Xorvatiyada o‘rmonlar yonyapti: minglab aholi evakuatsiya qilindi

Olam

image

Xorvatiyaning sayyohlik shahri Omishda kuchli shamol tufayli o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lib, mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi. Yong‘in oqibatida 36 kishi jarohatlangan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in joriy yilning 13 avgustidan 14 avgustiga o‘tar kechasi Omish shahri yaqinida boshlangan. Kuchli shamol tufayli alanga aholi yashash hududlariga va o‘rmonzorlarga tarqalgan. Yong‘in 1 000 gektardan ortiq maydonni qamrab olgan.

Jarohatlangan 36 kishi tez yordam xizmati tomonidan Omishdan 25 kilometr shimolda joylashgan Split shahridagi shifoxonalarga olib borilgan. Ulardan 14 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 7 kishining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.

Falokat tufayli Omishdan Splitgacha bo‘lgan bir nechta shaharda vaqtinchalik boshpanalar tashkil etilgan. Ularda bir kechada qariyb 1 000 kishi joylashtirilgan.

Xorvatiya yong‘in xizmati bosh qo‘mondoni Slavko Tuchakovichning aytishicha, alanga yo‘lida uchragan barcha narsani vayron qilgan va katta moddiy zarar yetkazgan.

14 avgust kuni ertalab yong‘in biroz pasaygan va ochiq alanga qolmagan. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga 286 nafar o‘t o‘chiruvchi, 90 ta maxsus texnika va 4 ta samolyot jalb qilingan. Shuningdek, asosiy sohil avtomagistralining bir qismi harakat uchun yopilgan.

Qayd etilishicha, yong‘inlar Xorvatiyaning sayyohlik mavsumiga ham xavf tug‘dirmoqda. Mutaxassislar Yevropa bo‘ylab issiq havo va qurg‘oqchilik o‘rmon yong‘inlari uchun qulay sharoit yaratayotganini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida tez tarqalayotgan o‘rmon yong‘inlari sababli favqulodda holat e’lon qilinishi ortidan 20 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing