Turkiyadagi qonli isyonga 10 yil to‘ldi
Olam
−
15 iyul 3621 8 daqiqa
Bugungi kundan naqd 10 yil oldin – 2016 yil 15 iyul. Issiq yoz kuni o‘z nihoyasiga yetayotgandi, Turkiyada ko‘pchilik juma oqshomini do‘stlari yoki oilasi davrasida o‘tkazishga hozirlik ko‘rayotgan edi. Hech kim yana bir necha soatdan keyin mamlakatda nimalar sodir bo‘lishi mumkinligini xayoliga ham keltirmasdi. Aynan o‘sha tunda Turkiya tarixidagi eng yirik harbiy isyonlardan biri yuz berdi, ko‘chlalar qonga belandi. Quyida 250 dan ortiq begunoh odamning qoni bilan yozilgan o‘sha tarixiy kun haqida so‘z boradi.
Turkiya o‘tmishiga nazar tashlansa, 1960 yilning 27 may, 1980 yilning 14 sentyabr kunlari aynan harbiylar tomonidan davlat boshqaruviga qarshi to‘ntarish uyushtirilib, ular muvaffaqiyat bilan amalga oshirilganini ko‘rish mumkin. Ushbu tarix 2016 yilning 15 iyul kuni ham takrorlanishi mumkin edi. Isyon boshida nafaqat Turkiya, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda xayr-sahovatli ishlari, ilm tarqatish iddaosi bilan FETO terrorchilik tashkiloti va uning AQSHning Pensilvaniya shtatidan rahnamosi Fathulloh Gulen turgan edi.

Davlat to‘ntarishiga urinish 15 iyul kuni soat 22:00 boshlangan. Anqarada isyonchi harbiylar guruhi tomonidan davlat teleradiokompaniyasi “TRT” va Bosh shtab binosi qo‘lga olingan. Xuddi shu paytning o‘zida Istanbulda bir guruh askarlar Bo‘g‘ozichi va Fotih Sulton Mehmet ko‘priklari orqali harakatlanishni to‘sib qo‘ygan. 22:10 da yuzaga kelgan favqulodda vaziyat sababli Bosh vazirning Chanqaya qarorgohida Hukumat Bosh kotibi rahbarligida muvofiqlashtiruvchi markazi tashkil etilgan. Bir soatlardan keyin esa Bosh vazir Binali Yildirim “NTV” va “A Haber” telekanallari orqali jonli efirda harbiy to‘ntarishga urinish bo‘layotgani to‘g‘risida xabar bergan.

“Bu urinishlarning oldi olinadi. Bu voqeaning tashabbuskorlari eng og‘ir shaklda tovon to‘laydi”, degan o‘shanda Bosh vazir Yildirim.
Soat 23:24 da esa Anqara shahri Ko‘lboshi tumanida joylashgan Politsiya Maxsus operatsiya o‘quv markazida portlash ro‘y bergan.

Qoq yarim tunda, 00:01 da Marmaris shahrida ta’tilda bo‘lgan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Otaturk nomidagi Istanbul xalqaro aeroportiga qarab yo‘lga chiqqan. O‘sha daqiqalarda Anqara shahrining Yangi mahalla tumanida joylashgan Milliy xavfsizlik razvedkasi tashkiloti binosi harbiy vertolyotlardan o‘qqa tutilgan. Oqibatda binoning xavfsizlik xizmati xodimlari javoban o‘q otishni boshlagan.

Soat 00:13 da “TRT” binosini qo‘lga kiritgan harbiylar jonli efirda to‘ntarish haqida noqonuniy bayonotni taqdim etgan. Unda mamlakat boshqaruvi harbiylar tomonidan yo‘lga olingani, Hukumat ag‘darilgani aytilib, odamlardan vaziyat iziga tushmaguncha ko‘chaga chiqmaslik so‘ralgan. Mamlakat Prezidenti ma’muriy boshqarmasi mazkur bayonotning Qurolli kuchlarga aloqasi yo‘qligini va noqonuniy ekanini bildirgan. Ushbu noqonuniy bayonot e’lon qilingandan so‘ng, TURKSAT yo‘ldoshi “TRT” telekanalining efirini uzib qo‘ygan.

Oradan 13 daqiqa o‘tib, 00:26 da mazkur bayonotdan keyin Prezident Erdo‘g‘an CNN TURK telekanali orqali jonli efirda xalqni ko‘chalarga chiqishga da’vat qilgan va harbiy to‘ntarishga urinishga o‘z munosabatini bildirgan.

“Albatta, bu isyon ishtirokchilari xalqning milliy erkiga qarshidir. Ular – Qurolli kuchlardagi yoki boshqa davlat idoralaridagi bir guruh shaxslar bo‘lishiga qaramasdan, davlat qonunchiligi talablariga muvofiq kerakli darajada javobni olishadi”, degan o‘shanda Prezident.

Shundan so‘ng Prezident Erdo‘g‘anning da’vati va Din ishlari boshqarmasi boshlig‘ining topshirig‘i bilan Turkiyaning barcha hududlaridagi masjidlarda Azonlar aytildi. Shundan so‘ng, odamlar ko‘chaga chiqishni va isyonchi harbiylarga qarshilik ko‘rsatishni boshladi.

02:42 va 02:49 oralig‘ida Parlament binosiga ikki marta bomba tashlandi, oqibatda politsiya xodimlari va mansabdor shaxslar jarohatlandi. Yig‘ilishlar zalida bo‘lgan parlament raisi Ismoil Qahramon va deputatlar bombalar yomg‘iridan bunkerga yashirinishda.

Erta tongda, 04:42 da Prezident Erdo‘g‘an Marmaris shahrida tunagan mehmonxona vertolyotdan o‘qqa tutildi. Niqobli harbiylar vertolyotdan tushib, mehmonxonani qurshab oldi. Otishma jarayonida 5 ta politsiya xodimi yaralandi. Biroq Erdo‘g‘an 40 daqiqa oldin Istanbulga yetib borgan edi. Isyonchilar o‘z niyatiga yeta olmadi.

Soat 07:00 da Bosh Jandarmeriya binosi va Prezident saroyi joylashgan chorrahaga harbiy samolyotdan bomba tashlandi. Oradan 10 daqiqa o‘tib FETO tashkilotining 336 a’zosi hibsga olindi. Shuningdek, Fathulloh Gulenning terrorchilik tashkiloti a’zolari bo‘lgan 29 polkovnik va 5 general, Ichki ishlar vaziri Efkan Ali buyrug‘i bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Asir olingan Bosh shtab qo‘mondoni Hulusi Akar ozod qilindi.

Xalq ishonib topshirilgan hokimiyatni osonlikcha sotqinlar qo‘liga berib qo‘yishni istamadi. Tongda ko‘chalar, maydonlar qo‘lida turk bayrog‘ini ko‘targan vatanparvar erkak-u ayollar, yigit-qizlarlarga to‘lgandi. Dini, irqi, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar hamma Vatan uchun bir yoqadan bosh chiqardi.

Turkiya hukumati to‘ntarishga urinish uchun javobgarlikni Gulen harakati zimmasiga yukladi – uning asoschisi Fathulloh Gulen ko‘p yillar davomida AQSHda surgunda yashab, keyinchalik, 2024 yilda o‘sha yerda 83 yoshida vafot etdi. Bir vaqtlar u Erdo‘g‘anning eng yaqin ittifoqchilaridan biri hisoblanardi. Ular birgalikda Turkiya Qurolli kuchlarining siyosiy ta’sirini susaytirish va Erdo‘g‘an hokimiyatini mustahkamlashda hal qiluvchi rol o‘ynagan edi. Keyinchalik ularning ittifoqi parchalanib ketdi.

Hukumat Gulenni o‘nlab yillar davomida davlatni ichdan yemirish maqsadida o‘z tarafdorlarini sud tizimi, politsiya, armiya va boshqa davlat idoralariga joylashtirib kelganlikda aybladi. Gulenning o‘zi va uning tarafdorlari davlat to‘ntarishiga urinishga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytib keldi. Shunday bo‘lsa-da, muvaffaqiyatsiz yakunlangan isyondan keyin Turkiyada ushbu harakat bilan aloqador bo‘lgan ko‘plab yuqori martabali harbiylar hibsga olindi.

Bugungi kunda 15 iyul Turkiyada milliy bayram hisoblanadi. Sobiq Bosfor ko‘prigi hozirda isyon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “15 iyul shahidlari ko‘prigi” deb ataladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni 251 kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati tinch aholi vakillari hisoblanadi. Turkiyadagi ko‘plab ko‘chalar, maydonlar va maktablar ham bugungi kunda “15 iyul” nomini olgan.

Biroq ushbu kun faqat qurbonlar xotirasini eslash kunigina emas. U, shuningdek, chuqur siyosiy burilish davrini ham anglatadi. To‘ntarishga urinishdan keyingi yillarda Turkiya rasmiylari o‘z mavqelarini yanada mustahkamladi. Gulen harakati terrorchilik tashkiloti deb tan olindi va uning mamlakat bo‘ylab gumon qilingan tarafdorlari davlat apparatidagi ishidan chetlashtirildi.

Isyonga urinishdan olti kun o‘tib Turkiya parlamenti favqulodda holat joriy etdi. Dastlab u uch oyga mo‘ljallangan edi, biroq keyinchalik yetti marta uzaytirilib, 2018 yil 19 iyulda yakunlandi. Ushbu ikki yil davomida Prezident Erdo‘g‘an mamlakatni asosan favqulodda farmonlar orqali boshqardi – jami 32 ta ana shunday hujjat qabul qilindi.

Davlat apparatida keng ko‘lamli tozalash ishlari olib borildi. Davlat muassasalari va qurolli kuchlarning 125 mingdan ortiq xodimi ishdan bo‘shatildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda 390 mingga yaqin kishi Gulen harakati bilan aloqadorlikda gumonlanib, ushlangan. Ularning taxminan 113 ming nafari hibsga olingan. Bundan tashqari, 2761 ta muassasa, jumladan, maktablar, jamoat tashkilotlari, jamg‘armalar va ommaviy axborot vositalari yopildi. Davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etganlikda ayblanib, 4130 kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Siyosatshunos Ersin Kalayjio‘g‘lining fikricha, favqulodda holatning oqibatlari mamlakatda hali hamon sezilmoqda. Garchi u rasman 2018 yilda bekor qilingan bo‘lsa-da, uning amaliyoti “ma’lum ma’noda institutsionallashib ulgurdi”. Davlat o‘zgardi. Xususan, Prezident farmonlaridan keng foydalanish “o‘ta markazlashgan tuzilma” shakllanishiga olib keldi.

Kalayjio‘g‘lining fikriga ko‘ra, Turkiyada davlat boshqaruvi tizimi ham tubdan o‘zgardi. Ilgari o‘z professional standartlari va ekspertlik baholariga tayangan tizim, asosiy vazifasi siyosiy ko‘rsatmalarni bajarishdan iborat bo‘lgan ma’muriy apparatga aylandi.
Muxolifat partiyalari esa, o‘z navbatida, hukumatni tozalash ishlarida Gulen harakatiga qarshi kurash doirasidan ancha chiqib ketganlikda ayblamoqda. Ularning bildirishicha, Gulenning gumon qilinayotgan tarafdorlari bilan bir qatorda, amaldagi hokimiyatni tanqid qilgan shaxslar ham ishdan bo‘shatish va jinoiy ta’qiblarga duchor bo‘lgan.

Siyosiy jihatdan to‘ntarishga urinish, shuningdek, Erdo‘g‘anning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP)ning ultramillatchi Milliy harakat partiyasi (MHP) bilan yaqinlashishini tezlashtirdi. MHP ko‘magida hukumat 2017 yilda konstitutsiyaviy referendum o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Uning natijasi o‘laroq, Turkiya parlament boshqaruvi tizimidan prezidentlik tizimiga o‘tdi. Bosh vazir lavozimi bekor qilindi, prezidentning ijro etuvchi vakolatlari esa sezilarli darajada kengaytirildi. O‘shandan beri tanqidchilar yangi tizimni “bir kishilik rejim” deb atamoqda.

Kalayjio‘g‘li konstitutsiyaviy islohotni siyosiy rejimning tubdan o‘zgarishi deb tavsiflaydi. Uning baholashicha, mamlakatning siyosiy tizimi “neopatrimonial sultonizm”ga aylandi – bu davlat tuzilishi shakli bo‘lib, unda siyosiy hokimiyat asosan bir kishining qo‘lida to‘planadi va muhim qarorlar deyarli to‘liq prezidentga bog‘liq bo‘ladi.
Prezidentlik tizimiga o‘tish muxolifatning strategiyasini ham o‘zgartirdi. Prezident etib saylanish uchun ovozlarning mutlaq ko‘pchiligi talab qilingani bois, muxolif partiyalar saylovoldi ittifoqlari tuzishni va yagona nomzodlarni ko‘rsatishni boshladi. Ushbu taktika o‘z samarasini berdi: 2019 yildagi va yana 2024 yildagi mahalliy saylovlarda muxolifat mamlakatning ikki eng yirik shahri – Anqara va Istanbul merligi uchun saylovlarda g‘alaba qozondi.

Biroq ushbu muxolifatchi siyosatchilarning ko‘pchiligi keyinchalik o‘zlari ham jinoiy ta’qiblar yoki terrorchilikda ayblanish holatlariga duch keldi. Buning eng yorqin misollaridan biri – Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi deb ko‘riladigan Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘lidir. U saylovlardagi navbatdagi g‘alabasidan so‘ng jinoiy ta’qib ob’ektiga aylandi.
Live
Barchasi