“Bravo, afandim!” Erdo‘g‘an basketbol o‘ynadi (video)
Olam
−
17:25 899 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning basketbol o‘ynagani aks etgan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda ulashildi. Uzoq vaqtdan beri safdoshlaridan iborat jamoa bilan basketbol o‘yinlari o‘tkazib kelayotgan Erdo‘g‘an ishtirok etgan bellashuvlarda faxriy basketbolchilar ham kuch sinashmoqda. Bu haqda “Takvim” xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi kadrlarda Erdo‘g‘anning ham to‘plagan ochkolar, ham jamoadoshlariga bergan ko‘rsatmalari e’tiborni tortmoqda. Keskin va shiddatli kurashlarga boy o‘tgan o‘yinlardagi qiziqarli va samimiy muloqotlar ham videodan o‘rin olgan.
O‘yinlarda Erdo‘g‘andan tashqari Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Vedat Ishiqxon, Milliy razvedka tashkiloti (MİT) rahbari Ibrohim Qalin, sobiq vazirlar Mevlyut Chavusho‘g‘li va Mustafo Varank hamda Turkiya Basketbol federatsiyasi (TBF) Bosh koordinatori o‘rinbosari O‘mer Onan ishtirok etayotganini ko‘rish mumkin.
Videoda yashil jiletli jamoa sardori bo‘lgan Erdo‘g‘anning Turkiya Basketbol federatsiyasi Bosh koordinatori va sobiq milliy basketbolchi O‘mer Onanni ruhlantirgani ham joy oldi. Erdo‘g‘an o‘yin davomida Onanga: “Qani O‘mer, ochkoni qo‘lga kirit!” deya murojaat qilgan.
“TRT Haber” telekanali tomonidan e’lon qilingan videoda Turkiya Prezidenti maydon bo‘ylab faol harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. Kadrlarda Erdo‘g‘anning to‘pni savatga bir necha marta muvaffaqiyatli tashlaganini ko‘rish mumkin.
“Bravo, afandim!”, deydi uning aniq zarbalaridan so‘ng o‘yindagi jamoadoshdari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq afsonaviy sobiq NBA basketbolchisi, hozirda taniqli ekspert, tahlilchi va teleboshlovchi Shakil O’Nil Rajab Toyib Erdo‘g‘anga jarima uloqtirish musobaqasida kutilmaganda mag‘lub bo‘lgandi.
Live
Barchasi