Erdo‘g‘an Zelenskiy va Guterrishga urushni tugatishning yagona yo‘lini eslatib qo‘ydi
Olam
−
19 avgust 2022
17609Turkiya va Ukraina Prezidentlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Vladimir Zelenskiy hamda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Lvovdagi uch tomonlama uchrashuvda Ukrainadagi mojaroga barham berishning ehtimoliy yo‘llarini muhokama qildi. Bu haqda kecha, 18 avgust kuni Turkiya yetakchisiga tayanib, CNN TÜRK telekompaniyasi xabar berdi.
“Uch tomonlama uchrashuvimizning asosiy mavzusi urush qanday tugashi edi”, deydi Erdo‘g‘an.
U mojaro muzokaralar stolida diplomatiya yo‘li bilan yakunlanishi kerakligiga va bu tinchlikka erishishning yagona yo‘li ekaniga ishonch bildirgan.
Muzokaralardan so‘ng Erdo‘g‘an, BMT vositachiligida g‘alla eksporti bo‘yicha tuzilgan ijobiy muhitdan Ukrainada mustahkam tinchlik o‘rnatish uchun foydalanish muhokama qilinganini aytgan.
“Uch tomonlama uchrashuvimizda Istanbul kelishuvini mustahkam tinchlikka aylantirish uchun qilinishi mumkin bo‘lgan ishlar haqida ham gaplashdik. Men xalqaro hamjamiyat diplomatik jarayonni tezlashtirish uchun ko‘proq harakat qilishi kerakligini ta’kidladim”, deydi Turkiya Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, 18 avgust kuni Lvovda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.
So‘ng Erdo‘g‘an va Zelenskiy ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun alohida muzokara o‘tkazdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi