BMT Rossiya hujumiga uchragan Zaporoje AESning taqdiridan xavotirda
Olam
−
05 mart 2022
7830Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) xodimlari va inspektorlarini zudlik bilan Ukraina yadroviy inshootlariga kirishini talab qildi.
BMT Xavfsizlik Kengashi kecha, 4 mart kuni Buyuk Britaniyaning iltimosiga binoan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Bu Ukrainadagi Zaporoje atom elektr stansiyasida ro‘y bergan voqea bilan bog‘liq.
“Ukraina atom elektr stansiyalarining xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlash uchun tegishli asos yaratish uchun barcha tomonlar XAEA bilan hamkorlik qilishi zarur”, deydi BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarlo so‘zlagan nutqida.
U Ukraina atom elektr stansiyalari xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi. ’
"Yadroviy ob’ektlar va muhim fuqarolik infratuzilmasi yaqinidagi harbiy amaliyotlar qabul qilinishi mumkin emas va bu o‘ta mas’uliyatsizlikning namoyishidir", deydi BMT vakili.
Rozmari DiKarloning so‘zlariga ko‘ra, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish butun Ukraina bo‘ylab zo‘ravonlik avj olgani, xususan, Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi shiddatli janglardan qattiq xavotirda.
"Ukraina shaharlari qamalda va hujumlar davom etmoqda", deydi u.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari 1986 yilda ukrainaliklar boshidan kechirgan Chernobil halokatini eslab, yangi fojianing oldini olishga chaqirdi.
“Bugun ushbu stansiyalarning xavfsizligini ta’minlashda davom etayotgan ukrainalik xodimlarning bardoshi va jasorati bugun tahsinga sazovor”, deydi DiKarlo.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 mart kuni Ukrainaning Zaporoje atom elektr stansiyasi jang maydoniga aylandi. AES xodimlarining ma’lum qilishicha, stansiyaga Rossiya Milliy gvardiyasining Checheniston bo‘linmasi harbiylari hujum qilgan. AES hududida yong‘in yuzaga kelgan. Hududda janglar bo‘layotgani sabab o‘t o‘chiruvchilar alangani bartaraf etolmagan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya harbiylarining Zaporoje AESga hujum boshlashi ortidan videomurojaat bilan chiqdi. U Yevropa yetakchilarini Energodar shahridagi atom elektr stansiyasida portlash xavfi yuzaga kelganidan ogohlantirib, bu yuz bersa, “Yevropaning oxiri” bo‘lishini ta’kidlagan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi