Gavayidagi o‘rmon yong‘ini qurbonlari soni 90 kishidan oshdi
Olam
−
14 avgust 2023
2098AQSHning Gavayi shtatidagi Maui orolidagi o‘rmon yong‘inlarida halok bo‘lganlar soni 93 kishiga yetdi. Bu haqda kecha, 13 avgust kuni matbuot anjumanida shtat gubernatori Josh Grin ma’lum qildi.
Gubernator Josh Gringa ko‘ra, yong‘in oqibatida vayron bo‘lgan tarixiy Laxayna shahri xarobalarini o‘rganish hali yakunlanmagani sababli qurbonlar soni yana oshishi mumkin. Yong‘in oqibatida shahardagi 2200 ta bino vayron bo‘lgan, 850 gektar yer yonib ketgan. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha federal agentlik Laxaynani tiklash 5,5 milliard dollarga tushishini taxmin qilmoqda.
Shuningdek, Josh Grin Maui orolidagi o‘rmon yong‘ini AQSHda yuz yildan ortiq vaqt davomida sodir bo‘lgan eng halokatlisiga aylanganini aytgan.
Ayni paytda AQSH rasmiylari Maui orolidagi o‘rmon yong‘inining halokatli oqibatlarini bir qator omillar bilan bog‘lamoqda.
Ma’lumot uchun, yil boshidan beri AQSH, Turkiya, Gretsiya, Italiya, Jazoir kabi kabi mamlakatlarda o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ldi. Italiyada havoning isishi ortidan janubiy orollarda o‘rmon yong‘inlari, shimolda esa dovullar yuz berdi. Jazoirda esa o‘rmon yong‘inlari oqibatida 30 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Turkiyaning bir nechta viloyatlari ham o‘rmon yong‘inlari ichida qolgan bo‘lsa, Kanadada o‘rmon yong‘inlari oqibatida 9 million gektar hudud kulga aylandi. Olimlar iyul oyining birinchi o‘n kunligida rekord darajadagi issiq haftani qayd etdi. Shuningdek, O‘rta yer dengizi suvlarining harorati ham rekord darajada isidi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2023 yilda butun dunyo bo‘ylab ekstremal ob-havo hodisalari avvalgiga nisbatan ko‘proq sodir bo‘lishidan ogohlantirdi.
LiveBarchasi