Erdo‘g‘an va Guterrish Zelenskiyni Putinga yon berishga undadimi?

Olam

image

Turkiya va BMT Lvovdagi muzokaralarda Ukrainani Rossiya foydasiga yon berishga ko‘ndirishga urinmagan. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ma’lum qildi.

“Hech kim bizni Rossiya foydasiga qandaydir yon bosishga ko‘ndirgani yo‘q”, deydi Kuleba kecha, 18 avgust kuni o‘zining Facebook sahifasida e’lon qilgan videomurojaatida.

Avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Vladimir Zelenskiy va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muzokaralar chog‘ida Ukrainada vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusini ilgari surishi mumkinligi e’lon qilgandi.

Ma’lumot uchun, 18 avgust kuni Lvovda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. So‘ng Erdo‘g‘an va Zelenskiy ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun alohida muzokara o‘tkazdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing