ECOWAS’ning Nigerga bostirib kirish sanasi belgilandi
Olam
−
19 avgust 2023 9189 2 daqiqa
G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) Nigerdagi vaziyatga harbiy aralashuvi boshlanishining aniq sanasi belgiladi, biroq bu haqda hozircha e’lon qilinmaydi. Bu haqda hamjamiyatning tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha komissari Abdel Fatau Musah Gana poytaxti Akkra shahrida bo‘lib o‘tgan ECOWAS davlatlari Qurolli kuchlari bosh shtablari boshliqlarining yig‘ilishi yakunida ma’lum qildi.
“Harbiy yechim bizning afzal ko‘rgan variantimiz emas, lekin Nigerdagi harbiy xuntaning murosasizligi bizni shunday yo‘l tutishga majbur qiladi. Nigerda sodir bo‘layotgan voqealar mintaqadagi bir qator to‘ntarishlarning bir qismidir va biz ularga chek qo‘yishga harakat qilyapmiz”, degan Musah.
Unga ko‘ra, ECOWAS kuchlarining Nigerdagi vaziyatga aralashuvi qisqa muddatli bo‘ladi va bu mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni tiklashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 iyul kuni Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) Prezident Muhammad Bazumni qo‘lga olgandi. Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari, deb e’lon qildi. Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan. Bazum esa AQSH va jahon hamjamiyatiga mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashga yordam berish iltimosi bilan murojaat qildi.
Joriy yilning 30 iyul kuni G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) a’zolari Abujadagi sammitda Nigerdagi davlat to‘ntarishini qoraladi va isyonchilarga konstitutsiyaviy boshqaruvni tiklash uchun bir hafta muhlat berdi. Agar talab bajarilmasa, kuch ishlatish bilan tahdid qildi. Keyinchalik Nigerning Parijdagi elchisi ECOWAS’ga a’zo davlatlar Nigerda harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.
8 avgust kuni AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Nigerga tashrif buyurib, mamlakat Prezidentini hokimiyatdan chetlatgan isyonchilar vakillari bilan uchrashdi. Uning tashrifi muvaffaqiyatsiz bo‘lib, u Prezident Bazum bilan ham “Vatanni qutqarish milliy kengashi”ni boshqargan general Abdurahmon Chiani bilan uchrasha olmay ortiga qaytib ketgan.
Live
Barchasi