Gretsiyada yong‘inni o‘chirayotgan ikki vertolyot to‘qnashib ketdi (video)
Olam
−
03 avgust 6331 2 daqiqa
Gretsiyada yirik o‘rmon yong‘inini o‘chirish ishlari vaqtida ikki yong‘in o‘chiruvchi vertolyot havoda to‘qnashib ketdi. Hodisa oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat yong‘in xizmati xabar qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, halok bo‘lganlardan biri Gretsiya, ikkinchisi Daniya fuqarosi bo‘lgan. Ikkinchi vertolyot ekipajidagi Gretsiya va Buyuk Britaniya fuqarolari esa omon qolgan. Hozirda to‘qnashuv sabablari yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Hodisa Afinadan shimoli-g‘arbiyda joylashgan Attika mintaqasidagi Psata hududida sodir bo‘lgan. Bu yerdagi yirik o‘rmon yong‘ini 100 dan ortiq uyni vayron qilgan. Yong‘in tufayli Kefaloniya sayyohlik orolidagi bir nechta aholi punktlari ham evakuatsiya qilingan.
Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, Beotiya viloyatida boshlanib Attikaga tarqalgan yong‘inga shamol elektr stansiyalaridan milliy elektr tarmog‘iga elektr uzatuvchi xususiy tarmoq simlaridan chiqqan uchqunlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ehtiyotsizlik gumoni bilan ikki nafar Gretsiya fuqarosi qo‘lga olingan, yana bir gumondor qidirilmoqda.
Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis ayrim holatlarda tabiat kuchi va ob-havo sharoitlari inson imkoniyatlaridan ustun kelishini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Fransiyaning Var hududida shamol yo‘nalishi o‘zgarishi tufayli yirik o‘rmon yong‘ini qiyin yetib boriladigan o‘rmonlarga tarqalgan. Karkasson shahri yaqinida esa yongan avtomobil sabab yangi yong‘in kelib chiqqan. Avtomagistral yopilgan va yaqindagi hayvonot bog‘i evakuatsiya qilingan.
Ispaniyaning markaziy qismida o‘tgan hafta o‘n minglab gektar maydonni qamrab olgan yong‘inlar asosan nazoratga olingan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda alanga qayta kuchaygan. Yevropaning bir qator davlatlari qurg‘oqchilik va suv sathining pasayishi oqibatlariga ham duch kelmoqda. Vengriyada Dunay daryosi suvi rekord darajada pasaygani sabab mamlakatdagi yagona atom elektr stansiyasi 40 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor ishini to‘xtatgan. Serbiyada ham Dunaydagi suv sathi 1985 yildan buyon eng past ko‘rsatkichga tushib, mamlakatning eng yirik gidroelektr stansiyasi ishlab chiqarish quvvati keskin kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropada bir necha kundan buyon o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Fransiya va Ispaniyadagi eng kuchli yong‘inlar fonida evakuatsiya qilinganlarning umumiy soni 300 ming kishidan oshgan edi.
Live
Barchasi