Izyumda yana ikkita ommaviy qabr topildi

Olam

image

Rossiya bosqinidan ozod qilingan Izyum shahrida yana ikkita ommaviy qabr topildi. Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy CBS telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

“Bugun men qo‘shimcha ma’lumot oldim. Yana ikkita ommaviy qabr topildi, yuzlab odamlar bo‘lgan katta qabrlar. Bilasizmi, gap kaftdek keladigan Izyum shahri haqida ketyapti. Kichik shaharchada yana ikkita ommaviy qabr bor. Mana, nimalar bo‘lyapti”, deydi u. 

Zelenskiy Rossiyaga qarshi sanksiyalarni adolatli deb atadi va dunyo Putin rejimiga qarshi sanksiyalarni qo‘llashda davom etishi kerakligini ta’kidladi. 

Izyumdagi ommaviy qabr

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyi o‘rtalarida Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Izyumda ham Buchada qilganlarini takrorlagani, shahardan ommaviy qabrlar topilganini aytib chiqdi. 

23 sentyabrga kelib, Milliy politsiya Bosh tergov boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sergey Panteleyev eksgumatsiya (jasad qoldiqlarini qabrdan olib tashlash – tahr.) jarayoni yakuniga yetayotganini, politsiya ommaviy qabrdan 427 nafar ukrainalik jasadini olib chiqqanini aytdi. Ularning 202 nafari ayollar, 189 nafari erkaklar va 5 nafari bolalar jasadi. Shuningdek, ushbu shahardagi ommaviy qabrdan 21 nafar ukrainalik harbiy xizmatchilarning jasadi topilgan.

Sentyabr oyi boshida Ukraina Qurolli kuchlari Xarkov viloyatida muvaffaqiyatli qarshi hujumni amalga oshirib, mintaqaning deyarli barcha bosib olingan hududlarini ozod qildi. 10 sentyabr kuni Ukraina Qurolli Kuchlari Izyumni bosqinchilardan ozod qildi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin ommaviy qabr Izyum

Baholaganlar

54

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing