Fransiyada so‘nggi 80 yildagi eng yirik yong‘in sodir bo‘ldi
Olam
−
06 avgust 4269 2 daqiqa
Janubiy Fransiyada kuchli o‘rmon yong‘ini yuz bermoqda, unda bir kishi halok bo‘lgan, yana bir odam bedarak yo‘qolgan. Bu haqda “Le Parisien” xabar berdi.
Kecha, 5 avgust kuni Fransiyaning janubidagi Od departamentida katta o‘rmon yong‘inlari boshlandi. Kamida bir kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz kishi jarohatlangan, avtomobillar va binolarga zarar yetgan. Yong‘inni o‘chirishga 1800 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va mamlakatdagi barcha yong‘in samolyotlari jalb qilingan.
Yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da boshlangan. Kuchli shamol va quruq ob-havo sababli bir kecha-kunduzda olov O‘rta yer dengizi sohilidagi Korber mintaqasiga tarqalib, kamida 15 ming gektar maydondagi o‘simliklarni yo‘q qilgan.
Sen-Loran-de-la-Kabreris qishlog‘ida uyidan evakuatsiya qilishlariga qarshilik qilgan yoshi katta ayolning jasadi topilgan. Yana bir fuqaro bedarak yo‘qolgan, deb e’lon qilingan. Mahalliy ma’muriyatga ko‘ra, yana bir fuqaro og‘ir kuyish jarohatlari olgan, sakkiz odam yengil tan jarohati olgan.
Yong‘in kamida 25 ta turar-joy binosini yo‘q qilgan yoki shikastlagan. Ikki lager va yuzlab aholi evakuatsiya qilingan. Fransiyani Ispaniya bilan bog‘lovchi A9 avtomagistrali oralig‘idagi 75 km uzunlikdagi qism, shuningdek boshqa mahalliy yo‘llar bir necha soatga yopilgan. Yong‘in sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov boshlangan.
OAV ushbu yong‘inni bu yozgi Fransiyadagi eng kuchlisi deb atagan. Faqat iyun oyidan boshlab O‘rta yer dengizi sohilida 9 mingga yaqin yong‘in holati qayd etilgan. “Le Parisien” gazetasi esa Fransiya Ekologiya vazirligiga tayanib, bu yong‘inni 1949 yildan beri mamlakatdagi eng kattasi deb atadi. O‘shanda 80 ming gektar o‘rmon yonib ketgan edi.
2022 yilda esa Jirondada 30 ming gektar o‘rmon yongan edi, ammo bu bir nechta alohida yong‘inlar oqibatida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanadaning Manitoba provinsiyasining janubida sodir bo‘lgan yirik o‘rmon yong‘inlari oqibatida ikki kishi halok bo‘lgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr