Bayden ertaga Zelenskiy bilan uchrashadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden ertaga, 12 iyul kuni Litva poytaxti Vilnyusdagi NATO sammiti doirasida Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Bu haqda CNN o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur uchrashuv birdamlik belgisi sifatida baholanmoqda. Boisi, shu paytagacha Zelenskiyning undagi ishtiroki so‘roq ostida bo‘lib turgandi. Vilnyus sammitida muhokama qilinadigan asosiy mavzular Ukraina urushi hamda ushbu mamlakatning NATOga a’zo bo‘lish istiqbollari bo‘ladi. Shuningdek, Ukrainaning qarshi hujumini qo‘llab-quvvatlash uchun uni yangi qurollar bilan ta’minlashga ham e’tibor qaratiladi.

Zelenskiy sammitda qatnashishi kecha, 10 iyul kuni ma’lum bo‘ldi. Ukraina rahbari, o‘zi ta’kidlaganidek, Vilnyusga “o‘yin-kulgi” uchun bormoqchi emas. U Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishi uchun aniqroq yo‘l izlayapti.

“NATO Rossiyadan qo‘rqmasligini aytish muhim xabar bo‘lardi. Ukraina NATOda bo‘lmagan taqdirda ham aniq xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak. Faqat shunday sharoitda uchrashuvimiz mazmunli bo‘lardi, aks holda bu boshqa siyosat”, deydi Zelenskiy ABC telekanaliga bergan intervyusida.

Biroq, AQSH va Germaniya Ukrainaning ayni paytda, Rossiya bilan mojaro davom etayotgan sharoitda Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishini istamayapti. Xususan, AQSH Prezidenti Jo Bayden Vilnyus sammitida qatnashish uchun Yevropaga uchib ketishidan oldin CNN muxbiri Farid Zakariya bilan suhbatda Ukrainaning hozir NATOga qo‘shilishi alyansni Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga yetaklashini aytdi. Germaniya kansleri Olaf Shols ham shu fikrda. Ushbu ikki davlat NATO sammitida Ukrainaning tashkilotga a’zo bo‘lish tashabbusini bloklamoqchi. AQSH, shuningdek, Ukraina uchun boshqa, “Isroil modeli”dagi xavfsizlik kafolatini taklif qilyapti.

Bundan tashqari, Ukraina bilan bir paytda Shvetsiyaning ham NATOga a’zolik bo‘yicha uzoq kutilgan jarayoni boshlandi. Shu paytgacha bu bo‘yicha qarorga veto qo‘yib kelgan Vengriya va Turkiya ham nihoyat uning alyansga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Zelenskiy va Bayden so‘nggi bor Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tkazilgan G-7 sammitida uchrashgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Zelenskiy Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing