Nyu-York qalin tutun ichida qoldi (video)
Olam
−
08 iyun 2023
7580Kanadada davom etayotgan kuchli o‘rmon yong‘inlari tufayli Nyu-York zich tutun bilan qopladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Keltirilishicha, Nyu-York meri Erik Adams aholini ochiq havoda sayr qilishni cheklashga chaqirgan. Maktablarning ochiq havodagi faoliyati ham bekor qilingan. Shuningdek, odamlarga niqobsiz ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilmoqda.
Meteorologlarning fikricha, hafta oxirigacha shaharlardagi havo sifati yaxshilanishi kutilmoqda.
Aytilishicha, Nyu-York shahri dunyodagi havo sifati eng yomon shaharlar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. IQAir xizmatiga ko‘ra, kecha bu ko‘rsatkich keskin yuqorilagan, hattoki bu borada yetakchi bo‘lgan Dehlini ham ortda qoldirgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil boshidan beri Kanadaning Kvebek provinsiyasida 400 dan ortiq o‘rmon yong‘inlari aniqlangan. Yil boshidan beri Kanada bo‘ylab 3,6 million gektar o‘rmonlar vayron bo‘lgan, shundan 200 ming gektardan ortig‘i Kvebekdadir. Ayni paytda viloyatda 160 dan ortiq o‘rmon yong‘inlari faol bo‘lib, ulardan 100 dan ortig‘i hali ham bartaraf etilmagan.
Yong‘in tutuni Kanada va AQSHning sharqiy qirg‘oqlari bo‘ylab tarqaldi. Havoning ifloslanishi haqida ogohlantirishlar Nyu-York va Konnektikutda e’lon qilingan. Pensilvaniya, Vermont va Nyu-Jersi shtatlarida ifloslanish darajasi yuqori bo‘lib, o‘pka-nafas yo‘llarida muammosi bor aholi uchun xavfli. Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni Minnesota, Viskonsin, Illinoy, Ogayo, Indiana, Kentukki va Virjiniya shtatlarining bir qismida ham havo sifatini pasaytirgan.
Rasmiylar agar yong‘inlar shu tezlikda tarqalishda davom etsa, Kanada tarixidagi eng yirik o‘rmon yong‘iniga aylanishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
LiveBarchasi