“Zapret”ga tushgan Otajonov, “Tolibon”ga qarshi ochilgan urush va qo‘shnilarini “xurkitgan” KXDR – kun dayjesti
Jamiyat
−
19 Oktabr 2021 16350 5 daqiqa
Bugun, 19 oktyabr O‘zbekiston va xalqaro maydonda yuz bergan muhim voqealar bilan yakuniga yetmoqda. O‘zbekistonda qator qoidabuzarliklar uchun jarimalar kamaytirilayotgan bo‘lsa, Uzoq Sharqda KXDR qo‘shnilarini yangi raketa sinovi bilan vahimaga solyapti. Hokimiyatga kelganiga ko‘p bo‘lmagan "Tolibon" harakati Afg‘onistonda yangi partizanlik urushi bilan qarama-qarshi turibdi. Bugunning muhim voqealari bilan qisqa satrlarda tanishing.
Jamiyat
“Dom”larning yerto‘lasidan nima uchun foydalanish mumkinligi belilandi
Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 15 oktyabridagi qarori bilan Ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, yerto‘ladan foydalanish ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining roziligiga asosan amalga oshiriladi.
Yerto‘ladan joylar faqat yerto‘lada shug‘ullanilishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun beriladi. Bunday faoliyat turlari nizomda aniq belgilangan.
Besh turdagi huquqbuzarlik uchun jarimalar miqdori kamaytirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 5 ta moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik uchun tayinlanadigan jarimalar miqdori ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib keskin kamaytirilmoqda. Xususan, muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga kamaytirilyapti.
2022 yilda sohalarga qancha mablag‘ ajratish rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi
Davlat byudjeti loyihasida 2022 yilda ijtimoiy sohaga mablag‘ ajratilishining ustuvorligi ta’minlangan holda, ularning salkam 45 foizi ta’lim sohasiga yo‘naltirilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalariga hamma tadbirlarni va tarbiyalanuvchilar soni oshganligini inobatga olgan holda joriy yilga nisbatan 2,2 trillion so‘m ko‘paytirilib, 8,7 trillion so‘m, xalq ta’limiga 30,3 trillion so‘m yoki 6,5 trillion so‘m ko‘p, o‘rta maxsus va oliy ta’limga 7,5 trillion so‘m yoki 3,1 trillion so‘m ko‘p mablag‘ ajratilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan ma’lum qilinishicha, 2022 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 22,6 trillion so‘m yoki jami xarajatlarning 11 foizi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda go‘shtni import qilish vaqtincha QQSdan ozod etilmoqda
2021 yil 10 oktyabrdan 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda qator go‘sht, tirik hayvonlar va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarini, kartoshkani hamda muzlatilgan baliq mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kirish, ularni realizatsiya qilish qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Andijonda mast erkak shifokorni do‘pposladi
Joriy yil 17 oktyabr kuni Andijon viloyatida mast holatda tez tibbiy yordam shifokorini do‘pposlab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqqa olindi.
Jahongir Otajonovning O‘zbekistondan chiqishiga taqiq qo‘yildi
Joriy yilning 17 oktyabr kuni xonanda Jahongir Otajonov ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib, unda xorijga chiqishi uchun Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan taqiq qo‘yilganligi sababli, chetga chiqa olmaganligini bildirgan.
Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston muftiysi etib saylandi
Bugun, 19 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi, Toshkent shahri bosh imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan Nuriddin domla Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi.
Olam
Insoniyat taqdirini “bir hovuch” davlatlarga topshirib bo‘lmaydi – Erdo‘g‘an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an insoniyat taqdiri Ikkinchi jahon urushida g‘olib bo‘lgan “bir hovuch davlat”lar marhamatiga qarab qolmasligi kerakligini ta’kidladi.
“Insoniyat taqdirini Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan bir qancha davlatlar rahm-shafqatiga qoldirib bo‘lmaydi va qoldirmaslik kerak. Dunyo o‘zgarmoqda, diplomatiya, savdo, xalqaro munosabatlar tubdan o‘zgarmoqda, global xavfsizlik arxitekturasi o‘zgarmasligini tasavvur qilib bo‘lmaydi”, degan Erdo‘g‘an Angolaga tashrifi davomida ushbu davlat parlamentidagi chiqishida.
KXDR Yapon dengizi tomon raketa uchirdi
Bugun, 19 oktyabr kuni Janubiy Koreya harbiylari Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Yapon dengizi tomon noma’lum o‘q otgani haqida xabar berdi. Keyinchalik, ballistik raketa sinovdan o‘tgani aniqlandi.
Turkiyalik xaker Trampning veb-saytini buzdi
Turkiyalik deb taxmin qilingan xaker AQSHning sobiq Prezidenti Donald Trampning saytini buzdi va u yerda Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan videolavhani e’lon qildi.
Ahmad Mas’ud kuchlari “Tolibon”ga qarshi partizanlik urushini boshladi
Ahmad Mas’ud boshchiligidagi Afg‘oniston milliy qarshilik fronti Kapisa viloyatida “Tolibon”ga qarshi qurolli kurash boshlanganini ma’lum qildi.
Apple MacBook’ning yangi modellarini taqdim etdi
Kecha, 18 oktyabr kuni Apple Inc (AAPL.O) ikkita kuchli M1 MAX va M1 PRO chipli MacBook Pro modelini taqdim qildi. Ushbu MacBook Pro avvalgi Intel Corp (INTC.O) dan ancha farq qiladi.
Keksa diplomat lavozimidan ketadi. AQSHda Baydenning Afg‘oniston siyosati tekshiriladi
AQSH Davlat departamenti bosh inspektori Dayan Shou amerikalik diplomatlarning afg‘on sektoridagi faoliyatining bir qator toifalarini ko‘rib chiqishni boshlaydi.
Ta’kidlanishicha, bu tekshiruv birinchi navbatda Amerikaning Afg‘onistondagi diplomatik ishtirokini cheklash holatlariga, shuningdek hokimiyatga “Tolibon” harakati kelganidan so‘ng, mamlakatdan odamlarni favqulodda evakuatsiya qilishga tegishli.
Sport
Shahram G‘iyosov nima uchun havaskor boksga qaytgani ma’lum bo‘ldi
Boks bo‘yicha Osiyo va Jahon chempioni, Rio Olimpiadasi kumush medali sohibi Shahram G‘iyosov Jahon chempionati oldidan havaskor boksdagi raqiblari professional boksdagi chempionlik jangi haqida fikr bildirdi.
“Havaskor boksga o‘zimga tashlagan “chaqiruv”im qaytardi. Professional boksga o‘tganimdan keyin ko‘pchilik meni har tomonlama professional bo‘lib ketdi, deb aytmoqda. Maqsadim ham professional, ham havaskor boksda yuqori natijalar ko‘rsatish. Men o‘tgan vaqt davomida bekorga mehnat qilmaganim va qancha narsadan voz kechganimni ko‘rsatishim kerak. O‘z oldimga jonajon vatanimiz bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarish va oltin medal qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘ydim. Shuning uchun ham o‘zimga o‘zim “chaqiruv” tashladim” deydi G‘iyosov.
UEFA Yevro-2020 finalidagi tartibsizlik uchun Angliyani jazoladi
UEFA Londondagi “Uembli” stadionida o‘tgan Yevro-2020 finalida yuz bergan tartibsizliklar uchun Angliya terma jamoasini jazoladi.
Bahodir Jalolov nega JCHda ishtirok etmaydi?
O‘zbekiston boks terma jamoasi katta murabbiyi To‘lqin Qilichev Bahodir Jalolovning Jahon chempionatida ishtirok etmayotgani, Kuba terma jamoasi bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarning foydali tomonlari, Hasanboy Do‘smatov va Shahram G‘iyosovning tarkibga jalb qilinishi hamda hakamlik masalalari haqida ma’lum qildi.
Live
Barchasi