Qog‘ozda qolgan nogironlar huquqlari

Tahlil

image

2022 yildagi ma’lumotda 2-3 foiz aholisi nogiron bo‘lgan O‘zbekistonda bugungacha imkoniyati cheklangan fuqarolarning to‘siqlarsiz harakatlanishi ta’minlanayotgani yo‘q. Albatta, bu muammo nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham uchraydi. Lekin nogironligi bo‘lganlarni himoya qilish, ularning huquqlarini ta’minlash borasida turli xalqaro hujjatlarni qabul qilish, qonunlar ishlab chiqishda bizga yetadigani yo‘q.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi 47/3-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq har yili 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni sifatida dunyo bo‘ylab nishonlanadi.

Uning maqsadi - jamiyat hayotining barcha sohalarida nogironlar huquqlarini rag‘batlantirish, shuningdek, nogironlar muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilishdan iborat.

Mazkur sana jamiyatda tenglik va adolatni ta’minlash yo‘lida nogironlik masalalariga e’tibor qaratish uchun alohida bayram sifatida qabul qilingan. Bu nafaqat nogironligi bo‘lgan insonlar hayotini yaxshilash, balki butun jamiyat rivojlanishiga ham xizmat qiladi.

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imkoniyatlar

Jahon banki tadqiqoti natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonda rasman 2022 yilda 845,3 ming kishi yoki umumiy aholining 2,3 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar deb tan olingan. Bu haqda bankning mamlakatdagi vakolatxonasi bergan ma’lumotlarda so‘z boradi.

Uch va undan yuqori yoshdagi jami aholining 13,5 foizi nogironlikning ma’lum bir shakliga, 3,5 foizi esa nogironlikning og‘ir shakliga ega.

Nogironligi bor shaxslarning katta qismi qishloq joylarda yashaydi. Masalan, qishloqlarda 532 ming, shaharlarda esa 313,3 ming nogironligi bor shaxslar istiqomat qiladi. Bu borada eng yuqori ko‘rsatgich Navoiy (3,6 foiz) va Sirdaryo viloyatlari (3,1 foiz) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2,9 foiz) kuzatilmoqda.

Nogironlar to‘g‘risidagi qonunchilik 

O‘zbekiston Respublikasi “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil, 11 sentyabrda esa Senat tomonidan ma’qullangan. Ushbu hujjat nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ularga ijtimoiy hayotning barcha sohalarida ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Qonunning asosiy mazmuni quyidagilardan iborat:

  • Teng huquqlilikni ta’minlash: Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim, mehnat, tibbiy xizmatdan foydalanishi, madaniyat va sport sohasida teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi kafolatlangan.
  • Ijtimoiy muhofaza: Nogironlarga davlat tomonidan moddiy yordam, ijtimoiy xizmatlar va yashash sharoitlarini yaxshilash uchun chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
  • Tashkiliy va infratuzilma moslashuvi: Jamiyatning barcha infratuzilmalari, shu jumladan transport, bino va inshootlar nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirilishi talab qilingan.
  • Bandlikni rag‘batlantirish: Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ish beruvchilarga qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilishi belgilangan.
  • Nogironlar huquqlarini himoya qilish va monitoring qilish: Qonunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari buzilishining oldini olish hamda ushbu huquqlarni amalga oshirish bo‘yicha nazorat tizimi belgilangan.

Ushbu qonun BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga asoslangan va nogironlikni faqat tibbiy muammo sifatida emas, balki ijtimoiy masala sifatida hal qilishga qaratilgan.

O‘zbekistonda nogironlarga yaratilgan shart-sharoitlar:

  • 2022 yil 31 avgust kuni Nogironligi bo‘lgan shaxslarning faoliyat yuritishi uchun ish o‘rinlari va kasblarni moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar tasdiqlangan. Ular:
  • binolarda, har xil inshootlarda, kirish joylarida, kommunikatsiya xonalarida, ma’muriyat, madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish joylarida, ish joylarida, tibbiy xizmat ko‘rsatish xonalarida, sanitariya-maishiy xonalarda hammaboplikni, xavfsizlikni, hayot faoliyatiga mos keladigan me’yoriy sharoitlarini ta’minlash;
  • ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘sqinliksiz o‘z ish joyini topishi va mehnat funksiyalari bajarilishini ta’minlaydigan tiflotexnik belgilar va tuzilmalar bilan maxsus ish joyini jihozlash;
  • qo‘shimcha periferiyali jihozlar va funksional maqsadli elektron tiflotexnik vositalar yordamida vizual ma’lumotga ovoz berish va ko‘rish nazoratisiz mehnatni bajarish imkoniyatini ta’minlash;
  • maxsus ish joyini yozuv uchun bo‘rtma – naqsh-nuqtali va yassi bosmali harflar, shuningdek, toshqalam, daftarlar va yon daftarchalar, Brayl yozuvi uchun bosmali harf, tovushni yozuvchi va tovushni qaytadan tiklovchi asbob-uskunalar bilan jihozlash;
  • kompyuterda ishlashga mo‘ljallangan ish joyini yirik bo‘rtma – naqsh keskin farq qiladigan (kontrast) bosmali harf va Brayl bosmali harf (Brayl displey va Brayl klaviaturasi) bilan ta’minlash;
  • maxsus asbob-uskunali va dasturli vositalar, shuningdek, moslashtirilgan taktil displey va audiodispley (nutq sintezatori) yordamida monitor ekranida vizual ma’lumotga ovoz berish imkonini yaratish.

2024 yilda Adaptiv Sport Assotsiatsiyasi tashkil etilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari kengaytirildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini namoyish etishda paralimpiya sportchilari katta rol o‘ynamoqda. 2024 yilda Parij shahrida bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi tarixiy natijalarga erishib, umumiy reytingda 13-o‘rinni egalladi. Sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan ko‘plab oltin, kumush va bronza medallar nafaqat ularning shaxsiy yutug‘i, balki mamlakat sha’ni uchun katta g‘urur manbai bo‘ldi.

Jahonda nogironligi mavjud shaxslarga e’tibor

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining taxminan 15 foizi, ya’ni 1 milliarddan ortiq inson nogironlikka ega. Ularning aksariyati rivojlanayotgan davlatlarda yashaydi. Rivojlangan mamlakatlar nogironlarning hayot sifati va jamiyatdagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan bir qancha chora-tadbirlar ishlab chiqqan.

Yevropa Ittifoqi 2030 yilgacha ijtimoiy integratsiya strategiyasini ishlab chiqqan, AQSH “Nogironlar akti” orqali imkoniyatlar tengligini ta’minlashga urinmoqda, Kanada va Yaponiya inklyuziv ta’lim va zamonaviy texnologiyalar orqali nogironlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Skandinaviya davlatlari nogironlar bandligini rag‘batlantirmoqda, Fransiya esa transport va infratuzilmani nogironlar uchun moslashtirgan.

Nogironlar qutula olmagan muammolar

Albatta, bugungacha nogironligi bo‘lgan shaxslar qutula olmagan muammolar talaygina. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab nogironligi bor shaxslarning 50 foizdan ko‘prog‘i hali ham ta’lim va bandlik imkoniyatlaridan chetda qolmoqda. Bu holat ko‘pincha ijtimoiy stereotiplar va yetarli  bo‘lmagan xabardorlik natijasida yuzaga keladi.

Ijtimoiy stigma: Ba’zi jamiyatlarda nogiron shaxslar jamoat hayotiga kam jalb qilinadi va ular o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon eta olmaydi.

Inklyuziv infratuzilmaning yetishmasligi: Bir qator davlatlarda, jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlarda transport, jamoat joylari va ta’lim tizimi hali ham nogironlar uchun to‘liq moslashtirilmagan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda jamoat transporti nogironligi bor shaxslar uchun to‘liq moslashtirilmagan. To‘g‘ri, metroning tashqi tomondagi zinalarida nogironlar aravachasi uchun mo‘ljallangan qurilmalar bor, ammo shunga paradoks ravishda metroning ichki tomonidagi zinalarda bunday qurilmalarni qidirib ham topolmaysiz. Metro xodimlaridan so‘rasangiz, nogiron odamni ko‘tarib olib tushish kerak degan javobni olasiz. Ya’ni nogiron odam o‘z-o‘zini eplab, bemalol harakatlana olish imkoniyati yo‘q. Ko‘z ojiz insonlar esa yonida sherigisiz nafaqat avtobus yoki metroda, balki ko‘chada ham erkin harakatlana olmaydi.

Jamoat transportida ko‘z-ko‘z uchun  o‘rnatilgan ayrim qurilmalar esa qog‘ozdagi qonunlarning amaldagi “bezagi” qilib ishlangan.

Jamoat transportlari takomillashib, 12 metrli elektrobuslar-u 18 metrli “garmoshka”lar poytaxt ko‘chalarida ko‘payib qoldi. Ularda nogironligi bor shaxslar uchun katta qulayliklar bor. Ammo bu endi O‘zbekistonda “otaxon” avtobuslar yo‘q degani emas. Yurtimizning aksariyat chekka hududlarida aynan eski turdagi avtobuslar yuradi va yuqorida ta’kidlangan statistik ma’lumotga ko‘ra nogironligi bor shaxslar aynan qishloq joylarda ko‘p. “Otaxon” avtobuslarda ular uchun mutlaq sharoit yo‘q.

O‘zbekiston nogironlar uyushmasi va “Inklyuziv hayot” nodavlat notijorat tashkiloti Toshkent shahridagi bir qancha turistik, tarixiy va diqqatga sazovor joylarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida monitoring o‘tkazgan.

Monitoring chog‘ida barcha ob’ektlarda ko‘zi ojizlar uchun taktil yo‘laklar yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘pgina ob’ektlarning kirish qismida to‘siqlar mavjud yoki eshiklar tor va tor panduslar nogironlar aravachasidan foydalanadigan odamlarning bino ichiga kirishiga imkon bermasligi, ko‘pgina muzeylar, mehmonxonalar va diniy majmualarda panduslar, taktil yo‘laklar, liftlar va moslashtirilgan hojatxonalar yo‘qligi, avtoturargohlarda nogironlar uchun maxsus joylar yetishmasligi, kirish joylari ko‘pincha zinapoyalardan iborat bo‘lib, nogironlar aravachasida harakatlanishni qiyinlashtirayotgani aniqlangan.

Ta’limdagi tenglikning yo‘qligi: Xorijiy OAVlarning yozishicha, dunyo bo‘ylab nogiron bolalarning 40 foizga yaqini maktabga bormaydi. Bunga sabab rivojlanayotgan mamlakatlarda nogiron bolalar uchun maxsus moslashtirilgan o‘quv dasturlari mavjud emas.

Misol sifatida O‘zbekistondagi maktablarni ham olish mumkin, aynan O‘zbekistonda ham imkoniyati cheklangan O‘zbekiston fuqarolari hech qanday to‘siqsiz o‘qishi mumkin bo‘lgan maktab yoki OTMlar mavjud emas. Borlari ham aholi soniga nisbatan juda kam.

Shuningdek, ularning ish topishi, ro‘zg‘or tebratishida ham bir qancha muammolar bor. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, nogironligi bor shaxslarning atigi 30 foizi rasmiy mehnat bozorida faoliyat yuritadi. Bu, asosan, ish joylarining moslashtirilmagani yoki ish beruvchilarning salbiy munosabati bilan bog‘liq.

O‘zbekistondagi deyarli hech qaysi korxona yoki tashkilotda nogironligi bor shaxslar uchun sharoitlar yaratilmagan. Buni bilish uchun shunchaki binolarning zinalariga razm solish kifoya.

Bugungi kunning achchiq haqiqatlaridan biri shundaki, dunyo miqyosida davom etayotgan urushlar va qurolli mojaro oqibatida minglab insonlar nogironga aylanmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar tinch aholiga jiddiy zarar yetkazib, ularning jismoniy va ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilmoqda. Urushlar oqibatida paydo bo‘layotgan yangi nogironlar soni nafaqat insoniy, balki iqtisodiy va ijtimoiy inqirozni ham kuchaytiryapti.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning hamma bilan teng ekani aytilgani bilan, aslida unday emasligi hech kimga sir emas. Buni bilish uchun istalgan binoning zinapoyalariga qarash, jamoat transportidan aravachada foydalanib ko‘rish kifoya.

Ularning ham huquqlari teng deb faqat qog‘ozda qolishi uchun qabul qilingan qonunlar amalda ishlamas, imkoniyati cheklangan fuqarolar har yerda siz va biz kabi to‘siqlarsiz harakatlanmas ekan, mamlakatda hamma teng huquqli deb balandparvoz gaplarni aytishdan foyda yo‘q.

Iroda Mirvohidova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston BMT Nogironlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing