Gretsiyada ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlandi
Olam
−
16:39 199 2 daqiqa
Gretsiyada 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun loyihasi parlament tomonidan ma’qullandi. Taqiq 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Bu haqda ERT News xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasini faqat hukmron “Yangi demokratiya” partiyasi qo‘llab-quvvatlagan. PASOK partiyasi ovoz berishda betaraf qolgan, SYRIZA, “Gretsiya yechimi”, KKE, NIKI va “Ozodlik yo‘li” partiyalari esa hujjatga qarshi chiqqan.
Raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt vaziri Dimitris Papastergiu cheklovlarni zarur va samarali chora deb atagan. Uning bildirishicha, qonun Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga ham mos keladi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy tarmoq platformalari foydalanuvchilarning 15 yoshga to‘lgan yoki to‘lmaganini aniqlashi kerak bo‘ladi. Bunda “Kids Wallet” nomli ilovadan foydalanish mumkin. Ilova foydalanuvchining tug‘ilgan sanasi yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilmasdan, uning 15 yoshdan katta yoki kichik ekanini tasdiqlaydi.
Gretsiya davlat vaziri Akis Skersos bolalarni internetdagi xavflardan himoya qilishni ortga surib bo‘lmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi bo‘yicha munozaralar parlamentda 16 soatdan ortiq davom etgan.
Skersos Yevropa komissiyasi ham 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlash, 13–15 yoshdagilar uchun esa bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etish taklifini bildirganini eslatgan. U ota-onalar ham farzandlarini internetdagi xavflardan himoya qilishda faol ishtirok etishi kerakligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 noyabridan boshlab Turkiyada 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlanishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi