Qaroqchilar morglarga hujum qilgan – To‘qayev
Olam
−
10 yanvar 2022
17662Xalqaro terrorchilar Qozog‘istondagi tartibsizliklarda hokimiyatni qo‘lga olish maqsadida qatnashgan. Bu haqda mamlakat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev ma’lum qildi.
“Men terrorchilar, jumladan, xorijiy jangarilarning Qozog‘istonga qarshi tajovuzda bevosita ishtiroki haqida ishonch bilan gapiraman”, dedi To‘qayev bugun, 10 yanvar kuni KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlarining videokonferensiyasi chog‘ida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, “qaroqchilar tunda morglarga hujum qilgan va o‘lgan sheriklarining jasadlarini olib ketgan”. Bundan tashqari, ular jang maydonidan jangarilarning jasadlarini olib ketgan.
“Bu, kelib chiqishi ma’lum bo‘lgan xalqaro terrorchilarning amaliyoti, ular o‘z izlarini shunday yashiradi. Hududimizda hokimiyatni egallab olish bilan tartibsizlik zonasini shakllantirishning aniq rejasi bor”, degan To‘qayev.
Shuningdek, unga ko‘ra, jangarilarning Qozog‘istondagi harakatlari bir markazdan puxta rejalashtirilgan va muvofiqlashtirilgan.
“Buni viloyat hokimiyatlari, huquq-tartibot idoralari, tergov izolyatorlari, strategik ob’ektlar, banklar, teleminora va telekanallarga uyushtirilgan sinxron hujumlar ko‘rsatmoqda. Aeroportlar egallab olingan, avtomobil va temir yo‘llar to‘silgan, tez yordam va va o‘t o‘chiruvchi mashinalarga to‘siq qo‘yilgan”, degan u.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi