Bu yetarli emas – Zelenskiy Rossiyaga qarshi yana sanksiya so‘rayapti
Olam
−
11 mart 2022
8072Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina shaharlarini o‘qqa tutish 16 kundan beri davom etayotgani sababli Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yetarli emas deb hisoblaydi. Bu haqida u o‘zining navbatdagi murojaatida aytgan.
Zelenskiyning fikricha, Rossiya boshlagan urush uchun javob berishi kerak.
“Agar bu (Ukraina shahar va qishloqlarini o‘qqa tutish - tahr. ) davom etsa, demak, bu sanksiyalar paketlari yetarli emasligini anglatadi. Umid qilamanki, biz bu borada ishlayapmiz, bugun ham sheriklarimizdan yangi sanksiyalar qarorlari qabul qilinadi. Rossiya bu urushning badalini to‘lashi, har kuni to‘lashi kerak”, deydi davlat rahbari.
Prezident Ukraina Rossiyaga qarshi urushda burilish nuqtasini allaqachon bosib o‘tganini aytdi.
Uning fikricha, oldinga yagona yo‘l – g‘alaba qozonish.
“Yerimizni ozod qilishimiz uchun hali necha kun borligini aytish qiyin. Lekin biz buni uddalaymiz, deyishimiz mumkin. Chunki biz bunga intilamiz. Chunki biz allaqachon strategik burilish nuqtasiga erishdik, biz allaqachon maqsadimiz, g‘alabamiz sari intilyapmiz”, deydi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden Vashington Rossiyadan barcha turdagi energiya importiga taqiq qo‘yishini ma’lum qildi. AQSH Kongressining Vakillar palatasi 9 mart kuni Rossiyadan energiya resurslari importini taqiqlash va AQSH rasmiylari tomonidan Rossiyaning Jahon savdo tashkilotidagi (JST) ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
Shuningdek, 8 mart kuni dunyoning eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biri Shell Rossiya neft va gazidan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘xtatayotganini ma’lum qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi