Istanbulda qiyin ahvolga tushgan ona uch farzandi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
12:50 388 1 daqiqa
Kecha, 17 sentyabr kuni O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi ko‘magida og‘ir ahvolga tushib qolgan ona uch nafar farzandi bilan Turkiyadan O‘zbekistonga jo‘natildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayol mehnat qilish maqsadida Turkiyaga borgan, biroq bolalari bilan boshpanasiz va yordamsiz qolgan. Murojaat kelib tushishi bilan Bosh konsulxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda oziq-ovqat bilan ta’minlangan, zarur hujjatlarni rasmiylashtirib, O‘zbekistonga qaytish aviachiptasi olib berilgan.
Ayol aeroportda o‘zining va bolalarining taqdiriga befarq qolmagani, ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha alohida tashabbusi uchun Prezidentga, amaliy yordami uchun esa Migratsiya agentligi va Bosh konsullik xodimlariga chuqur minnatdorlik bildirgan.
“Istanbuldagi Bosh konsulxona xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga amaldagi qonunchilik doirasida konsullik-huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilishini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada qiyin vaziyatga tushib qolgan 597 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytarilgandi. Ular orasida 110 nafar ayol va 228 nafar voyaga yetmagan shaxs ham bor.
Live
Barchasi