Nigerning ag‘darilgan rahbari AQSHdan yordam so‘radi
Olam
−
04 avgust 2023
7142Nigerning hokimiyatdan chetlatilgan Prezidenti Muhammad Bazum AQSH va jahon hamjamiyatiga mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashga yordam berish iltimosi bilan murojaat qildi. Bu haqda “The Washington Post” yozdi.
“Men AQSH hukumati va butun xalqaro hamjamiyatni konstitutsiyaviy tuzumni tiklashimizga yordam berishga chaqiraman. Qashshoqlik va terrorizmga qarshi kurashda mazmunli muvaffaqiyatga erishishning yagona yo‘li umumiy qadriyatlarimiz, jumladan, demokratik plyuralizm va qonun ustuvorligiga hurmat uchun birgalikda kurashishdir”, deydi Bazum.
Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘ntarish tashkilotchilari va ularning mintaqadagi ittifoqchilarining ochiq taklifini hisobga olsa, butun markaziy Sahel viloyati “Vagner” guruhi orqali Rossiya ta’siriga tushishi mumkin.
“Afrikaning notinch Sahel mintaqasida Niger qo‘shni davlatlarimizni egallab olgan avtoritar harakatlar orasida inson huquqlariga hurmat tayanchi hisoblanadi. Bu to‘ntarish nigerliklar uchun fojia, ammo uning muvaffaqiyati bizning chegaralarimizdan tashqarida ham halokatli oqibatlarga olib keladi”, deydi Bazum.
Uning qayd etishicha, Nigerdagi xavfsizlik holati hokimiyatni qurolli egallash orqali o‘rnatilgan qo‘shni Mali va Burkina-Fasodagiga qaraganda ancha yaxshi.
Shuningdek, Prezident bu mamlakatlar rasmiylari xavfsizlik muammolariga o‘z salohiyatini kuchaytirish orqali javob berish o‘rniga, “Vagner” yordamiga murojaat qilayotganini gapirgan.
Niger rahbari ushbu murojaatni garovga olingan holda tayyorlaganini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) joriy yilning 26 iyul kuni prezident Muhammad Bazumni qo‘lga oldi. Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari, deb e’lon qildi. U to‘ntarishni korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish istagi bilan izohlagan.
Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan. Fransiya konstitutsiyaviy tuzumni tiklash va hokimiyatdan chetlatilgan prezident Bazumni hokimiyatga qaytarishga qaratilgan barcha mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
LiveBarchasi