Guterrish BMT Ukrainani urushdan qutqarib qololmaganini tan oldi
Olam
−
29 aprel 2022
9759Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining oldini olish va to‘xtatishga qodir emasligini tan oldi. Bu haqda Kiyevda Prezident Vladimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z bordi.
“Tushuntirishga ijozat bering. Xavfsizlik Kengashi bu urushning oldini olish va uni to‘xtatish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qila olmadi. Bu ommaviy hayrat, umidsizlik va g‘azabga sabab bo‘ldi. Lekin BMTning har bir vakili har kuni ukrainaliklar uchun, Ukraina tashkilotlari bilan yelkama-yelka ishlaydi”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, BMTning Ukrainadagi missiyasi juda tez tashkil etildi, biroq “hamma narsa a’lo darajada ishlamayapti”.
“Biz ko‘rsata oladigan har qanday yordam hozirgi ehtiyojlar oldida xira tortadi”, degan BMT Bosh kotibi va tashkilot ko‘proq harakat qilishiga ishontirgan.
Eslatib o‘tamiz, 28 aprel kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Kiyevga tashrif buyurdi va u yerda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Shuningdek, u Kiyev viloyatining bir muddat ruslar nazoratida bo‘lgan shaharlariga bordi.
Ukraina rasmiylari Guterrishning tashrifi davomida rus harbiylari Kiyev markaziga hujum uyushtirganini ma’lum qildi. Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kulebaning aytishicha, BMT Bosh kotibi poytaxtga tashrif buyurgan paytda Rossiya Kiyevga qanotli raketalar bilan zarba bergani “jirkanch vahshiylik”dir.
Bir kun oldin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga tashrif buyurgan Guterrishning o‘zi BBC sharhida bu o‘qqa tutilganidan “hayratda qolganini” aytdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi