Bolgariya 70 nafar rossiyalik diplomatni “shpion”likda aybladi
Olam
−
28 iyun 2022
4184Bolgariya Rossiyaning 70 nafar diplomati va elchixonasining texnik xodimlarini mamlakatdan chiqarib yuboradi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.
“Bolgariya 70 nafar diplomat va Rossiya elchixonasi texnik xodimlarini chiqarib yuborishga qaror qildi”, deyiladi Rossiyaning Sofiyadagi elchixonasi xabarida.
Bolgariya Bosh vaziri Kiril Petkovga ko‘ra, elchixona xodimlari josuslikda ayblangan.
"Xizmatlarimiz ularni asosan Rossiya maxsus xizmatlari bilan bog‘liq bo‘lgan va mamlakatimiz manfaatlariga zid bo‘lgan shaxslar sifatida aniqladi. Bolgariya manfaatlariga qarshi ishlagan har bir kishi ortiga qaytarib yuboriladi”, deydi Petkov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, diplomatlarni chiqarib yuborish rus xalqiga tajovuz emas.
“Shunchaki, xorijiy hukumatlar Bolgariyaning ichki ishlariga aralashishga harakat qilganda, bizda ularga qarshi turadigan aniq institutlar bor”, deydi Bolgariya Bosh vaziri.
Uning qayd etishicha, Rossiya elchixonasi xodimlari yakshanba kuniyoq Moskvaga qaytishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya aprel oyida Yevropa Ittifoqi, Bolgariya va Germaniyaning, may oyida esa Italiya va Ispaniyaning, iyun oyida Gretsiyaning Moskvadagi elchixonasi xodimlarini mamlakatdan chiqarib yubordi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi