dan olingan surati e’lon qilindi

Kecha, 5 noyabr kuni kunning birinchi yarmida sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar e’lon qilindi. Unda changli g‘ubor O‘zbekiston va unga yondosh hududlarni qoplab olganini ko‘rish mumkin.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlardan chang-g‘ubor hodisasi bilan bog‘liq xiralik Qozog‘istonning janubiy viloyatlari, Tojikistonning qo‘shni So‘g‘d, Toshkent, Sirdaryo, qisman Jizzax hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlari atmosferasini bulut misol qoplab olganini ko‘rish mumkin.

Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildi

Bugun, 6 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yangi binosida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimi boshlandi. 

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 92-moddasiga binoan, O‘zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev quyidagicha qasamyod qabul qildi.

“O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident qasamyod marosimidan keyingi nutqida O‘zbekistonga yopirilgan qum bo‘roni haqida ham fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri ortib bormoqda. Buni kuni kecha sodir bo‘lgan qum bo‘ronlari ham yana bir bor tasdiqladi. Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat tobora keskin tus olmoqda.

Shu borada biz Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim. 

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish borasidagi faoliyatimizni jadallashtirish kerak”, deydi Mirziyoyev.

Marosimda davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar haqida nutq so‘zladi.

“Xalqimiz talablarini inobatga olgan holda, biz Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdik va saylov jarayonida uni o‘ziga xos umumxalq muhokamasidan o‘tkazdik. Bu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, 2025 yilga borib oliy toifali o‘qituvchilarning maoshi 1000 dollarga yetkaziladi. Xuddi shuningdek, oliy toifali shifokorlar oyligi ham 1000 dollarga yetkaziladi.

Onlayn reytingda O‘zbekiston havosi eng iflos davlat deb topildi

Havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha onlayn reytingda O‘zbekiston Hindistonni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi. Datchiklar poytaxt – Toshkentning ifloslanish darajasini 492 AQI ko‘rsatgan.

Reytingda O‘zbekistondan keyin Hindiston, Xitoy, Qirg‘iziston va Meksika joy oldi. Gvatamela, Daniya, Gibraltar, Bruney-Darussalam va Islandiya mamlakatlariga esa so‘nggi o‘rinlar nasib qildi.

Yulduz Usmonovaning oilasi og‘ir judolikka uchradi

O‘zbekiston xalq artisti, "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibasi Yulduz Usmonova oilasida og‘ir judolik.  Xonandaning onasi Rahima aya Usmonova bugun, 6 noyabr kuni 95 yoshida vafot etdi. 

Rahima aya poytaxt Toshkentda istiqomat qilib kelayotgan edi. Marhuma ertaga, 7 noyabr kuni o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Marg‘ilon shahriga dafn etiladi. 

Olam

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori ogohlantirish berish uchun Moskvaga bordi

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns joriy haftada Moskvaga tashrif buyurgan. Bundan maqsad — Rossiyaga Qo‘shma Shtatlar Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegarasi yaqinida to‘planishini diqqat bilan kuzatayotganini tushuntirish bo‘lgan. 

Ta’kidlanishicha, AQSH razvedka agentligi rahbari Kremlning bu boradagi niyatlarini tushunishi kerak bo‘lgan. 

Qozog‘iston Bosh vaziri “Markaziy Osiyo – YeI” kengashini tuzishni taklif qildi

Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Mamin davlat organlari rahbarlari va biznes vakillari ishtirok etadigan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” biznes kengashini tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh vaziri matbuot xizmati Maminning Bishkekda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” birinchi iqtisodiy forumidagi nutqi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.  

“Bosh vazir “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” biznes kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi, unda ikki mintaqaning iqtisodiy bloklari vazirlari, biznes rahbarlari, shuningdek moliya institutlari, savdo-sanoat palatalari vakillari ishtirok etadi”, deyilgan xabarda. 

Saakashvili Gruziyada davlat to‘ntarishini rejalashtirayotgani aytildi 

Gruziyada sobiq Prezident Mixail Saakashvilini qo‘llab-quvvatlagan namoyishchilar davlat muassasalari binolarini to‘sib qo‘yishni rejalashtirmoqda. To‘ntarishga Gruziyaning qamoqdagi sobiq rahbari boshchilik qilmoqda. Bu haqda Gruziya Davlat xavfsizlik xizmati vakili Bacha Mgeladze ma’lum qildi.  

“Joriy yilning 6 noyabridan boshlab Rustavidagi 12-sonli jazoni ijro etish muassasasi yaqinidagi ayrim siyosiy guruhlar doimiy aksiyalar o‘tkazishni o‘ylab topdi. Bu yerga viloyatlardan partiyalarning tarafdorlari ham keladi. Bundan tashqari, Tbilisi shahrida norozilik aksiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, aksiya tashkilotchilari davlat muassasalari binolarini to‘sib qo‘yishni rejalashtirgan. Hokimiyatni zo‘ravonlik bilan ag‘darish maqsadida bo‘lgan bu harakatlar mahkum Mixail Saakashvili tomonidan rejalashtirilgan”, deydi Mgeladze. 

Zelenskiy oligarxlarga qarshi qonunni imzoladi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “oligarxlar” haqidagi qonunni imzoladi. Zelenskiy ushbu qonun yirik biznesning siyosatga ta’sirini cheklaydi deb hisoblaydi. 

Qayd etilishicha, qonun ijrosi ta’minlanganidan so‘ng, “oligarxlar”ning saylovlarda siyosiy partiyalar va nomzodlarni moliyalashtirishi, shuningdek, xususiylashtirishda ishtirok etishi taqiqlanadi.

AQSHda musiqa festivalida sakkiz kishi halok bo‘ldi

AQSHning Texas shtatidagi Astroworld musiqa festivalida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yuzlab odamlar turli darajadagi jarohatlar oldi. Bu haqda mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga tayanib xabar berilgan.  

Gap kecha, 5 noyabr kuni kechqurun Xyustonda bo‘lib o‘tgan yirik yillik konsert haqida ketmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘limga tiqilinch sabab bo‘lgan. Festivalga jami 100 ming chipta sotilgan. 

Shahar o‘t o‘chirish bo‘limi boshlig‘i Samuel Penaning tushuntirishicha, mahalliy vaqt bilan taxminan 21:15 da 50 ming kishilik olomon sahna oldiga yugura boshlagan va vahima paydo bo‘lgan. Oqibatda konsert to‘xtatilgan. 

Tashqi kuchlarni Suriya ishlariga aralashtirmaymiz – Si Szinpin 

Xitoy hukumati Suriyaga mamlakatni tiklash va COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda yordam berishda davom etish niyatida. 

“Xitoy Suriya tomoniga COVID-19 ga qarshi kurashda yordam berishda davom etadi, shuningdek mamlakatni o‘z rivojlanishini tiklashda qo‘llab-quvvatlaydi. Xitoy Suriya tomonining davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va milliy qadr-qimmatini himoya qilish bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va tashqi kuchlarning Suriyaning ichki ishlariga aralashish urinishlariga qat’iy qarshi chiqadi”, degan Si Szinpin.

Sport

Uyga xush kelibsan, Xavi – “Barselona”

“Barselona” Xavi Ernandes bilan kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, Xavi joriy mavsum yakuniga qadar va yana ikki mavsum “Barsa” bosh murabbiyi bo‘ladi. Bu haqda Kataloniya klubi matbuot xizmati xabar bergan.

Shartnomaga ko‘ra, “Barselona” Xavi bilan 2024 yilga qadar shartnoma imzoladi.

“Bu bo‘lishi kerak edi. Uyga xush kelibsan”, deb yoziladi xabarda.

“Barselona”ga qaytgan Xavi: “Bizni na durang, na mag‘lubiyat qoniqtiradi

Qatarning “Al-Sadd” klubi sobiq ustozi “Barselona” klubining bosh murabbiyi etib tayinlangan Xavi Ernandes Kataloniya jamoasi boshqaruviga kelgandan so‘ng, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Kamp Nou” har doim mening uyim bo‘lgan. “Barselona” muxlislari mening muxlislarim, mening xalqim, men bu klubni hamma narsadan ko‘ra yaxshi ko‘raman. Men qaytdim. Tez orada ko‘rishguncha, olg‘a, “Barselona!”, degan Xavi “Barselona” matbuot xizmatiga bergan intervyusida.

Maxachev chempionlik kamari uchun jangga kirishmoqchi

Rossiyalik mohir UFC jangchisi Islam Maxachev Den Xukerni mag‘lubiyatga uchratganidan so‘ng yengil vazn toifasidagi jangchilar reytingida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bu orqali u keyingi jangda kamarga da’vogarlik qilishga umid qilmoqda.

“Shanba oqshomi va dekabr oyida mening vazn toifamda ikkita muhim, faoliyatim uchun ahamiyatli jang bo‘lib o‘tadi. Yaxshi holatda menda keyingi jangimdayoq UFC kamari uchun oktagonga chiqish imkoniyati yuzaga keladi. Men anchadan beri bu kunni kutyapman. O‘tkazgan janglarim va qozongan g‘alabalarimdan kelib chiqib, chempionlik jangiga haqliman deb o‘ylayman”, deydi Maxachev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

347

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing